Intensivlik nisbiy miqdori hodisa va jarayonlarning tarqalish zichligini,
yoyilishini xarakterlaydi.
Intensivlik nisbiy miqdoriga aholining zichligini (aholi soni/territoriya),
tug’ilish, o’lish, tabiiy va mexaniq harakati ko’rsatkichlari va boshqalarni misol
qilib keltirish mumkin.
Taqqoslash nisbiy miqdori turli ob’ekt va hududlarga mansub bo’lgan bir xil
ko’rsatkichlarning nisbatini xarakterlaydi. Masalan, AQSH va O’zbekistonda yoki
O’zbekiston va Rossiyada kishi boshiga iste’mol qilingan tuxum, go’sht yoki bitta
oilaga to’g’ri keladigan avtomobil va boshqalar. Taqqoslash nisbiy miqdorlarni
hisoblashni boshlashdan oldin, tekshiruvchi taqqoslanadigan miqdorlarni
taqqoslama holga keltirib olishi kerak. Taqqoslama bo’lishi uchun, ikki
mamlakatning ko’rsatkichlari mohiyati va mazmuni bo’yicha bir xil, ular yagona
metodologiya bilan hisoblangan, bir xil o’lchov birliklarida keltirilgan bo’lishi
kerak, aks holda, ularni taqqoslash noto’g’ri xulosalarga olib keladi.
Mutlaq va nisbiy miqdorlarni qo’llashda bir qancha qoidalarga rioya qilish
kerak. Mutlaq va nisbiy miqdorlarning o’ziga xos xarakterli xususiyati shundaki,
ular doimo bir turli hodisa va jarayonlarning miqdori va razmerini ifodalaydi.
Shuning uchun ham, mutlaq va nisbiy miqdorlarni hisoblashda va, ayniqsa, ulardan foydalanishda tekshiriladigan hodisa va jarayonlar rivojlanishini o’ziga xos
xususiyatlarini va alohida sharoitlarini e’tiborga olish zarur. Sharoit, joy va vaqtga
qarab bir xil ko’rsatkichlar xarakteri bo’yicha turli hodisalarning darajasini
ifodalashi mumkin. Masalan, aktsionerlik jamiyatlarini olaylik.
Bundan 10 yil oldin juda katta hisoblangan korxona (aktsiyalar soni bo’yicha) bugungi kunga kelib juda ham kichik korxonalar soniga qo’shilishi mumkin. Yoki boshqacha bir misol. Kompaniya va firmalarni territoriyalar bo’yicha ham taqqoslashda yuqoridagi muammoga to’g’ri kelamiz. Toshkent shahrida eng kichik hisoblangan korxona, Buxoro viloyati Jondor tumanida eng katta kompaniyalar safiga
qo’shilishi mumkin.
Demak, mutlaq va nisbiy miqdorlardan foydalanishda, har bir aniq tekshirish
uchun statistikada o’rganilayotgan ko’pchilik hodisalarni xarakteri bo’yicha
differentsial yondoshuv talab etiladi. Bu talabning to’g’riligini quyidagicha
tushuntirish mumkin. Masalan, kontsern yoki xolding kompaniya bo’yicha
shartnoma majburiyatlari bajarilishi va oshirib bajarilishi kuzatilayotganda, shu
kompaniyaga qarashli ayrim korxonalarda shartnomalar bajarilmaganligini
kuzatish mumkin. Xuddi, shu holatni, to’plam birliklarini ifodalovchi
ko’rsatkichlar bo’yicha ham kuzatish mumkin. Masalan, respublikada bir
aktsiyadorga to’g’ri keladigan aktsiyalar sonini viloyatlar, ayniqsa tumanlar
(qishloq tumanlari) bo’yicha olaylik. Bu erda tebranishni kattaligiga hech kim
shubha qilmaydi.
Mutlaq va nisbiy miqdorlarni taqqoslashdan oldin, ular taqqoslama holga
keltirilishi kerak. Bu muammoni echish, bozor iqtisodiyoti sharoitida juda muhim.
Chunki, har qanday kompaniya jahon bozoriga chiqishdan oldin, o’z mahsulotini
jahon standartlariga mos kelishini taqqoslash metodi orqali hal qiladi. Biz o’zbek
kompaniyasining ko’rsatkichlarini Yaponiya ko’rsatkichlari bilan taqqoslashdan
oldin, taqqoslanadigan ko’rsatkichlar ikkala mamlakatda ham bir xil metodologiya
bilan aniqlanganligiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Bunday ishonchni har bir
kompaniya ko’rsatkichlarini vaqt bo’yicha ham taqqoslashda hosil qilinsa yaxshi
bo’ladi.
Hayotiy tajriba va son-sanoqsiz o’tkazilgan statistik-ilmiy tekshirishlardan
shunday xulosa chiqarish mumkin – mutlaq va nisbiy miqdorlarni birgalikda
qo’llash kerak.
Alohida olingan nisbiy miqdor o’zicha o’rganilayotgan hodisa haqida aniq
tasavvur bera olmaydi (xuddi shu gaplarni mutlaq miqdorlar to’g’risida ham aytish
mumkin). Masalan, ish haqi 50000 dan 200000 so’mga oshdi. Biz, bu erda baralla
aytamizki, ish haqi 3 marta yoki 300 % oshdi. Agarda 200000 so’mdan 50000
so’mga kamaysa, biz aytamizki ish haqi 75% pasaydi. Ko’rinib turibdiki, ish
haqining oshgan summasi ham, pasaygan summasi ham 150000 so’mga teng.
Foizlarni mutlaq miqdorlarsiz qo’llash ham noto’g’ri tasavvurlarga olib keladi.
Masalan, ikkita kompaniyaning ishlab chiqargan mahsuloti bo’yicha dinamika
nisbiy miqdorini hisoblaylik va ikkalasida ham o’sish sur’ati 57 foizni tashkil
qilgan. Ikkalasi ham bir xil ishlagan ekan, degan xulosa chiqarish mumkin, agarda
mutlaq raqamlarga e’tibor bermasak. Birinchi kompaniya o’tgan yili 100 ta, joriy
yilda 157 mebel ishlab chiqardi, ikkinchisi esa tegishli ravishda 167819 va 263475 ta.
Demak, joriy davrda o’tgan davrga nisbatan ikkala kompaniyada ham
qo’shimcha o’sish sur’ati 57% teng.
E’tibor qilsak, birinchi kompaniyada ishlab chiqarish darajasi bir foizga o’ssa mebellar soni 1 taga(100x0,01), ikkinchisida esa 1678 taga oshadi. Shuning uchun ham foizlar bilan bir qatorda, ularning
hisoblanish asosi bo’lgan mutlaq miqdorlarni keltirish va ishlatish har qanday
statistik tekshirishni yanada boyitadi.
Adabiyotlar 1. E. G’oziyev. Tafakkur psixologiyasi. T. 1999.
2. E. G’oziyev. Psixologiya. T. «0’qituvchi» nashriyoti. 2003. (darslik)
3. E. G’oziyev. Sh. Azizova Tashkiliy psixologiya. T. «Universitet» nashr. 1991.
3. FAkramova. R. Abdullayeva. Oilaviy hayotni o’rganishga oid psixologik testlar.T. 2002. Respublika «Oila» markazi.
4. M. Maxsudova. Umumiy psixologiya. (ma’ruzalar matni) Namangan. 2002.
5. M. Maxsudova. Oilaviy munosabatlar psixologiyasi. (uslubiy qo’llanma) Namangan. 2003.