Mavzu. Axborot xurujiga qarshi yoshlarda ogohlik tuygularini tarbiyalash kirish I bob. Axborot xuruji va ogohlikning nazariy-metodologik asoslari


III BOB. AXBOROT XURUJIGA QARSHI YOSHLAR MA’NAVIY IMMUNITETINI SHAKLLANTIRISH YO‘LLARI



Yüklə 340,5 Kb.
səhifə18/26
tarix07.06.2023
ölçüsü340,5 Kb.
#126351
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   26
G`olib disertatsiya eng yangi

III BOB. AXBOROT XURUJIGA QARSHI YOSHLAR MA’NAVIY IMMUNITETINI SHAKLLANTIRISH YO‘LLARI
3.1. Axborot xurujiga qarshi shaxs fuqarolik tarbiyasining o‘rni va ahamiyati
Axborot xurujiga qarshi shaxs fuqarolik madaniyatini yuksaltirish uchun uning fuqarolik bilim va qarashlarini, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish zarur bo‘ladi. Bu masala fuqarolik tarbiyasi yordamida amalga oshiriladi. Binobarin, fuqarolik tarbiyasi ham fuqarolik madaniyatini shakllantirishning muhim omillaridan biridir. Ushbu omildan naqadar puxta foydalanilsa, YAngi O‘zbekistonni barpo etishdek ezgu maqsadga xizmat qilishga qodir shaxsni shakllantirish imkoniyatlari shu qadar kengayadi.
Keyingi yillarda axborot xurujidan saqlanishda fuqarolik tarbiyasining falsafiy, sotsiologik, kulturologik, pedagogik, psixologik va boshqa aspektlariga qiziqish bag‘oyat ortdi. Olim va tadqiqotchilar muammoning turli aspektlarini bafurja o‘rganib, ijtimoiy hayot murakkablashgani sayin shaxsni fuqaro sifatida voyaga etkazish zaruriyati ortib borayotganini e’tirof qilmoqdalar, mavzuga doir turfa g‘oya va takliflarni ilgari surmoqdalar47. SHuning bilan bir qatorda, aytib o‘tish kerakki, ushbu ilmiy ishlarning barchasida tadqiqotchilar masalaning mohiyatini o‘z ixtisosliklari kontekstida ochib berishga intiladilar. Ayrim manbalarda fuqarolik ta’limi va tarbiyasi o‘rtasidagi jiddiy tafovutlar e’tiborga olinmaydi. SHuni inobatga olgan holda biz o‘z tadqiqotimizda axborot xurujidan saqlanishda fuqarolik tarbiyasining falsafiy aspektiga diqqatni jamlashni, uni fuqarolik ta’limidan ayricha fenomen sifatida tavsiflashni, uning bosqichlari, uslublari va vositalarini ifodalab berishni ma’qul deb topdik. Fikrimizcha, aynan shunday yondashuv uning mazmuni, tarkibi va ijtimoiy ahamiyatini to‘laroq tushunib olish, ushbu jarayonni to‘g‘ri tashkil qilish imkonini beradi.
O‘zbekistonda shaxs fuqarolik tarbiyasi uzluksiz tarbiya jarayonining ajralmas qismi sifatida amalga oshirib kelinmoqda. Biroq YAngi O‘zbekiston barpo etilayotgan bugungi davrda uning samarasini oshirish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Buning uchun esa eng avvalo ushbu jarayonni aniq tamoyillarga bo‘ysundirish zarur bo‘ladi. Fikrimizcha, bu tamoyillar quyidagilar-dan iborat bo‘lmog‘i lozim:

  • fuqarolik tarbiyasi ijtimoiy manfaatlari sari yo‘naltirilmog‘i kerak;

  • fuqarolik tarbiyasi real hayot bilan aloqadorlikda amalga oshirilmog‘i darkor;

  • fuqarolik tarbiyasi uzluksiz ravishda olib borilmog‘i lozim;

  • fuqarolik tarbiyasi insonparvar xarakterga ega bo‘lmog‘i kerak;

  • fuqarolik tarbiyasi pozitiv xarakterga ega bo‘lmog‘i darkor;

  • fuqarolik tarbiyasi turli uslublar va vositalar yordamida amalga oshirilmog‘i lozim.

Barcha bosqichlarda fuqarolik tarbiyasining maqsadi va vazifalari bir xilligicha qolaveradi, biroq ularning har birida bu vazifalar o‘ziga xos tarzda bajariladi. Xususan, inson fuqarolik e’tiqodi, fazilatlari va qadriyatlarining ilk asoslari oilada shakllana boshlaydi. Oila insonning butun hayoti va faoliyatiga muayyan mazmun baxsh etib turuvchi, uning e’tiqodi, fazilatlari, jamiyatdagi jarayonlarga munosabatini shakllantiruvchi asosiy ijtimoiy institutlardan biridir. SHuningdek, u insonga eng katta tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan ijtimoiy sub’ektlardan biri hisoblanadi. Biroq bunday tarbiyaviy ta’sir salmoqli bo‘lishi uchun avvalo oilaning moddiy imkoniyatlari, maishiy shart-sharoitlari, moliyaviy ahvo-li maqbul saviyada bo‘lmog‘i darkor. Oilada qaror topgan ichki muhit, o‘zaro munosabatlar xarakteri ham uning tarbiyaviy salohiyatida katta iz qoldi-radi. Oiladagi shart-sharoitlarning optimallashuvi, bir tomondan, shaxs kamoloti, ikkinchi tomondan, jamiyat rivoji uchun zamin yaratadi. SHuni nazarda tutgan holda davlat rahbari: “...Oila baxtli bo‘lsa, butun jamiyat, davlat mustahkam va barqaror bo‘ladi”48,- deb uqdirgan edi. Oila moddiy imkoniyatlari, maishiy shart-sharoitlari, moliyaviy ahvolidagi eng minimal nuqsonlar ham uning tarbiyaviy salohiyatining emirilishiga, asl fuqaroni voyaga etkazish borasidagi imkoniyatlarining cheklanishiga sabab bo‘ladi. Binobarin, oiladagi fuqarolik tarbiyasini takomillashtirish uchun birinchi navbatda uning moddiy va moliyaviy imkoniyatlarini mustahkamlamoq zarur bo‘ladi.
O‘zbekistonda bu vazifani uddalash uchun real shart-sharoitlar yaratilmoqda, deb ayta olamiz. “Biz uchun mehr-muhabbat qo‘rg‘oni bo‘lgan oila institutini mustahkamlash keyingi paytda yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ana shu siyosatni belgilaydigan muhim hujjat - O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilindi. Mazkur konsepsiyani hayotga tatbiq etish maqsadida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi qayta tashkil etildi. Oila masalasini kom-pleks o‘rganib, mavjud holatni tahlil etish, monitoring qilish va baho berishga, ilmiy tadqiqotlar orqali oila farovonligini oshirishga xizmat qiladigan yangi tizim yaratildi”.49 Endilikdagi vazifa yaratilayotgan shart-sharoitlarga tayangan holda oilalarning farzandlarni asl fuqaro sifatida voyaga etkazishdagi rolini kuchaytirishdan iborat. Bizning fikrimizcha, oiladagi fuqarolik tarbiyasi quyidagilarga yo‘naltirilmog‘i lozim:

  • farzandlar fuqarolik e’tiqodi, fazilatlari va qadriyatlarining shakllanishi uchun qulay maishiy, ma’naviy-ruhiy shart-sharoitlar yaratish; ota-onalar farzandlar uchun bunday sharoitlarni yaratib bermasa, bolalarning fuqaro sifatida voyaga etishi mushkullashadi;

  • farzandlarda Vatan tuyg‘usini shakllantirish; Vatan haqidagi tasavvurlari ilk bolalik davridanoq qaror toptirilmog‘i lozim, bu tuyg‘u va tasasvvurlar kelgusida fidokorona vatanparvarlik faoliyati uchun asos bo‘lib xizmat qiladi;

  • farzandlarni insonparvarlik g‘oyalar va qadriyatlari bilan tanishtirish; bolalarga bunday g‘oyalar va qadriyatlarning singdirilishi kelgusida pozitiv va progressiv fuqarolik ongining shakllanishiga zamin yaratadi;

  • farzandlarni ajdodlarning vatanparvarlik faoliyati bilan tanishtirish; millatning buyuk vakillari vatanparvarligi yosh avlod uchun ibrat maktabi vazifasini o‘taydi va uning fuqarolik faoliyati yo‘nalishini belgilab beradi;

  • farzandlarda fuqarolik g‘ururi kurtaklarini vujudga keltirish; bolalar oiladayoq O‘zbekiston farzandi ekanliklaridan g‘ururlanishga odatlanishlari lozim;

  • farzandlar ongi va dunyoqarashini nomaqbul fuqarolik ongi va faoliyati modellari ta’siridan himoya qilish; fuqarolik pozitsiyasi tugal shakllanmagan davrda bu vazifaning ahamiyati ayniqsa balanddir.

Oilada boshlangan fuqarolik tarbiyasi uzviy ravishda ta’lim maskanlarida davom ettiriladi. Insonning butun umrini qamrab oladigan ijtimoiy-tarbiyaviy jarayonda mazkur bosqich ayniqsa ahamiyatli hisoblanadi. CHunki fuqarolik tarbiyasining aynan shu bosqichida bolalarning fuqarolik e’tiqodi, fazilatlari, qadriyatlariga tizimli tus bera boriladi. Ta’lim maskanlarida amalga oshiriladigan fuqarolik tarbiyasi maktabgacha ta’lim muassasalarida boshlanib, oliy ta’limda intihosiga etkaziladi. Bir qarashda, maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida fuqarolik tarbiyasi bilan shug‘ullanishning hojati yo‘qdek tuyuladi. Aslida esa bu davrda, masalan, bolalarning davlat bayrog‘i, gerbi, gimni, mamlakat Prezidenti, O‘zbekiston va uning jahonda tutgan o‘rni haqidagi dastlabki ma’lumotlar bilan tanishtirilishi, ularga hurmat tuyg‘ularining qaror toptirilishi kelgusida fuqarolik e’tiqodi, fazilatlari va qadriyatlarining shakllanishi uchun zamin yaratadi. Umumta’lim mak-tablarining yuqori sinflarida, o‘rta maxsus va oliy ta’limda fuqarolik ta’limi bilan uyg‘unlikda amalga oshiriladigan fuqarolik tarbiyasi esa quyidagilarga yo‘naltirilmog‘i lozim:

  • o‘quvchi va talabalarning Vatan haqidagi tasavvurlariga tizimli tus berish;

  • o‘quvchi va talabalarning tahsil davomida olgan siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy, estetik, mehnat, ekologik va boshqa bilimlari asosida fuqarolik e’tiqodini shakllantirish;

  • o‘quvchi va talabalarning vatanparvarlik, millatparvarlik, adolatparvarlik, insonparvarlik, tolerantlik kabi fuqarolik fazilatlarini rivojlantirish;

  • o‘quvchi va talabalarning huquq va erkinliklar, burch va majburiyatlar kabi fuqarolik qadriyatlarini yaxlit tizimga solish;

    • o‘quvchi va talabalarni milliy g‘oya va Vatan manfaatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash.

Fuqarolik tarbiyasining keyingi bosqichi mehnat jamoasida amalga oshiriladi. Bu bosqich o‘ziga xos tarbiyaviy qudratga ega. CHunki insonning asosiy hayotiy faoliyati mehnat bilan bog‘liq. Aynan mehnat, bir tomondan, inson ehtiyojlarining qondirilishi uchun zamin yaratadi, ikkinchi tomondan esa, uning e’tiqodi, fazilatlari va qadriyatlarining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. “Mehnat tufayli inson tabiatdagi narsalarni o‘zgartiribgina qolmaydi, balki o‘zi ham kamol topadi, uning aqliy va jismoniy qobili-yatlari o‘sadi”.50 Mazkur maqsadga muvofiq faoliyat esa aksar hollarda u yoki bu mehnat jamoasi negizida sodir bo‘ladi. Binobarin, mehnat jamoasi in-sonning asosiy hayotiy faoliyati yo‘nalishlarini belgilaydigan, e’tiqodi, fazilatlari va qadriyatlari shakllantiradigan institutdir.
Mehnat jamoasi muayyan maqsad atrofida ja’m bo‘lgan kishilarning shunchaki yig‘indisi emas. Har qanday mehnat jamoasi o‘zining rasmiy va norasmiy tarkibiga ega. Rasmiy tarkib ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq elementlarni o‘z ichiga oladi. Norasmiy tarkib deganda esa mehnat jamoasining demografik, madaniy va ma’naviy-ruhiy xususiyatlari yig‘indisi nazarda tutiladi51. Mehnat jamoasi rasmiy tarkibi ham, norasmiy tarkibi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Xususan, mehnat jamoasida ishlab chiqarish jarayonining tashkil etilishi, uning zamonaviy iqtisodiy talablarga mosligi, mehnat jarayonining yangi texnika vositalari va texnologiyalar bilan ta’minlanganligi darajasi, tayyorlanayotgan mahsulot sifati va xaridorbopligi, mehnat samaradorligi darajasi – bularning barchasi jamoa a’zolarining fuqarolik ongi va faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Biroq mehnat jamoasi norasmiy tarkibining tarbiyaviy ta’siri ancha salmoqli.Mutaxassislar ushbu tarkibga quyidagilarni kiritadilar: 1) meh-nat jamoasidagi ma’naviy-ruhiy muhit; b) mehnat jamoasi a’zolarining hamjihatligi darajasi; v) mehnat jamoasi a’zolari xarakterining o‘zaro mosligi; g) mehnat jamoasining o‘z a’zolariga ruhiy ta’siri xarakteri.52 Agar mazkur ko‘rsatkichlar ijobiy xarakterga ega bo‘lsa, mehnat jamoasi a’zolarining oilada qaror topa boshlagan va ta’lim maskanlarida bir qadar tizimli tus olgan fuqarolik e’tiqodi, fazilatlari va qadriyatlari barqarorlashadi va takomil topadi. Agar mazkur ko‘rsatkichlar salbiy xarakterga ega bo‘lsa, ushbu e’tiqod, fazilat va qadriyatlar emirila boradi.
Ko‘rinib turibdiki, mehnat jamoasida amalga oshiriladigan fuqarolik tarbiyasi samaradorligini oshirish uchun, birinchidan, uning ijtimoiy-iqtisodiy funksiyalari optimal holatga keltirilmog‘i darkor. Ikkinchidan esa, buning uchun mehnat jamoasidagi ma’naviy-ruhiy muhitni sog‘lomlashtirish, jamoa a’zolari hamjihatligini mustahkamlash, jamoaning a’zolarga ta’sirini insonparvarlashtirish zarur bo‘ladi. SHundagina mehnat jamoasining fuqarolik ongi va faoliyatiga tarbiyaviy ta’siri imkoniyatlari kengayadi.
YUqoridagilarni inobatga olgan holda, mehnat jamoasidagi fuqarolik tarbiyasi quyidagilarga yo‘naltirilmog‘i darkor:

  • maqbul mehnat sharoitlarini yaratish va uni takomillashtirish orqali shaxsga o‘z fuqarolik e’tiqodiga mos holda faoliyat ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratish;

  • jamoada optimal ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirish orqali shaxsning ijtimoiy manfaatlarga xizmat qiladigan fuqarolik fazilatlarini rivojlantirish;

  • jamoa a’zolarini ijtimoiy faoliyatga jalb etish orqali shaxsga o‘z fuqarolik huquq va erkinliklarini oqilona realizatsiya qilishga odatlantirish;

  • jamoa a’zolarining mehnat intizomini takomillashtirish orqali shaxsni o‘z burch va majburiyatlarini to‘laqonli bajarishga undash;

  • g‘ayriinsoniy g‘oyalar tahdidini ochib berishga bag‘ishlangan ma’rifiy-tarbiyaviy tadbirlar tashkil etish orqali shaxs fuqarolik ongi va faoliyatini negativ ta’sirlardan himoya qilish.

Fuqarolik tarbiyasining yana bir bosqichi mahallada kechadi. Mamlakatimizda odamlar ming yillar davomida turli hudud va makonlarda ja’m bo‘lib, o‘zaro hamjihatlikda umrguzaronlik qilganlari bizga yaxshi ma’lum. Turli davrlarda turlicha atalib kelingan bu makonlarda kishilar birgalikda dehqonchilik, chorvachilik, savdo-sotiq ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy o‘zining “Buxoro tarixi” nomli asarida bunday hududlarda muayyan kasbkor va faoliyat turi bilan shug‘ullangan kishilar birgalikda umr kechirganlarini ko‘rsatib o‘tadi. Masalan, Iskajkatni ta’riflar ekan, shunday deb yozadi: “...Uning aholisi boy kishilar bo‘lganlar; boyliklari dehqonchilikdan bo‘lmagan, chunki u qishloqning erlari xarob bo‘lib, yaxshi erlari ming juftga etmagan. Uning hamma aholisi savdogarchilik bilan shug‘ullangan. U joyda ko‘p bo‘z (to‘qib) chiqarilar edi. Har payshanba kuni u erda bozor bo‘lardi”53. Keyinchalik bir kasbkor va faoliyat turiga ega bo‘lgan kishilarni o‘zida ja’m qilgan bu makonlar mahalla deb atala boshlandi.
"Mahalla" arabcha so‘z bo‘lib, joy, o‘rin, makon ma’nolarini anglatadi. Mahalla o‘zbek xalqining kundalik ijtimoiy hayotini va turmushini tashkil qilishda shakllantirgan va asrlar davomida takomillashtirib kelgan hayotiy a’molidir”.54 Bugungi kunda ham mahalla “demokratiyaning asosiy tamoyillariga va jamoa fikriga asoslangan, xalqimizning an’anaviy urf-odatlarini, tarixiy, milliy davlat boshqaruvi, madaniyati va xalqchil jamiyat tizimini shakllantirishga xizmat qiladigan, yuridik maqomga ega bo‘lgan, o‘zini-o‘zi boshqarishni tashkil etishga asoslangan birlamchi hududiy mas-kan”55 vazifasini o‘tamoqda.
Asrlar davomida “mahallaning asosiy vazifalari marosimlarni birgalikda o‘tkazish, o‘z hududini batartib saqlash va obodonlashtirish, yosh avlodni ijtimoiy ruhda tarbiyalash, jamiyat hayotida tartib saqlanishini ta’minlash, barcha an’anaviy me’yorlarning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatish, urf-odatlarga rioya qilish va ularni buzgan, jamoat majburiyatlaridan bo‘yin tovlaganlarni jazolashdan iborat bo‘lgan”56. Mazkur vazifalar mahallalar tomonidan bugungi kunda ham atroflicha ado etilmoqda. Vazifalar mohiyatiga e’tibor bersak, ularning aksariyat qismi tarbiyaviy mazmunga egaligiga amin bo‘lamiz. SHu boisdan ham shaxs fuqarolik tarbiyasida mahallaning alohida o‘rni bor.
Sirasini aytganda, mahalla institutini shartli ravishda fuqarolik tarbiyasining alohida bosqichi sifatida e’tirof etish mumkin. CHunki bu makondagi fuqarolik tarbiyasi oila, ta’lim maskani va mehnat jamoasining tarbiyaviy ta’siri nihoyasiga etkazilganidan keyin emas, ular bilan birgalikda, parallel ravishda amalga oshiriladi. Tafovut shundaki, mahalla shaxs fuqarolik madaniyatini yuksaltirishning mutlaqo boshqa aspektlariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlariga ega. Bu imkoniyatlardan kelib chiqqan holda mahalladagi fuqarolik tarbiyasi quyidagilarga yo‘naltirilmog‘i darkor:

  • shaxs fuqarolik ongi va faoliyatining milliy qadriyatlar, an’analar va urf-odatlarga monand ravishda shakllanishini ta’minlash;

  • shaxs fuqarolik ongi va faoliyatini jamiyat manfaatlari bilan uyg‘unlashtirish choralarini ko‘rish;

  • fuqarolarni boshqa jamiyat a’zolari bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishga odatlantirish;

  • shaxsni jamoatchilik fikriga monand ravishda faoliyat ko‘rsatishga odatlantirish;

  • shaxsni jamiyatdagi barqaror ma’naviy-ruhiy muhitni saqlash yo‘lida faoliyat ko‘rsatishga tayyorlash;

  • shaxs fuqarolik tashabbuskorligini rivojlantirish;

  • shaxsni o‘zgalar fuqarolik e’tiqodi va qadriyatlarini hurmat qilishga o‘rgatish;

  • shaxsni nomaqbul fuqarolik faoliyatiga murosasizlik ruhiyatida tarbiyalash.

Oila va ta’lim maskanlarida, mehnat jamoalari va mahallalardagi fuqarolik tarbiyasi ijtimoiy tarbiyaning boshqa shakllaridan ayri ravishda amalga oshirilmaydi, albatta. Aksincha, u aqliy, siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy, estetik, mehnat va ekologik tarbiya bilan uyg‘unlikda olib boriladi. CHunki shaxsning aqliy, siyosiy, huquqiy, axloqiy va boshqa fazilatlari hamda qadriyatlarini shakllantirmasdan turib, fuqarolik ongini yuksaltirib, fuqarolik faoliyatini maqbullashtirib bo‘lmaydi. Fuqarolik tarbiyasining mazkur tarbiya shakllaridan uzilib qolishi bu boradagi katta tarbiyaviy potensialning realizatsiya bo‘lmay qolib ketishiga, pirovardida esa shaxs fuqarolik madaniyatining biryoqlama shakllanishiga sabab bo‘ladi.
Ijtimoiy tarbiyaning mazkur shakllaridagi har bir muvaffaqiyat fuqarolik tarbiyasi samarasini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, shaxs intellektual salohiyatining yuksalishi fuqarolik ongining muhim elementi – ijtimoiy bilimlarning puxta o‘zlashtirilishi uchun zamin yaratadi. SHaxs siyosiy e’tiqodi mustahkamlanar, siyosiy fazilatlari qaror topar ekan, uning fuqarolik pozitsiyasi ham barqaror xarakter kasb qila boradi. SHaxs huquqiy fazilatlari rivojlangani sayin o‘z fuqarolik huquq va erkinliklarini, jamiyat oldidagi burch va majburiyatlarini chuqurroq anglay boradi. Axloqiy fazilatlar kamoloti Vatanni ulug‘lashni, uning manfaatlariga xizmat qilishni insoniy mas’uliyat sifatida qabul qilishga o‘rgatadi. Diniy e’tiqod va qadriyatlar rivoji ayrim pallalarda targ‘ib qilinayotgan nomaqbul va g‘ayriinsoniy fuqarolik pozitsiyalarining asl mohiyatini ilg‘ab olish imkonini beradi. Estetik fazilatlar tarbiyasi Vatan tuyg‘usining shakllanishi uchun ham zamin yaratadi. Mehnat fazilatlarini qaror toptirish orqali shaxsning jamiyat manfaatlariga xizmat qilish, ularning ro‘yobga chiqarilishi uchun hissa qo‘shish istagini takomillashtirish mumkin. Fuqarolarning axborot almashinuvi madaniyatiga ega bo‘lishi shaxsni Vatanni, undagi tabiiy shart-sharoitlarni asrab-avaylashga, ogohlik tuyg‘ularini shakllanishiga undaydi. Faqat faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan shaxslarginaminformatsion xurujlarning mohiyatini to‘liq anglay oladi. Ularning ta’siriga tushib qolmaslik chorasini ko‘radi. YOshlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘la oladi. Axborot xurujlaridan kelayotgan va kutilishi ehtimolini aniq tushunadi va boshqalarga ham etkaza oladi. O‘zi birinchilardan bo‘lib tashabbus ko‘rsata oladi.
SHu o‘rinda rivojlangan mamlakatlarda insondagi axborot madaniyatini shakllantirish masalalarini tahlil etishda, uning darajasini belgilovchi bir qator indikatorlar qabul qilinganligini aytish lozim. Ulardan eng muhimlari quyidagilardan iborat:
- fuqarolarning intellektual rivojlanishi, ularning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari umumiy darajasini namoyon etuvchi ta’lim tizimining shakllangani;
- axborotni olish, uzatish, foydalanish imkoniyatlarini beruvchi axborot infratuzilmasining mavjudligi;
- mamlakatningiqtisodiy rivojlanish darajasiga bog‘liq bo‘lgan ta’lim olish, ilg‘or zamonaviy axborot texnikasi va vositalarini xarid qilish hamda ulardan foydalanish uchun mavjud moddiy imkoniyatlar.
Paragraf xulosalariga ko‘ra, axborot xurujlariga qarshi kurashishda avvalo, mamlakatimizda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish zarur. SHunga ko‘ra: birinchidan, yoshlarni faol fuqarolik pozitsiyasiga yo‘naltirishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish; ikkinchidan, yoshlarga axbort xurujlarini asl maqsadini tushuntirish, uning kelajakdagi oqibatlarini anglatish; uchinchidan, faol fuqarolikni shakllantirishda davlat faoliyati va rolini oshirish; to‘rtinchidan, fuqarolik madaniyatini shakllantirishda xorijiy rivojlangan davlatlar yutuqlarini milliy qadriyatlarga asoslantirishdan iborat.



Yüklə 340,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   26




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin