Mavzu yuzasidan tayanch iboralar Sport guruhi, jamoa, rasmiy guruh, norasmiy guruh, rasmiy rahbar, komada, murabbiy, rahbarlik uslubi.
Nazorat savollari:
Sport guruhi, jamoasi, komandasi haqida umumiy tushunchalar.
Shaxsni tarbiyalash va shakllanishiga sport jamoasining ta’siri.
Sport jamoasida rahbarlik va etakchilik haqida tushuncha
Rasmiy rahbar sifatida trenerning ijtimoiy roli.
Komandada psixologik muhit va shaxslararo munosabatla
11-MAVZU.SPORT SOHASIDAGI KREATIVLIK(IJODKORLIK). 11.1.Ijodkorlik tushunchasi va uning sport faoliyatda o‘rni. Zamonaviy pedagogikada “kreativ pedagogika” tushunchasi qo‘llanila boshlaganiga hali u qadar ko‘p vaqt bo‘lmadi. Biroq, o‘qitish jarayoniga innovatsion hamda ijodkorlik yondashuvlarini qaror toptirishga bo‘lgan ehtiyoj “Kreativ pedagogika”ning pedagogik turkum fanlar orasida mustaqil predmet sifatida shakllanishini ta’minladi. Ushbu predmet asoslarini pedagogika tarixi, umumiy va kasbiy pedagogika hamda psixologiya, xususiy fanlarni o‘qitish metodikasi, ta’lim texnologiyasi va kasbiy etika kabi fanlarning metodologik g‘oyalari tashkil etadi. “Kreativ pedagogika” fanining umumiy asoslari mutaxassis, shu jumladan, bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy kamol topishlari uchun zarur shart-sharoitni yaratishga xizmat qiladi. Shaxsning mutaxassis sifatida kasbiy kamol topishi, rivojlanishi o‘z mohiyatiga ko‘ra jarayon tarzda namoyon bo‘ladi. Kasbiy yetuklik inson ontogenezining muhim davrlari kasbiy kamol topish, rivojlanish g‘oyalarining qaror topishi (14-17 yosh)dan boshlanib, kasbiy faoliyatning yakunlanishi (55-60 yosh)gacha bo‘lgan jarayonda kechadi. Ijodkor shaxsning shakllanishi va rivojlanishi uning ichki va tashqi olami o‘zgarishining o‘zaro mos kelishi, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar hamda inson ontogengizi – tug‘ilishidan boshlab to umrining oxiriga qadar uzluksizlik, vorisiylikni taqozo etadigan faoliyat mazmuniga bog‘liq. Ma’lumki, kasbiy tajriba bilim, ko‘nikma va malakalarning integratsiyasi sifatida aks etadi. Biroq, kasbiy-ijoiy faoliyat ko‘nikmalarining o‘zlashtirilishi nafaqat amaliy ko‘nikma va malakalarning integratsiyasi, mutaxassis sifatida faoliyatni samarali tashkil etish usul va vositalarini ishlab chiqishni emas, shu bilan birga kasbiy ijodkorlik metodologiyasidan xabardor bo‘lish, ijodiy tafakkurni rivojlantirish va kreativ xarakterga ega shaxsiy sifatlarining yetarli darajada o‘zlashtirilishi talab etadi. Ijodkor shaxsning shakllanishini shaxsning o‘zaro mos tarzda bajarilgan ijodiy faoliyat va ijodiy mahsulotlarni yaratish borasidagi rivojlanishi sifatida belgilash mumkin. Ushbu jarayonning sur’ati va qamrovi biologik va ijtimoiy omillar, shaxsning faolligi va kreativ sifatlari, shuningdek, mavjud shart-sharoit, hayotiy muhim va kasbiy shartlangan hodisalarga bog‘liq. Zamonaviy sharoitda pedagogning kreativlik sifatlariga ega bo‘lishi taqozo etadi. So‘nggi yillarda yetakchi xorijiy mamlakatlarning ta’lim tizimida o‘quvchi va talabalarda kreativlik sifatlarini shakllantirish masalasiga alohida, jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Buni Bronson, Merriyman (2010 y.), Ken Robinson (2007 y.), Fisher, Frey (2008 y.), Begetto, Kaufman (2013 y.), Ali (2011 y.), Treffinger (2008 y.) va b. tomonidan olib borilgan ko‘plab tadqiqotlar, ularning natijalarian ko‘rish mumkin. Birgina Ken Robinson tomonidan 2007 yilda tayyorlangan “Maktab kreativlikni barbod etyaptimi?” nomli video lavhani YouTube saytida 5 mln marta tomosha qilingan. Qolaversa, o‘qituvchilar kreativlik asoslarini o‘rganishga jiddiy kirishganlar (Begetto, Kaufman, 2013 y.). O‘qituvchilarda pedagogik faoliyatni kreativ yondashuv ko‘nikma, malakalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga doir adabiyotlar chop etilyapti, ta’lim departamenti tomonidan tayyorlangan video lavhalarga asoslanuvchi noan’anaviy darslar tashkil etilyapti (Ali, 2011; Ta’lim departamenti, 2013 y.). Salmoqli amaliy ishlar olib borilayotganligiga qaramay, ko‘pchilik o‘qituvchilar hali hanuz shaxs o‘zlarida hamda talabalarda kreativlik sifatlarini qanday qilib samarali shakllantirish tajribasini o‘zlashtira olmayaptilar. Ta’lim tizimini boshqarish organlari har yili ta’lim muassasalarida yuqori samaradorlikka erishishga e’tibor qaratadi. Ana shu maqsadda o‘quv dasturini ishlab chiqiladi, yangi o‘quv darsliklari yaratiladi. Bu esa ham talabalar, ham o‘qituvchilarni kasbiy o‘sishlariga yordam beradi. Olib boriladigan amaliy harakatlar talabalarda yutuqlarga erishish, olg‘a intilishga bo‘lgan ehtiyojni muayyan darajada yuzaga keltiradi, ularning o‘quv-bilish qobiliyatlarini bir qadar rivojlantirishga yordam beradi. Biroq, o‘quv yilining oxirida kelib oliy ta’lim muassasalarida talabalarning fanlarni o‘zlashtirishlarida yuqori darajadagi ijobiy natijalar kuzatilmayapti. Ko‘plab talabalarning ta’lim olishga nisbatan qiziqishi yo‘qolgan. Buning natijasida o‘qituvchilar ham avvalgidek zavqu shavq bilan kasbiy faoliyatni tashkil etishni o‘ylashmayapti. Ta’lim tizimini boshqaruvchi organlar ta’lim olishga nisbatan xohish-istagi bo‘lmagan talabalar, bu kabi ta’lim oluvchilarni o‘qitishni istamayotgan o‘qituvchilar faoliyatini o‘zgartirish borasida yangidan-yangi chora-tadbirlar belgilansa-da, ahvol o‘zgarishsiz qolmoqda. Buning sababi nimada? Balki darslarning avvaldan o‘ylab, rejalashtirilib qo‘yilishi talabalar uchun qiziq bo‘lmayotgandir, balki balki ta’lim mazmunining muayyan qolipga solinganligi talabalar uchun hech qanday stimul bermayotgandir, rag‘bat bildirmayotgandir. O‘quv mashg‘ulotlarining avvaldan rejalashtirilishidan voz kechish, talabalarda tanqidiy, kreativ tafakkurni shakllantirish va rivojlantirish, ularni ijodiy fikrlash, yangi g‘oyalarni o‘ylab topishga majbur qilish ta’lim olishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish, ularni yutuqlarga erishishga rag‘batlantirishda asosiy omil bo‘lar. O‘quv mashg‘ulotlarida etishmayotgan omil – kreativlik sanaladi1 .
Ayni o‘rinda shuni alohida qayd etib o‘tish joizki, har bir shaxs tabiatan kreativlik qobiliyatiga ega. Xo‘sh, murabbiylar o‘zlarida kreativlik qobiliyati mavjudligini qanday namoyon eta olishlari mumkin. Bu o‘rinda Patti Drapeau shunday maslahat beradi: “Agarchi o‘zingizni kreativ emasman deb hisoblasangizda, hozirdanoq kreativ tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan darslarni tashkil eta boshlashingizni maslahat beraman. Aslida, gap sizning ijodkor va kreativ bo‘lganingiz yoki bo‘lmaganingizda emas, balki darslarni kreativlik ruhida tashkil etishingiz va yangi g‘oyalarni amalda sinashga intilishingizdadir”.
Sport faoliyatida ijodkorlikning quyidagi sifatlarini ko‘rish mumkin. 1.Sportchining ijodiy yo‘nalganlik
2.Ichki sezgining rivojlanganligi
3.Yuksak badiiy qadriyatlarga egalik.
4.Tafakkur tezligiga egalik.
5.Mantiqiy fikrlash qobiliyati.
6.Hissiyotlarga egalik
Aytib o‘tilganidek, barcha shaxslarda bo‘lgani kabi sportchilarda ham kreativlik sifatlari o‘z-o‘zidan rivojlanmaydi. Shunga ko‘ra tadqiqotlarda shaxs (jumladan, sportchilar)da kreativlik sifatlarini muvaffaqiyatli rivojlantirishning bir qator yo‘llari yoritiladi. Shaxs (jumladan, sportchilar)da kreativlik sifatlarini muvaffaqiyatli rivojlantirishning uchta yo‘li ko‘rsatilgan:
1.Kreativ fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish.
2.Amaliy kreativ harakat ko‘nikmalarini shakllantirish.
3.Kreativ faoliyat jarayonlarini rivojlantirish.