Biror faoliyatning muvaffaqiyatli, mustaqil va mukammal bajarilishini ta’minlaydigan noyob qobiliyatlar birikmasi talant deyiladi.
Yaqqol qobiliyatlar tuzilishini tashkil qiluvchi shaxsning xislatlari, fazilatlari orasida ma’lum turkumi yetakchilik, ustuvorlik qilsa, ayrimlari yordamchilik vazifasini bajaradi. Ma’lumki, pedagogik qobiliyatlar tuzilishida yetakchi xislatlar sifatida pedagogik odob (takt), bolalarni sevish, o’quvchilar jamoasini tashkil qilish va uni boshqarish, kuzatuvchanlik, talabchanlik, bilimlarga chanqoqlik, bilimlarni uzatishga o’quvchanlik va shunga o’xshashlar tan olinadi. O’qituvchilik qobiliyatining yordamchi (ko’shimcha) fazilatlariga quyidagilar kiradi: artistlik, nutqiy qobiliyat, diqqatni taqsimlash, akademik qobiliyatlar va hokazo. Pedagogik qobiliyatlarning yetakchi (asosiy) va yordamchi (qo’shimcha) tarkiblari, jabhalari ta’lim jarayoni muvaffaqiyatini ta’minlaydigan birlikni (birikuvni) yuzaga keltiradi hamda o’qituvchi shaxsi bilan bog’liq bo’lgan hamkorlik, individual faoliyatini tashkillashtiradi. Qobiliyatlardan muayyan darajada umumiy va torroq ma’noda maxsus sifatlarni ajratish orqali ma’lum turkum tizimini yuzaga keltirish mumkin. Bundan kelib chiqqan holda qobiliyatlarni umumiy va maxsus qobiliyatlar guruhiga ajratish maqsadga muvofiq. Umumiy qobiliyatlar (sifatlar) maxsus qobiliyatlarga (sifatlarga) zid tarzda talqin qilish mumkin emas. Shaxsning umumiy qobiliyatlari hosil qiluvchi omillar yaqqol psixologik hodisa yoki voqelikdir. Maxsus qobiliyatlar ko’lam jihatdan torrok bo’lishiga qaramay, chuqurroq mohiyatni o’zlarida mujassamlashtiradi.
5.2.Pedagogik qobiliyat va uning tuzilishi.
Pedagogik qobiliyat – bu qobiliyat turlaridan biri bo’lib, kishining pedagogik faoliyatga yaroqliligini va shu faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug`ullana olishini aniqlab beradi.
Pedagogik psixologiyada o’qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning tutgan o’rnini ilmiy izohlab berishga oid samarali tadqiqotlar olib borilgan.
Yirik psixolog S.L.Rubinshteyn ta’kidlab o’tganidek, pedagogik jarayon o’qituvchi-tarbiyachining faoliyati tariqasida rivojlanuvchi bola shaxsini shakllantiradi, bu esa pedagogning o’quvchi faoliyatiga naqadar rahbarlik qilishiga yoki aksincha, unga ehtiyoj sezmasligiga bog`liq. Bola shaxsining rivojlanishida o’qituvchining roli benihoya muhimdir, chunki u ta’lim va tarbiya jarayonining tashkilotchisi vazifasini bajaradi. Shu bois, hozirgi sharoitda o’qituvchining tashkilotchilik qobiliyatiga nisbatan yuksak talab qo’yiladi, shuning uchun ijtimoiy-tarixiy tajribalarning boyligi ehtiyojlar ko’lamining ortishiga bevosita bog`liq.
XX asrning 70-80-yillarda o’qituvchining xarakter-xislatlari, pedagogik qobiliyatlari, unda tarbiyachilik mahoratini tarkib toptirish shartlari chuqur o’rganildi. Jumladan, rus olimasi N.V.Kuzmina o’qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning o’rni va ularni tarkib toptirishga oid qator ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. U o’z tadqiqotlarida pedagogik qobiliyatlarni gnostik (bilishga oid), proyektiv (oldindan rejalashtirishga qaratilgan), konstruktiv, tashkiliy va kommunikativ turlarga ajratib, ularning har biriga chuqur psixologik ta’rif beradi. N.V.Kuzmina pedagogik qobiliyatning muhim alomatlari qatoriga kuzatuvchanlikni ham kiritadi, o’qituvchining bu hislati o’quvchining ichki kechinmalari, his-tuyg`ulari kabi omillarni aniqlashga xizmat qiladi.
Tadqiqotchi A.I.Shcherbakov fikriga ko’ra, pedagogik faoliyat – bu o’qituvchi oldiga jiddiy talablar qo’yadigan murakkab psixologik aktdir. Pedagogik faoliyat o’qituvchini chuqur va puxta bilimga, pedagogik qobiliyatga, mustahkam xarakterga, yuksak ma’naviyatga ega bo’lishini taqozo qiladi. A.I.Shcherbakov o’qituvchi shaxsi 6 ta kasbiy-tarkibiy qismdan iborat ekanligini ta’kidlaydi: 1) yuksak saviyadagi bilim va madaniyat; 2) yo’nalishning aniq ifodalanganligi; 3) yuksak axloqiy hislarning mavjudligi; 4) yuqori darajada yuzaga keluvchi faollik va barqaror mustaqillik; 5) qat’iy va silliq xarakter; 6) pedagogik qobiliyatlar.
Yirik olim F.N.Gonobolin pedagogik qobiliyatlarni quyidagi turlarga ajratishni taklif etadi: 1) didaktik qobiliyatlar; 2) akademik qobiliyatlar; 3) pertseptiv qobiliyatlar; 4) nutq qobiliyatlari;
5) tashkilotchilik qobiliyati; 6) avtoritar qobiliyatlar;
7) kommunikativ qobiliyatlar; 8) pedagogik xayolot; 9) diqqatni taqsimlay olish qobiliyati.
F.N.Gonobolin pedagogik qobiliyatlarni tarkib toptirish bosqichlari, xususiyatlari va xossalari to’g`risida mukammal ma’lumotlar beradi. Ta’lim va tarbiya jarayonini takomillashtirishda pedagogik qobiliyatlarning roli tajriba materiallariga asoslanib sharhlab beriladi.
Kasbiy-pedagogik faoliyatning muvafaqqiyatli amalga oshishi ko’p jihatdan pedagogning maxsus pedagogik qobiliyatlarni egallaganligiga bog’liq: T.I.Gavakov pedagogik qobiliyatlarni quyidagi tarzda guruhlashtirishni taklif etadi: obyekt(ta’lim oluvchilar)ni his eta olish; kommunikativ (kishilar bilan aloqa o’rnatish, samimiylik, muloqotchanlik); pertseptiv (kasbiy etuklik, empatiya, pedagogik intuitsiya); shaxs dinamizmi (irodaviy ta’sir ko’rsatish va mantiqiy ishontirish qobiliyati); emotsional barqarorlik (o’z-o’zini boshqara olish qobiliyati); kreativ (ijodiy ishga qobiliyatlilik).
Maxsus qobiliyatlar ham o’qituvchining o’rgatuvchilik, ham tarbiyaviy ishiga taaaluqlidir. O’qituvchining o’qitish, o’qish va o’rgatishga doir qobiliyatlariga quyidagilarni kiritish mumkin: o’rganiladiganlarini ko’ra olish va his eta olish qobiliyati; o’quv materialini mustaqil tanlay olish, ta’limning samarali metodlari va maqbul vositalarini aniqlay olish; o’quv materialini tushunarli bayon eta olish, uning barcha ta’lim oluvchilar uchun tushunarli bo’lishini ta’minlash; ta’lim oluvchilarning individualligini hisobga olish bilan bog’liqlikda o’qitish jarayonini tashkil eta olish qobiliyati; o’quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan foydalana olish qobiliyati; ta’lim oluvchilarning har tomonlama rivojlanishini tashkil etish qobiliyati; o’zining pedagogik mahoratini takomillashtirish qobiliyati; o’zining shaxsiy tajribasini boshqalarga uzatish qobiliyati; mustaqil ta’lim olish va o’z-o’zini rivojlantirishga qobiliyatlilik.
Tarbiyaviy ishni tashkil etish bilan bog’liq pedagogik qobiliyatlar quyidagilarda yorqin namoyon bo’ladi: boshqa kishilarning ichki his-tuyg’ularini to’g’ri baholay olish, boshqalar haqida qayg’ura olish qobiliyati (empatiyaga qobiliyatlilik); taqlid uchun namuna bo’lishga qobiliyatlilik; tarbiyaviy jarayonda individual o’ziga xosliklarini hisobga olishga qobiliyatlilik; rag’bat va o’zaro bir-birini tushunish, muloqotni zarur uslubini tanlay olishga qobiliyatlilik; o’ziga hurmat bilan munosabatda bo’lish, tarbiyalanuvchilar orasida obro’ga ega bo’lish qobiliyati.
Pedagog olim I.P.Podlasiy pedagogik qobiliyatning tuzilishini quyidagi tarzda aniqlashtirgan:
tashkilotchilik – ta’lim oluvchilarni jipslashtirish, ularning faoliyatini rejalashtirish, jamoaviy ishga jalb etish, yakunlarini chiqarish;
diagnostik –o’quv materialini tanlay olish, o’quv materialini tushunarli, aniq, obrazli, ishonchli va tizimli bayon eta olish; o’quvchilarning bilishga qiziqishlari va intellektini rivojlantirishni rag’batlash, o’quv-biluv faolligini oshirish hamda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va ijodkorlikka qobiliyatlilik;
pertseptiv – ta’lim oluvchilarning ichki olamiga ta’sir ko’rsatish; ularning emotsional holatini xolis baholash, psixikasidagi o’ziga xosliklarni aniqlay olish ko’nikmasi;
kommunikativ – ta’lim oluvchilar va jamoa bilan pedagogik maqsadga qaratilgan munosabatni o’rnata olish ko’nikmasi;
suggestiv (suggestiya - ishontirish) – o’quvchilarga emotsional ta’sir ko’rsatish;
tadqiqotchilikka doir – pedagogik jarayon va vaziyatlarni anglash hamda obyektiv baholay olish ko’nikmasi;
ilmiy-bilishga doir – tanlangan ixtisoslikka doir belgilangan hajmdagi ilmiy bilimlarni egallay olish qobiliyati;
gnostik – obyekt, jarayonni va o’z faoliyati natijalarini tadqiq etish hamda olingan natijalar asosida uni korrektsiyalay olish qobiliyati.
Pedagogika va psixologiya sohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlarga asoslanib, bizningcha, o’qituvchining pedagogik qobiliyatlarini quyidagicha klassifikatsiya qilish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |