5. Xalqaro savdoning mazmuni, tuzilishi va xususiyatlari
Hozirgi jahon rivojining xususiyatli belgisi tashqi iqtisodiy aloqalarning, avvalo, tashqi savdoning tez o‘sishi hisoblanadi. Tashqi savdo xalqaro hamkorlikning ishlab chiqarish, ilmiy-texnika va boshqa shakllari (kadrlarni tayyorlash, turizm va h.k.) bilan bir qatordagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning muhim shakli hisoblanadi. Barcha mamlakatlar tashqi savdosi majmui xalqaro savdoni tashkil etadi.
Xalqaro savdo – bu turli davlat-milliy xo‘jaliklari o‘rtasidagi tovar va xizmatlarning ayirboshlash jarayonidir. Xalqaro savdo qadimdan mavjud bo‘lsada, faqat XIX asrga kelib, ya’ni deyarli barcha rivojlangan mamlakatlar xalqaro savdo aloqalarida ishtirok eta boshlashi bilan jahon bozori shakliga kirdi.
Xalqaro savdo tashqi savdo aylanmasi, eksport va import, savdo balansi kabi ko‘rsatkichlar bilan tavsiflanadi.
Eksport – bu tovarlarni chet ellik mijozlarga sotish bo‘lib, bunda mazkur mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovar mamlakatdan tashqariga chiqariladi. Eksportning iqtisodiy samaradorligi shu bilan aniqlanadiki, mazkur mamlakat ishlab chiqarishning milliy xarajatlari jahon xarajatlaridan past bo‘lgan mahsulotlarni chetga chiqaradi. Bunda eksportda olinadigan yutuq hajmi mazkur tovar milliy va jahon narxlarining nisbatiga, mazkur tovarning xalqaro aylanmasida ishtirok etuvchi mamlakatlarning mehnat unumdorligiga bog‘liq.
Xalqaro savdoda tovarlarning eksport tarkibi fan-texnika revolyutsiyasi va xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi ta’siri ostida o‘zgaradi. Hozirgi davrda xalqaro savdoning eksport tarkibida qayta ishlovchi sanoat mahsulotlari yetakchi o‘ringa ega bo‘lib, uning hissasiga jahon tovar ayriboshlashining 3/4 qismi to‘g‘ri keladi. Oziq-ovqat, xom-ashyo va yoqilg‘i ulushi faqat 1/4 qismini tashkil qiladi.
Xizmatlar eksporti tovarlar eksportidan farq qiladi. Chet ellik iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish, chet el valyutalarini olish bilan bog‘liq bo‘lib, u milliy chegarada amalga oshiriladi (masalan, chet el kompaniyasi vakillariga pochta, telegraf xizmati ko‘rsatish, chet el fuqarolariga sayyohlik xizmati ko‘rsatish va h.k.).
Kapital eksport qilish ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Kapital eksporti kredit berish yoki chet el korxonalari aksiyalariga maqsadli qo‘yilmalar kabi shakllarda amalga oshirilib, kapital chiqarilgan vaqtda eksport qiluvchi mamlakatdan mablag‘lar oqimini taqozo qiladi va shu orqali tasarrufida bo‘lgan resurslar hajmini qisqartiradi. Boshqa tomondan, kapital eksporti chet davlatlarning mazkur mamlakatdan bo‘lgan qarzlarini ko‘paytiradi. U jahon bozoriga tovarlarning keyingi eksporti uchun qulay sharoit yaratadi va chet el valyutasida foiz yoki dividend shaklida barqaror daromad olish omili hisoblanadi.
Ko‘plab mamlakatlar, cheklangan resurs bazasiga va tor ichki bozorga ega bo‘lib, o‘zlarining ichki iste’moli uchun zarur bo‘lgan barcha tovarlarni yetarli samaradorlik bilan ishlab chiqarish holatida bo‘lmaydi. Bunday mamlakatlar uchun import kerakli tovarlarni olishning asosiy yo‘li hisoblanadi.
Import eksportdan farq qilib chet ellik mijozlardan tovarlar (xizmatlar) sotib olib, ularni mamlakatga keltirishni bildiradi. Bunda mamlakat ichida ishlab chiqarish xarajatlari tashqaridan sotib olingan chog‘dagi xarajatlaridan yuqori bo‘lgan mahsulotlar import qilinadi. Tashqi savdo samaradorligini hisoblashda mazkur mamlakat tomonidan import qilish hisobiga muayyan tovarlarga bo‘lgan o‘z ehtiyojining tezlik bilan qondirilishi hamda bunday tovarlarni mamlakat ichida ishlab chiqarilgan chog‘da sarflanishi lozim bo‘lgan resurslarning tejalishi natijasida olinuvchi iqtisodiy naf e’tiborga olinadi.
Mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalardagi ishtirokini ifodalovchi bir qator ko‘rsatkichlar ham mavjud. Masalan, tarmoq ishlab chiqarishining xalqaro ixtisoslashuvi darajasi ko‘rsatkichlari sifatida taqqoslama eksport ixtisoslashuvi koeffitsienti (TEIK) hamda tarmoq ishlab chiqarishidagi eksport bo‘yicha kvotadan foydalanish mumkin. TEIK quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
,
bu yerda:
Dostları ilə paylaş: |