Ma’ruzalar matni



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə7/22
tarix07.01.2024
ölçüsü1,1 Mb.
#202472
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   22
ma\'ruza (1) (1)

ASOSIY ADABIYOTLAR
Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma'naviyat, 2008.
«Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor». O‘zAS gaz.2009 yil, 3 iyul.
Karimov N., Mamajonov S., Nazarov B., Normatov U., Sharafiddinov O. XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi. Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. T., "O‘qituvchi" nashriyoti. 1999.
Sanjar Sodiq. Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi. Darslik. T., "Universitet", 2005.
Qo‘shimcha adabiyotlar:
H. Olimjon. Mukammal asarlar to‘plami. O‘n tomlik. 2 – 8 tomlar.-T.: Fan, 1980, 1984.


MAQSUD SHAYXZODA HAYOTI VA IJODI


Reja
M.Shayxzoda hayoti va ijodi. Shoiming 30-yillar she’riyati. Tragediyada zohiriy va botiniy konflikt. Dramatik asarlarida tarixiy shaxslar talqini. Urush yillariga xos jangovor lirika. “Toshkentnoma” dostonining badiiy talqinlari. Shayxzoda-yirik adabiyotshunos olim, mohir pedagog sifatida.
Kalit so‘zlar: "Ozarbayjon", "Ganja", "O‘zbekistonga surgun", "Izlar", "Kurash nechun?", "Kapitan Gastello", "Shoir qalbi dunyoni tinglar", "Boqiy dunyo", "Xiyobon", "Toshkentnoma", "Mirzo Ulug‘bek", "G‘azal mulkining sultoni", "25 yilga surgun", "O‘zbekiston xalq shoiri".
MAQSUD SHAYXZODA (1908-1967)
Maqsud Shayxzoda XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga sezilarli hissa qo‘shgan iste’dodli shoir, dramaturg, adabiyotshunos olim, tarjimon va mohir pedagogdir.
U 1908 yilning 25 oktyabrida Ozarbayjonning mashhur Ganja viloyatidagi Oqtosh shahrida tabib oilasida dunyoga kelgan. Millati ozarbayjon bo‘lgan bu yigit 1921-1925 yillarda Bokudagi Dorulmualliminda Abdulla Shoiq, Husain Jovid kabi mashhur shoirlardan ta'lim olgan. So‘ng Dog‘istondagi Darband, Bo‘ynoq shaharlarida o‘qituvchilik qilgan hamda Boku Pedagogika institutining sirtqi bo‘limini tugatgan. O‘sha yillari Shayxzoda ba'zi qarashlari uchun nohaq ravishda millatchilikda ayblanib, 1928 yilda Toshkentga surgun qilinadi va umrining oxirigacha shu yerda qolib ketadi. O‘zbekistonda Shayxzoda Narimonov nomli maktabda dars berdi, "Sharq haqiqati", "Qizil O‘zbekiston", "Yosh leninchi" gazetalarida ishladi. 1933-1935 yillarda u O‘zbekiston Fanlar Komiteti aspiranturasida o‘qidi, so‘ngra til va adabiyot institutida ilmiy xodim (1935-1938 yillar) sifatida tadqiqot ishlari olib bordi. 1938 yildan to umrining oxirigacha Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutida o‘zbek adabiyoti tarixidan dars berdi.
Maqsud Shayxzoda Ozarbayjondalik chog‘idayoq badiiy ijod sohasida mashqlar qila boshlagan bo‘lib, 1921 yilda "Kommunist" gazetasida "Qizil askar qo‘shiqi" sarlavhali birinchi she’ri bosilib chiqqan edi. 1923 yili ozarbayjon tilida uning "28 aprel inqilobi" dramasi nashr etilgan bo‘lib, havaskorlar tomonidan sahnaga qo‘yilgan, lekin badiiy jihatdan zaif bo‘lganligi uchun keyinchalik biron marta ham qayta bosilmagan edi. 1927 yilda Shayxzodaning Ozarbayjondagi "Maorif va madaniyat" jurnalida "Narimon haqinda xalq masali" degan ilk dostoni e’lon qilingan bo‘lib, u yosh shoirning hayotni kengroq ko‘lamda qamrab olishga intilayotganligidan, izlanishlar jarayonini boshidan kechirayotganligidan dalolat berardi.
Toshkentda Shayxzoda o‘z ona lisoniga juda yaqin bo‘lgan o‘zbek tilida ijod qila boshlaydi hamda badiiy adabiyot olamidagi izlanishlarini davom ettiradi. Shu izlanishlarning dastlabki samarasi sifatida 1929 yilda "Sharq haqiqati" gazetasida Shayxzodaning "Traktor" deb atalgan o‘zbek tilidagi birinchi she’ri bosilib chiqadi. Bu she’r badiiy jihatdan zaif bo‘lsa-da, yosh shoirning o‘z oldiga inson mehnatini ulug‘lash uchun munosib tashbehlar topishga intilishdek ezgu maqsad qo‘yganligidan guvohlik berar edi. Shundan keyin birin-ketin yosh shoir Maqsud Shayxzodaning she’riy kitoblari nashr etiladi. Ular jumlasiga "Loyiq soqchi" (1932), "O‘n she’r", "Undoshlarim" (1933), "Uchinchi kitob" (1934), "Jumhuriyat" (1935), "O‘n ikki", "Yangi devon" (1937), "Saylov qo‘shiqlari" (1938) she’riy to‘plamlari kiradi. Mazkur kitoblardagi she’rlarida Shayxzoda rus mumtoz poeziyasidan, ayniqsa, V.V.Mayakovskiy ijodidan ta'sirlanib, o‘zbek adabiyotida erkin vaznni qo‘llay boshladi hamda rus va sharq she’riyati an’analarini chambarchas chatishtirib yuborishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada, hayotda erishilayotgan yutuqlar, o‘lkamizning go‘zal tabiati, oddiy odamlarning kundalik tashvishlari, mehnati va muhabbati masalalari Shayxzoda she’rlaridan katta o‘rin ola boshladi. Ayniqsa, Shayxzoda o‘zbek kishisining boy ma'naviy dunyosini o‘ziga xos, takrorlanmas ranglarda ochib berishga intildi. Uning she’rlarida jo‘shqin publitsistik ruh falsafiy teranlik bilan qo‘shila boshladi. Dastlabki to‘plamlarga kirgan she’rlarning aksariyati davr va siyosat bilan boqlanganligi, zamon ruhi ufurib turganligi, qofiya hamda vaznda g‘alizliklari borligiga ko‘ra ajralib ko‘zga tashlanar edi. Bunga iqror bo‘lmoq uchun "Jumhuriyat" she’ridan quyidagi misralarni o‘qish kifoya:
Burjua oynagidan ko‘zing albatta,
Sayr etarkan, rostlikni chetda.
Biz yasagan inqilob kurradan katta...
Sevgili jumhuriyat oltin kabi joy
Eng Ulug‘ boyonlardan ming marta biz boy!
Ilk kitoblaridagi she’rlarida Shayxzoda hali go‘yo o‘ziga mos uslub, ovoz qidirardi, shuning uchun ham ayni bir so‘zni yoki tashbehni qayta-qayta qo‘llar, mashqdan-mashqqa ko‘chirardi. Bunga iqror bo‘lmoq uchun "Yulduzlarga bo‘ldim hamsoya" she’ridan quyidagi misralarni o‘qish mumkin:
Uch Vatan, uch Vatan,
Yashin kabi tez,
Ilonlar boshini
Yashin kabi ez!
Uning dastlabki kitoblarida hali izlanishlar davom etayotgani shunda ko‘rinardiki, shoir o‘ziga yoqib qolgan tasviriy vositalarni, timsollarni she’rdan-she’rga ko‘chirar yoki ayni bir asarning o‘zida qayta-qayta takrorlar edi. Buning misoli "Vatan" she’rida uchraydi:
Yondirmoqchi bo‘laman labimdagi
Papirosni Osiyo quyoshidan, -
Xuddi shu timsolni yosh shoir "Yurtim" she’rida mana bu tarzda takror qo‘llaydi:
Bunga fayz yog‘dirar sendagi otash,
Sendan papirosni tutatay yo‘ldosh.
30-yillarda Shayxzoda ko‘plab dostonlar yaratib, o‘sha davr ruhini, siyosiy vaziyat haroratini o‘zicha ifodalashga urindi. Bunday asarlar jumlasiga "O‘rtoq mulk", "Chiroq", "O‘rtoq", "Meros", "Tuproq va haq" singari dostonlar kiradi va shoirning mazkur janrda jiddiy muvaffaqiyatga erishmaganligidan dalolat beradi.
Maqsud Shayxzodaning ijodiy izlanishlari urush yillari birmuncha yaxshiroq samaralar berdi, ya'ni uning badiiy jihatdan muvaffaqiyatliroq asarlari tug‘ilishiga olib keldi. Urush yillari Shayxzodaning "Kurash nechun?", "Jang va qo‘shiq", "Ko‘ngil deydiki" kabi she’riy to‘plamlari, "O‘n birlar", "Jenya", "Uchinchi o‘qil" dostonlari e’lon qilindi. Ularda shoir inson ruhiy dunyosiga chuqurroq kirishga va dushmanga nafrat hamda Vatanga muhabbat tuyg‘ularini ta'sirchan shakllarda ifodalashga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shunday ifodaning yorqin namunasi sifatida Shayxzodaning "Kurash nechun" she’rini eslash kifoya:
Ertaning iqboli kechadan bazo‘r,
Bu kundan kechamas erta tug‘ilar.
Shu uchun, shu uchun muqaddas kurash,
O‘g‘ri pachoqlangach, dermiz: "Bas, kurash!"
Zafarning nash'asin totigan erlar:
"Erk desang, urushda yengib chiq!" - derlar!
Shu kabi she’rlar, mashhur tarixiy shaxs Yo‘ldosh Oxunboboyev haqidagi "Oqsoqol" dostoni Shayxzodaning urush yillari izlanishlar pallasidan o‘tib, haqiqiy ijod yo‘liga kirganligidan guvohlik berar edi. Uning badiiy adabiyotdagi eng qiyin janr hisoblanuvchi dramaga murojaat qilib, urush yillari "Jaloliddin" pesasini yaratishi ham xuddi shu xulosani tasdiqlardi. Shayxzodaning ilk dramasi o‘z vaqtida g‘oyaviy jihatdan qoralangan edi. Tanqidchilikda mazkur asarda Jaloliddin siymosi ideallashtirilganligi qoralanib, muallifga nohaq ayblar qo‘yilgandi. Xalqning mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashi manzaralarini gavdalantiruvchi "Jaloliddin" dramasida aslida g‘oyaviy xatolar yo‘q edi. Faqat bu pesa badiiy jihatdan mukammal emas edi, chunki undagi ko‘pchilik voqealar xususan, Jaloliddinning singlisiga aloqador syujet chizig‘i dramaning asosiy yo‘nalishiga, ruhiga muvaffaqiyatli ravishda chatishtirib yuborilmagandi. Bunday nuqsonning bo‘lishi tabiiy edi, albatta, chunki mazkur asar muallifning dramaturgiya sohasidagi ilk tajribasi hisoblanardi.
Endi ijodning haqiqiy yo‘liga kirgan vaqtlarda, ya'ni urushdan keyin Shayxzoda hayotida fojiali voqealar yuz berdi. 1952 yil sentyabr oyida Shayxzoda qamoqqa olinadi. Unga asarlarida aksilinqilobiy g‘oyalar mavjudligi, o‘zi esa shunday yashirin tashkilot yetakchisi degan ayb qo‘yildi. Bu aybnomaga o‘sha davrning hammaga ma'lum va mashhur bo‘lgan 12 ziyolisi shohidlik beradi. Oqibatda Shayxzodani xalq dushmani sifatida Toshkent viloyat sudi 25 yil qamoq jazosiga, uni o‘tagach, 8 yil fuqarolik huquqidan mahrum etishga hukm qiladi. Stalin o‘limidan keyin hayotda yuz bergan o‘zgarishlar bilan bog‘liq holda Shayxzoda 50-yillarning o‘rtalarida qamoqdan qaytib keladi va ijodida yangi, ya'ni yetuklik bosqichi boshlanadi. Endi u g‘oyaviy-badiiy jihatdan ancha mukammal asarlar yaratish pallasiga kiradi. Xuddi shunday yetuklik davri boshlanganligidan guvohlik beruvchi asarlar sifatida uning "Yillar va yo‘llar" (1961), "She’rlar" (1964), "Xiyobon" (1967) kabi she’riy to‘plamlari bosilib chiqadi. Bu kitoblarga kirgan she’rlarning asosiy xususiyati shunda ediki, ularda shoirning hayot, zamon, inson, san’atkor haqidagi falsafiy qarashlari, o‘ylari teranlashgan edi:
Koshki edi qo‘shig‘im bir piyola suv bo‘lsa,
Chanqoqini bosgali yo‘lovchiga tutilsa!
Shunday qo‘shiq sanalgay safarning qatnovchisi,
Shunday shoir bo‘lolgay go‘zallik yalovchisi!
Xuddi shu xususiyatni shoirning "Toshkentnoma" nomli dostonida (1958 yil) ham yaqqol ko‘rish mumkin. Unda muallif ko‘proq Toshkent shahrini madh etsa-da, asosiy e’tiborini shu yerda yashovchi kishilar ruhini, o‘y-kechinmalarini ochishga, hayotning mohiyati, yashashning mazmuni to‘g‘risidagi falsafiy fikrlarini ifodalashga qaratgan edi:
Har qachon, har qayda deyilsa "Toshkan",
Degaysan yozlarga yozlar tutashgan,
Ha, "Toshkan" deyilsa, esga kelar yoz...
Ha, "Toshkan" deyilsa, quyosh esda shay.
Quyoshki, umrzoq avlodga damsoz,
Bu yerda hamma der: - "Quyoshcha yashay"...
Shaharlar boqiydir, umr - o‘tkinchi,
Daryolar sobitdir, suvlar - ko‘chkinchi.
Ijodining yetuklik davrida, aniqrog‘i, 60-yillarda Shayxzoda o‘zining shoh asari bo‘lmish "Mirzo Ulug‘bek" tragediyasini yaratadi. Unda Amir Temurning mashhur nabirasi Mirzo Ulug‘bek hayotining so‘nggi yillari jonlantirilgan bo‘lib, mana shu buyuk olim va fojiali taqdir egasi hisoblangan shohning siymosi, kurashlari, iztirobga to‘liq ruhiy kechinmalari, olamshumul fikrlari ta'sirchan manzaralarda, ziddiyatlarda, urushlar girdobida, shekspirona bo‘yoqlarda gavdalantirilgan edi. Mazkur siymo tasviri orqali muallif o‘zining adolatli hukmdor va ulug‘ olim haqidagi ezgu qarashlarini, shu xususdagi zamonlar idealini yuzaga chiqarishga intilgan edi. Faqat tragediyada sho‘ro zamonidagi haddan ortiq darajada sinfiy yondashuvlar tazyiqida dramaturg tarix haqiqatiga zid holda Xo‘ja Ahror qiyofasini o‘ta reaksion va mutaassib qilib ko‘rsatgan edi. Shunga qaramay, umumiy saviyasiga ko‘ra Fitratning "Abulfayzxon" tarixiy tragediyasidan keyin o‘zbek adabiyotida mazkur janrda yaratilgan ikkinchi jiddiy namuna hisoblanuvchi "Mirzo Ulug‘bek" pesasi 60-yillar dramaturgiyasining eng salmoqdor yutuqlari qatoridan o‘rin oldi.
Deyarli butun ijodiy yo‘li davomida Shayxzoda tanqid va adabiyotshunoslik bilan ham shug‘ullandi. U 1948 yilda Alisher Navoiy lirikasining badiiy xususiyatlari haqida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi va ulug‘ o‘zbek shoiri ijodiga oid ko‘plab ilmiy asarlar e’lon qildi. Ular jumlasiga "Navoiyda lirik qahramonning xarakteristikasiga doir" (1947), "Navoiyning badiiy uslubi haqida" (1958) singari mazmundor maqolalari kiradi. Shayxzodaning Bobur, Muqimiy, Furqat, Oybek, G‘afur G‘ulom va boshqa adiblar ijodi haqidagi tadqiqotlari ham katta ilmiy qiymatga ega ekanligi bilan ajralib turadi.
Shayxzoda ijodining bir qismini badiiy tarjimalar tashkil qiladi. U A.S.Pushkinning "Motsart va Saleri" pesasini, "Mis chavandoz" dostonini, M.Yu.Lermontov va N.A.Nekrasov she’rlarini, V.V.Mayakovskiy dostonlarini, Shota Rustaveli, Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Mirza Fatali Oxundov, Shekspir, Bayron, Gyote, Esxil, Ezop asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Maqsud Shayxzodaning birinchi she’riy to‘plami "O‘n she’r" nomi bilan bosilib chiqqan edi. Keyin uning "Undoshlar" (1933), "Uchinchi kitob" (1934), "Jumhuriyat" (1935) kabi to‘plamlari e’lon qilinadi. Urush yillarida esa "Kurash nechun", "Jang va qo‘shiq", "Ko‘ngil deydiki...", rus tilida "Saaz", "Grozayu rojdeno‘e", "Serdse govorit" kabi to‘plamlari bosiladi. Bundant tashqarii, Y.Oxunboboyev haqidagi "Oqsoqol", harbiy mavzudagi "O‘n birlar", "Jenya", "Uchinchi o‘g‘il" kabi dostonlarini, "Jaloliddin Manguberdi" (1944) dramasini yaratadi. 1956-1966 yillarda "Chorak asr devoni" nomi bilan tanlangan asarlarini, "Toshkentnoma" dostonini, "Yillar va yo‘llar", "Xiyobon" to‘plamlarini e’lon qiladi. "Mirzo Ulug‘bek" tragediyasini 1964 yil e’lon qiladi.
Demak, Maqsud Shayxzoda ko‘pqirrali iste’dod sohibi va XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi.

Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   22




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin