10.3.Rasmiy rahbar sifatida trenerning ijtimoiy roli. Sportchilar va komanda bilan ikki tomonlama munosabatlar jarayonida murabbiy rasmiy rahbar sifatida muhim o‘rin egallaydi. Murabbiyning faoliyati ko‘p tomonlamadir. Uning ijtimoiy roliga normativ kiritilgan talablar turli vazifalardan iborat, ulardan asosiysi o‘qitish, sportchilarni tarbiyalash, musobaqalar, mashg‘ulotlar hamda bo‘sh vaqtlarida ularga va komandagi rahbarlik qilish, boshqa tashkilotlar hamda komandalar bilan keng aloqalar qilish. Pedagogik tashkil etilgan mashg‘ulotlar jarayonida murabbiy umumta’lim va tarbiyaviy masalalarni hal etar ekan, murabbiy sport yutuqlariga yo‘naltirish bilan sportchilar va komandani maxsus jismoniy, texnik, taktik, psixologik tayyorgarliklarini amalga oshiradi. U sportchilarda harakatlanish ko‘nikmalarini, mahorati va jismoniy sifatlarini takomillashtiradi, ularga umumiy va maxsus bilimlar beradi, ular bilan texnik-taktik kombinatsiyalarni o‘rganadi. Rahbarlik vazifasi murabbiyning ishida asosiy tomoni hisoblanadi. Murabbiyning kasbiy mahoratini aynan mana shu vazifasini bajarishi sifatida to‘la namoyon bo‘ladi. Lekin uyushgan jamoani yaratish uchun murabbiy faqat rasmiy rahbarlik emas, balki komanda yetakchisi bo‘lishi ham maqsadga muvofiqdir. Rahbar sifatida murabbiy sportchilar va komanda oldida javobgar hisoblanadi, uni tashkil etadi, o‘quv-mashg‘ulotlarini va musobaqalarni tashkil etadi, komandani va undagi shaxslararo munosabatlarni boshqaradi. Rahbarlik vazifasiga komanda uchun zarur bo‘lgan axborotlarni to‘plash va ishlab chiqish, komanda va alohida sportchilarning faoliyatini operativ, kundalik va istiqbolli rejalashtirish, komanda a’zolari o‘rtasidagi majburiyat va rollarini taqsimlash, motivatsion doirasiga ta’sir ko‘rsatish yo‘li bilan ularning faolliklarini rag‘batlantirish kabilar kiradi. Murabbiyning ijtimoiy rolidan kelib chiqadigan hamma vazifalarini amalga oshirish munosabatlar bilan bog‘liqdir. Munosabatlar uning faoliyati vositasi, uning professional mehnati muhim tomoni bo‘lib ishtirok etadi. Har qanday boshqaruvchilik yoki pedagogik vazifasi murabbiyning ma’muriyat, kasbdoshlari, hakamlar, tomoshabinlar bilan, sportchilar bilan bevosita aloqalari davomida amalga oshiriladi. Kundalik mehnati jarayonida murabbiyning faoliyati hamma tomonlari va vazifalari bir-biri bilan bog‘liqdir. Murabbiylik ijtimoiy rolini bajarishi mahorati ularni mos ravishda bajarish bilan ham belgilanadi. Sportchilarni va komandani o‘qitish, tarbiyalash va ularga rahbarlik qilishda murabbiy faoliyatining muvaffaqiyati shug‘ullanuvchilarning uning obro‘sini tan olishlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Avtoritet – lotincha so‘z bilan kuchni, ta’sirini anglatadi. Mansab obro‘si va shaxs obro‘si degan tushunchalar mavjud. Mansab obro‘si xizmat vazifasi, undan kelib chiqadigan shaxsning huquq va majburiyatlari bilan belgilanadi. Shaxs obro‘si ma’lum ishni bajaruvchi odamning individual xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Komandaning rahbari rasmiy mansabi sababli murabbiy obro‘ga ega bo‘lish huquqi ustunligiga ega. Murabbiyning shaxsiy obro‘si, uning namunasi sportchilar va komandani shakllantirish murakkab jarayonida muhim omil hisoblanadi. Murabbiy mansabi vazifalarini muvaffaqiyatli bajarish bilan shaxsiy obro‘ga ega bo‘ladi. Bundan tashqari shaxsiy obro‘si murabbiyning insoniy xususiyatlari va kasbiy sifatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Biroq lavozimi obro‘si har doim ham murabbiy shaxsi obro‘si bilan mos kelavermaydi. Murabbiyning lavozimi vazifalari va uninng shaxsiy sifatlari o‘rtasida mos kelmaslik jamoada ortiqcha keskinlikka va uning faoliyati mahsuldorligi pasayishiga olib kelishi mumkin. Malakali murabbiy jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasini, mutaxassisligi bo‘yicha sport turi nazariyasi va metodikasini, tayanch ilmiy fanlar asoslarini: fiziologiya, psixologiya, pedagogika, sport meditsinasi, gigiena, biomexanika va boshqalarni biladi. U amaliy aqlga ega va sport mashg‘ulotlari hamda musobaqalarida amaliy masalalarni hal etishda nazariy bilimlarini tez, ijodiy qo‘llay oladi. Bu har doim uninng obro‘si mustahkamlashishiga yordam beradi. Murabbiyning mahorati harakatlarni mahorat bilan bajarishda emas, balki texnik-taktik harakatlarni samarali egallab olishni ta’minlovchi vositalar va metodlarni bilishida namoyon bo‘ladi. Murabbiyning mahorati kuchli kuzatuvchanligi, analitik fikrlashi, ijodiy tasavvuri, o‘ziga xos intuitsiyasi – boshqalarga ko‘rinmaydigan belgilari bo‘yicha harakatni texnik-taktik bajarilishini baholash, oldindan ko‘ra bilish va sportchi hamda sport jamoasining rivojlanishini taxmin qilish qobiliyatida namoyon bo‘ladi.
Rahbarlik usuli deganda murabbiy sportchilarni boshqarishni amalga oshirishiga yordam beradigan usul va uslublar to‘plami ko‘zda tutiladi, xususan, o‘quv-mashqlar jarayonida. Ijtimoiy psixologiyada avtokratik, demokratik va liberal rahbarlik usullarini ajratish qabul qilingan. Bu usullar murabbiylar uchun ham xosdir (M.V.Proxorova).