1. m=(bx-ax); 2. m=n·(bx-ax) Bunda m-matn so‘zining belgisi, «bx»-birlamchi xususiyat, «ax»-aloqador xususiyat, agar matn ikki va undan ortiq aloqadorliklardan tuzilgan bo‘lsa «n» belgisi o‘rniga ularning miqdorini ko‘rsatamiz.
3. Izoh mazmunli matnlar (Le texte argumentatif – argumentli matn). Bunday matnda aytilayotgan fikrning ishonarliligini ta’kidlash uchun turli dalil va izohlar keltiriladi. Asoslash, isbotlash, o‘zini oqlashga urinish yoki himoya maqsadida har xil vajlarni keltirish argumentli matn tipining o‘ziga xos jihatlaridan hisoblanadi. Fikr bilan keltirilgan dalil o‘rtasida mantiqiy bog‘liqlikning (connecteurs logiques) bo‘lishi muhim sanaladi. Bunday matnda chunki, zero, lekin, aslida, shuning uchun, to‘g‘risini (ochig‘ini, rostini) aytganda, eshitishimga qaraganda, bilishimcha, taxminimcha kabi birliklar (le lexique apprėciatif) qo‘llanilganligini ko‘ramiz. Kitobxonni yoki tinglovchini ishontirish asosiy maqsad bo‘lganligi uchun shunga mos ritorik uslub tanlanadi. Badiiy tasvir vositalaridan foydalaniladi. Gaplar o‘zaro zich bog‘langan va ta’kid ohangi sezilib turadigan matn tipi hisoblanadi.
4. Didaktik matnlar (Le texte explicatif – eksplikativ matn). Kimgadir pand-nasihat qilish, uni turli hayotiy voqealar vositasida tarbiyalash yoki aytilganlardan xulosa chiqarishga o‘rgatish istagi asosida tuzilgan matn eksplikativ yoki didaktik matn deyiladi. Maqsadga erishish uchun maqol, matal, aforizm, turli hayotiy voqealar, rivoyatlar, masallardan namuna sifatida foydalaniladi. Ularning matn ichiga singdirilish tarzi turlicha bo‘ladi. Muallif bunday didaktik birliklarni matnga to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kiradi va uning qaysi janrga taalluqli ekanligini aytib o‘tadi. Didaktemalar matn tashqarisida avvaldan tayyor holda mavjud bo‘ladi. Muallif yoki qahramon nutqida quyidagi ifoda shakllari ishlatiladi: shunday maqol bor, mashoyihlar demishlarki, ulug‘lar(eskilar)da shunday gap bor, derlarkim, shunday rivoyat (o‘git, voqea, masal) eshitganman va hokazo.