2. Davlatning ijtimoiy siyosati
Davlatning ijtimoiy siyosati tegishli markazlashgan daromadlarni tabaqalashgan soliq solish yo‘li bilan shakllantirish va uni byudjet orqali aholi turli guruhlari o‘rtasida qayta taqsimlashdan iborat. Davlat daromadlarni qayta taqsimlashda ijtimoiy to‘lovlar bilan birga bozor narxlarini o‘zgartirish va ish haqining eng kam darajasini belgilash usullaridan foydalanadi.
Ijtimoiy to‘lovlar – kam ta’minlanganlarga pul yoki natural yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlari tizimi bo‘lib, bu ularning iqtisodiy faoliyatda qatnashishi bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Ijtimoiy to‘lovlarning maqsadi jamiyatdagi munosabatlarni insonparvarlashtirish hamda ichki talabni ushlab turish hisoblanadi.
Aholi real daromadlari darajasiga inflyatsiya sezilarli ta’sir ko‘rsatishi sababli daromadlarni davlat tomonidan tartibga solishning muhim vazifasi iste’mol tovarlariga narxning o‘sishini hisobga olish va daromadlarni indeksatsiyalash, ya’ni nominal daromadlarni narxlar o‘sishiga bog‘liqlikda oshirib borish hisoblanadi.
Shaxsiy daromadni himoya qilishda ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi aholining kambag‘al qatlamini qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Amaliy hayotda qashshoqlikning o‘zi hayot kechirish minimumi yordamida aniqlanadi. Bu ijtimoiy va fiziologik (jismoniy) minimumda ifodalanadi. Ijtimoiy minimum jismoniy ehtiyojlarni qondirishning minimal me’yori bilan birga ijtimoiy talablarning minimal xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi. Fiziologik minimum esa faqat asosiy jismoniy ehtiyojlarni qondirishni ko‘zda tutadi.
Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda aholining ijtimoiy yordamiga muhtoj qismini aniqlashda turli xil mezonlar asos qilib olinadi. Ular jumlasiga daromad darajasi, shaxsiy mol-mulki miqdori, oilaviy ahvoli va shu kabilar kiritiladi.
Ijtimoiy siyosat – bu davlatning daromadlar taqsimotidagi tengsizlikni yumshatishga va bozor iqtisodiyoti qatnashchilari o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf qilishga yo‘naltirilgan siyosatdir.
Aholini ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlari tizimidagi eng asosiy yo‘nalish – bu narxlar erkinlashtirilishi va pulning qadrsizlanish darajasi ortib borishi munosabati bilan daromadlarning eng kam va o‘rtacha darajasini muntazam oshirib borish hisoblanadi.
Aholini ijtimoiy himoyalashning ikkinchi yo‘nalishi – ichki iste’mol bozorini himoya qilish, hamda oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat mollari asosiy turlari iste’molini muayyan darajada saqlab turish bo‘ldi. Bunga erishishda muhimi mahsulotlar eksportini bojxona tizimi orqali nazorat qilish va ularga yuqori boj to‘lovlari joriy etish, kundalik zarur tovarlarni me’yorlangan tarzda sotishni tashkil qilish kabi tadbirlar katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ijtimoiy siyosatni amalga oshirishning uchinchi yo‘nalishi – aholining kam ta’minlangan tabaqalarini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash borasida kuchli chora-tadbirlar o‘tkazilganligi bo‘ldi. Bu yo‘nalishda aholining ijtimoiy jihatdan nochor qatlamlari – pensionerlar, nogironlar, ko‘p bolali va kam daromadli oilalar, ishsizlar, o‘quvchi yoshlar hamda qayd etilgan miqdorda daromad oluvchi kishilar turli xil yo‘llar bilan himoya qilib borildi.
Yalpi ijtimoiy himoyalash tizimidan ishonchli ijtimoiy kafolatlar va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga izchillik bilan o‘tish – ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga, ijtimoiy himoya vositasini kuchaytirishda sifat jihatdan yangi bosqich boshlashini bildiradi.
Shunday qilib, islohotlar davrida davlat aholining muhtoj tabaqalarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, o‘z mehnat faoliyati orqali oilasining farovonligini ta’minlashga intiluvchi kishilar uchun teng sharoit va qulay imkoniyat yaratishga harakat qiladi.
Asosiy tayanch tushunchalar:
Aholi daromadlari – aholining ma’lum vaqt davomida pul va natural shaklda olgan daromadlari miqdori.
Nominal daromad – aholi tomonidan pul shaklida olingan daromadlari summasi.
Ixtiyorida bo‘lgan daromad – barcha soliqlar to‘langandan keyin qolgan daromad, ya’ni shaxsiy iste’mol va jamg‘arma maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lgan daromad.
Real daromad – narx darajasi o‘zgarishini hisobga olib aholi ixtiyoridagi daromadning zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni sotib olishga yetadigan quvvatidir. Qisqa qilib aytganda aholi daromadining xarid quvvatidir.
Lorens egri chizig‘i – daromadlar tengsizligi darajasini miqdoriy aniqlashni xarakterlaydi.
Ijtimoiy to‘lovlar – kam ta’minlanganlarga pul yoki natural shaklda yordam ko‘rsatishga qaratilgan turli xil to‘lovlar.
Ijtimoiy siyosat – bu davlatning daromadlar taqsimotidagi tengsizlikni iqtisodiyot qatnashchilari o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf qilishga yo‘naltirilgan siyosat.
Dostları ilə paylaş: |