Trixotesin ishlab chiqarish. Trixotesin antibiotigi – kislorod geterosiklli birikmalar gruppasiga kirib, keng fungisidli ta’siri va kam toksinli ekanligi bilan xarakterlanadi. Trixotesin suvda kam eruvchan, organik eritmalarda yaxshi eriydi, qizdirishga va kislota ta’siriga chidamli. Bu antibiotikning produsenti Trichothecium roseum zamburugʻi hisoblanadi.
Tayyor holdagi namlanuvchan kukun holdagi trixotesin krem rangida boʻlib, 10% trixotesin, 3% OP-t emulgator va 87% kaolindan iborat. Trixotesin tamaki, bodring, mevali daraxtlar va uzumdagi barg sargʻayishi va donli ekinlarning ildiz chirishi kasalligiga qarshi qoʻllaniladi.
Oʻsimlikshunoslikda foydalaniladigan antibiotiklarni tanlashda preparatga qoʻyiladigan asosiy talablar quyidagilardir:
Antibiotik oʻsimlik zararkunandasiga qarshi maxsus biologik faollikga ega boʻlishi;
U oʻsimlik toʻqimasiga oson kirishga va uning ichida biologik faollik koʻrsatishi;
Antibiotikning davolash miqdori oʻsimlikka zararsiz boʻlishi;
Antibiotik, oʻsimlik toʻqimasi ichki qismida va ustki qismida boʻla turib, nisbatan uzoq vaqt biologik faollikka ega boʻlishi, tuproqga tushganda oson va tez faolligini yoʻqotishi maqsadga muvofiqdir.
Antibiotikga qoʻyilgan asosiy talablarning yana bittasi qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan preparat tibbiyot amaliyotida ishlatilmasligi zarur.
Oziq-ovqat va konservalash sanoatida – mahsulotlarni buzadigan mikroorganizmlarga qarshi kurashish uchun fizik va kimyoviy usullar bilan bir qatorda qoʻllaniladi. Lekin bu maqsadlar uchun tibbiyotda qoʻllaniladigan antibiotiklardan foydalanib boʻlmaydi. Antibiotiklar orasida oziq-ovqat va konserva sanoatida ishlatiladiganlari subtilin, nizin va boshqalarni keltirish mumkin. Subtilinni Bacillus subtilis kulturasi hosil qiladi, kimyoviy tarkibi polipeptiddir. Grammusbat va grammanfiy mikroorganizmlarga nisbatan, shular qatorida kislotaga chidamli basillalar ham faol ta’sir koʻrsatadi.
Sabzavotlarni konservalashda subtilinni qoʻllab, termik ishlov berishdan birmuncha saqlaniladi, bu konservada vitaminlar saqlanishi va mazasini yoʻqotmasligida katta ahamiyatga ega.
Nizin – yuqori molekulali peptid, Str. lactis sintezlaydi. Nizindan tibbiyot amaliyotida foydalanilmaydi, uni pomidor, koʻk noʻxat, gul karam va boshqa mahsulotlarni konservalashda qoʻllaniladi. Pishloq saqlashda ham samarali natija beradi. Antibiotik bir qancha termofil spora hosil qiluvchi bakteriyalar taraqqiyotini toʻxtatadi. Odam uchun zararli emasligi bilan xarakterlanadi.