Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi fanidan nazorat savollar 1. Mirtemir lirikasining ikki asosi
2. Mirtemirning Vatanparvarlik lirikasi
3. Mirtemirning ishqiy she'rlari
4. “Yangajon” she'rining milliy omillari
ASOSIY ADABIYOTLAR 1. Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch. - T.: Ma'naviyat, 2008.
2. "Adabiyotga e'tibor - ma'naviyatga, kelajakka e'tibor". O‘zAS gaz.2009 yil, 3 iyul.
3. Karimov N., Mamajonov S., Nazarov B., Normatov U., Sharafiddinov O. XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi. Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. T., "O‘qituvchi" nashriyoti. 1999.
4. Sanjar Sodiq. Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi. Darslik. T., "Universitet", 2005.
Qo‘shimcha adabiyotlar: 1. Karimov N. XX asr adabiyoti manzaralari. – T.: O’zbekiston, 2008.
ZULFIYA HAYOTI VA IJODI
Reja Zulfiya hayoti va ijodi. Shoira she’riyatida hijron va sadoqat motivi. Baxt va sevgi, g‘am-hijron shoira lirikasining qo‘sh qanoti ekanligi. “Xotiram siniqlari” poemasi shoira avtobiografiyasini o‘rganishda yangi qirralarni namoyon qilganligi.
Kalit so‘zlar:"Toshkent", "Bilim yurti", "Aspirantura", "Hayot varaqlari", "Sening tonging", "Bahor keldi seni so‘roqlab", "Ne baloga etding mubtalo?", "O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush", "Mushoira", "Men tongni kuylayman", "Kamalak", "Dugonalarim bilan suhbat", "Qizlar qo‘shiqi", "Uni Farhod der edilar", "Quyoshli qalam", "Xotiram siniqlari", "O‘zbekiston xalq shoirasi".
ZULFIYA (1915-1996)
Zulfiya XX asr o‘zbek adabiyotida, she’riyat va dostonchilikda sezilarli iz qoldirgan shoira hisoblanadi. Uning she’riyatida hayot zavqi, yaratish shavqi va g‘oliblik g‘ururi, kelajak sururi hamda insonlar baxti, oshiqlar ahdi, xalqning yovga, yomonlikka g‘azabi, qirqin urush keltirgan hijron azobi-yu ayolning bardoshi, xullas xilma-xil hayotiy, insoniy tuyg‘ular, fikrlar, g‘oyalar ifodalanadi. Zotan, Zulfiya ijodining haroratini, ruhini belgilagan omil ham undagi yuksak, jo‘shqin va faol insonparvarlikdir. U insonning shodligiga shodlik qo‘shishga, dardiga sherik, yarasiga malham bo‘lishga intiladi, tinchlik, adolat, haqiqat, go‘zallik va ezgulikni farzandini ardoqlagan ona kabi himoya qiladi.
Shoira Zulfiya Isroilova 1915 yili 1 martda Toshkent shahrida hunarmand-degrez oilasida tug‘ilgan. Uning onasi Xadicha opa xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilar va bolalariga turli xil qo‘shiq, ertak, afsona hamda dostonlarni aytib berardi. Shoira o‘tmishini eslarkan: "...so‘zga shaydolik hissini qalbimda... oddiy ayol - ona uyg‘otgan", - deydi.
1928 yili boshlang‘ich maktabni tugatgan Zulfiya Toshkent xotin-qizlar pedbilim yurtiga o‘qishga kirdi. Shu yillarda uning adabiyotga qiziqishi kuchaydi. U Navoiy, Lutfiy, Fuzuliy, Shekspir, Bayron, Nekrasov va Lermontovlarni sevib o‘qidi. Hamza, Sadriddin Ayniy, Abdulla Qodiriy, G‘ayratiylar asarlarini o‘rganib, zamonaviy yozuvchilar ijodini sinchiklab kuzatdi. Daholar ijodini o‘rganish shoiraga qanot bag‘ishladi. U o‘zining juftlangan, ohangdosh baytlar to‘qiy boshlayotganini payqab qoladi.
1930 yildan boshlab "Ishchi", "Yosh leninchi", "Kolxozchi bolalar", "Yangi yo‘l" gazeta va jurnallarida yosh shoiraning dastlabki she’rlari ko‘rinadi. 1932 yilda 17 yoshli shoiraning birinchi she’rlar to‘plami "Hayot varaqalari" bosilib chiqdi. "Yuksalish qo‘shiqi", "Ulug‘ bayramga", "Men ishchi qizi", "Zavod yo‘lida", "Kolxoz qizi", "Ozod qiz" kabi davr ruhi bilan sug‘orilgan she’rlar undan o‘rin olgan edi.
1933 yili o‘qishini tugatgan Zulfiya Toshkent Davlat pedagogika institutida tahsil ko‘rdi (1933-1935), keyin esa A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot ilmiy tekshirish instituti aspiranturasida o‘qidi (1935-1938).
1938-1939 yillarda adibaning ikkita she’riy to‘plamlari - "She’rlar"va "Qizlar qo‘shig‘i" chop etildi. Shoira bu to‘plamdagi she’rlarida ona-Vatan tabiatining go‘zal manzaralari, chaman bog‘larini, bahorini zavq bilan kuylaydi. "Bahor", "Bahor kechasi" shular jumlasidandir. "Hojar", "Nishondor", "Seni sevardim", "Studentka" kabi she’rlarida shoira xotin-qizlar tushunchasidagi yangi hayotga, istiqbolga dadil intilishini yorqin ifodaladi.
Urush yillarida Zulfiyaning ijodi yanada mazmundor bo‘ldi. Bu yillarda u "Uni Farhod der edilar" (1943), "Hijron kunlarida" (1944), rus tilida "Vernost" to‘plamlarini nashr ettirdi. Bular orasida "Qo‘limda qurolu, ustimda shinel", "Gullar ochilganda", "Palak", "O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush" she’rlari ayniqsa, diqqatga sazovordir.
O‘sha og‘ir yillarda Zulfiya uchun yana bir katta yo‘qotish sodir bo‘ldi. U 1944 yili umr yo‘ldoshi, ham hayotda, ham ijodda suyangan tog‘i, ikki qanoti bo‘lmish Hamid Olimjonidan fojiaviy halokati tufayli ajrab qoldi. Zulfiya umrining oxirigacha uning yodi bilan yashab, unga bo‘lgan muhabbati, sadoqatini kuylab o‘tdi. "Hijron kunlari", "Baxtiyor sevgini kuylardi sozim", "Ne baloga etding mubtalo", "Sen qaydasan yuragim", "Bahor keldi seni so‘roqlab" she’rlari shu hijron mevalaridir:
Sog‘inganda izlab bir nishon
Qabring tomon olar edim yo‘l.
Keltirarding menga bir zamon,
Endi har choq men eltaman gul.
x x x
Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!
Shoira hayoti davomida ko‘p mamlakatlarda bo‘ldi. Uning Hindiston safari natijasi bo‘lgan "Mushoira"si juda katta shuhrat qozondi. Zulfiya Oybek xotirasiga "Quyoshli qalam" dostonini yozib biz uchun ajoyib meros qoldirdi.
Dostonda Oybek bizning ko‘z o‘ngimizda ulkan yozuvchi, zahmatkash ijodkor, shuningdek hasta vujud egasi hamda nuroniy siymo sifatida gavdalanadi. Shoira uning qiyofasini jonlantirishda o‘z xotiralariga, yozuvchi bilan qilgan safarlari, suhbatlariga, asarlaridan olgan taassurotlariga tayanadi.
Zulfiyaning so‘nggi nidosidek jaranglab qolgan "Xotiram siniqlari" asari ham xuddi "Quyoshli qalam" singari lirik doston hisoblanadi. Unda shoira deyarli ilgarigi hech bir she’rida ifodalay olmagan tuyg‘ularini, o‘y-fikrlarini: zamonlar o‘zgarishi bilan tug‘ilgan qarashlarini to‘kib solishga, hissiy emotsional tarzda kishilarga yetkazishga intiladi. Dostonda shoira istiqlol davrini hurriyat sifatida olqishlaydi. Avvalgi dostonlaridan "Xotiram siniqlari" asari psixologik tahlilning teranlashganligi, umumbashariy falsafa ifodalanganligi bilan ajralib turadi.
Zulfiya, shuningdek, Pushkin, Lermontov, T.Shevchenko, Lesya Ukrainka, N.Tixonov, Vera Inber, Edi Ognesvet, Qaysin Quliyev kabi adiblar ijodidan namunalar tarjima qildi.
S a v o l l a r
1. Qaysi davr Zulfiya ijodiy yo‘lining mashqlar va izlanishlar bosqichi hisoblanadi?
2. Ko‘pchilik yozuvchi va tanqidchilar Zulfiya she’riyatining boshqa adibalar ijodidan farqlanib turuvchi xususiyatini nimada ko‘rganlar?
3. Zulfiyaning "Uni Farhod der edilar" poemasida qaysi mashhur san’atkor siymosi gavdalantirilgan?
4. Zulfiyaning "Quyoshli qalam" dostoni sarlavhasidagi tashbeh qaysi yozuvchi ijodiga nisbatan ishlatilgan?