Mavzu Algebraik masalalarni yechishda tanqidiy tafakkurni rivoj
Mavzu: Algebraik masalalarni yechishda tanqidiy tafakkurni rivojlantirish texnologiyasi.
R E J A : Kirish.
bob. O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni shakllantirishning nazariy mеtodologik asoslari. Tanqidiy fikrlash borasida olimlarning fikrlari.
Tanqidiy fikrlashning rivojlanish muhitini yaratish muammosi.
bob. Algebraik masalalarni yechishda tanqidiy tafakkurni rivojlantiruvchi metodlar. Algebraik masalalarni yechishda tanqidiy tafakkurni rivojlantirishda qo’llaniladigan metodlar.
Algebraik masalalarni yechishda tanqidiy fikrlashni ta’minlovchi masalalar majmuasini yaratish muammosi.
Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.
Kirish Bugungi kunda pedagogika fanida shaxsning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqaradigan o‘quv jarayonini tashkil etishning turli yo‘llarini izlash alohida dolzarblik kasb etmoqda. Jamiyatda xilma-xil fikrlash muhitini vujudga keltirishda mustaqil, tanqidiy fikrlovchi shaxslarning o‘rni beqiyosdir. Dunyoga yangicha ko‘z bilan qaraydigan barkamol insonni shakllantirish, uning natijasi, mahsuli orqali mustaqil fikrlovchi, ijodiy izlanuvchi, kuchli irodali, g‘oyaviy e’tiqodli, ma’naviyati yuksak, pok vijdonli shaxsni kamol toptirish, yurtimiz ravnaqi va nufuzini yuksaltiruvchi mutaxassis kadrlarni tayyorlash respublikamiz pedagoglari oldida turgan eng muhim va mas’uliyatli vazifadir.
Shu bois, ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchi shaxsining tanqidiy fikrlash faoliyatini shakllantirib, muntazam rivojlantirib borish, “subyekt-subyekt” munosabatini amalda ta’minlash natijasida ularning ijodiy faolligi, izlanuvchanligi, irodaviy sifatlari, ishchanligi, e’tiqodini tarkib toptirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik yillarida birinchi marta DTS doirasida o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan parametrlar va talablar belgilab berilganligi o‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni shakllantirish o‘z yechimini kutayotgan dolzarb pedagogik muammo ekanligini ko‘rsatdi va uning muhim ahamiyati quyidagilarda o‘z aksini topadi:
1) jamiyatda bilimdonlik o‘rnining oshishi, bilishning cheksiz imkoniyatlarini ezgulik tomon yo‘naltirish tendensiyasining paydo bo‘lishi;
2) tanqidiy fikrlashning zamonaviy pedagogik texnologiyalari, innovatsion yondashuv asosida talqin qilinishiga ijtimoiy zaruratning tug‘ilishi;
3) yoshlarning bilim egallashga bo‘lgan ehtiyojining umumbashariy ahamiyat kasb etishi;
4) ta’lim-tarbiya jarayonida komil insonni voyaga yetkazish uchun qo‘llanilayotgan samarali yo‘l, shakl, metodlarni tanlash yo‘nalishiga modernizatsiyalash nuqtayi nazaridan yondashish va h.k.
Ta’lim-tarbiya jarayoniga o‘quvchini mustaqil, tanqidiy fikrlashga undaydigan strategiya va texnologiyalarni olib kirish, ularni tanqidiy fikrlashga undovchi ijodiy pedagogik muhitni qaror toptirish, o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida ishchan muloqot, hamkorlik vaziyatini vujudga keltirish o‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni shakllantirish uchun nihoyatda zarurdir. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning: “Jamiyatda mustaqil fikrlovchi, erkin shaxsni shakllantirsak, o‘zining qadr-qimmatini anglaydigan, irodasi baquvvat, iymoni butun, hayotda aniq maqsadga ega bo‘lgan insonlarni tarbiyalash imkoniga ega bo‘lamiz” deyishida chuqur nazariy va ilmiy ma’no bor.
Pedagogika, psixologiya, falsafa, sotsiologiyaga oid ilmiy manbalar, DTSlari, o‘quv adabiyotlarining tahlili hamda tadqiqot doirasidagi mavjud pedagogik amaliyotni o‘rganish natijalari o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash darajalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan didaktik tizimni aniqlash, uni nazariy jihatdan asoslash va ta’lim amaliyotida qo‘llashga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatdi.
Mazkur muammoning yechimiga doir qarashlar, yondashuvlar matematika va pedagogika fani konsepsiyalarida, shu bilan bir qatorda, ko‘plab xorij olimlarining tadqiqotlarida o‘z aksini topgan. Ular ta’lim tizimida o‘quvchilarning o‘quv-anglash faoliyatini tashkil qilish, ularda fikrlash, tushunish va nazariy qobiliyatlarni rivojlantirish muammolarining yechimini topishga kognitiv ta’lim konsepsiyasi nuqtayi nazaridan yondashganlar. Maktab ta’limida o‘quvchilar samarali o‘qish va tanqidiy fikrlashni o‘zlashtirib borishlari juda muhimdir. Tanqidiy tafakkurni rivojlantirishda esa matematik masalalarning ahamiyati beqiyosdir.