Kirish
1.Bob. Axborotlashgan jamiyat yoshlarida “axborot axloqi”ni shakllantirishning nazariy asoslari
1.1.Yoshlar axborot axloqini shakllantirishning huquqiy-g’oyaviy asoslari
1.2. Yoshlar axborot axloqini shakllantirishda ongning o’rni
2. Bob. Mamlakatimiz yoshlarida “axborot axloqi”ni shakllantirishning zamonaviy usul va vositalari 2.1. Yoshlar axloqiga xavf soluvchi axboriy tahdidlarning shakllari
2.2. Virtual olam tahdidi – yoshlar “axborot axloqi”ni shakllantirish zaruratining omili sifatida
2.3. Yuksak darajadagi milliy axloq - axboriy tahdidlarga qarshi kurash vositasi
Xulosa Foydalanilgan adabiyotlar Kirish Bitiruv malakaviy ishining dolzarbligi. Insoniyatning axborotga, uni olish, foydalanish va tarqatishga bo‘lgan ehtiyoji mislsiz sur'atlarda ortib bormoqda. Ma'lumki, axborotga nisbatan talab qanchalik kuchaysa, uni tarqatuvchilar ham mos ravishda ko‘payishadi. Xo‘sh, tarqatilayotgan axborotlar uni talab qilayotgan shaxslarning manfaatlariga mos keladimi? Shaxs, jamiyat, davlatning axborot xavfsizligiga tahdidlar bo‘lsa, uni oldini olish, undan muhofazalanish mumkinmi?
Bu kabi savollar globallashuv jarayoni sharoitida eng muhim masalalardan biriga aylanib bormoqda. Ularni to‘g‘ri hal etish uchun esa axborot xavfsizligi tushunchasini anglab olish va axborot xavfsizligini har tomonlama ta'minlash, xususan, huquqiy ta'minlash yo‘llarini izlash lozim. Bugun kommunikatsiya vositalarini rivojlanishi axborotlashish jarayonini tezlashuvi va murakkablashuviga sabab bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida insoniyat oldida soxta va xolis axborotlarni farqlab olish imkoniyatini cheklab qo‘ymoqda. Eng dahshatlisi, bugun axborot yangicha ko‘rinishdagi “tahdid”ning xavfli quroliga aylanib bormoqda. "Bugungi kunda, - degan edi, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov, - insoniyat qo‘lida mavjud bo‘lgan qurol-yarog‘lar yer kurrasini bir necha bor yakson qilishga etadi. Buni hammamiz yaxshi anglaymiz. Lekin hozirgi zamondagi eng katta xavf - insonlarning qalbi va ongini egallash uchun uzluksiz davom etayotgan mafkuraviy kurashdir. Endilikda yadro maydonlarida emas, mafkura maydonlarida bo‘layotgan kurashlar ko‘p narsani hal qiladi1". Har bir kishida axborotga nisbatan immunitetni muntazam oshirib borish chora tadbirlarini ishlab chiqish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Masalaning ikkinchi tomoni, uzoq va yaqin mintaqalardagi turli xil siyosiy, mafkuraviy va boshqa kuchlar o‘zlarining g‘arazli niyatlari yo‘lida ommaviy axborot vositalaridan foydalanib, axborot erkinligini suiste’mol qilib, axborot tahdidlari orqali yoshlarning ongi va qalbini egallash yo‘lida tinimsiz harakatlarni kuchaytirmoqda. SHu ma’noda, PQ-3160 sonli qarorda “yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish”2 masalasi ham kunning eng dolzarb vazifalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda