Birinchi bosqich. XIX asrning ikkinchi yarmigacha davom etgan. Bu bosqichda "Qo`llik" axborot texnologiya taraqqiy etgan. Uning vositalari: pero, siyohdon, kitob. Kommunikasiya, ya`ni aloqa odamdan odamga yoki pochta orqali xat vositasida amalga oshirilgan. Bu axborot texnologiyasi insonning aqli rivojlanish davrida paydo bo`lgan.
Ikkinchi bosqich. XIX asrning oxiri, unda "Mexanik" texnologiya rivoj topgan. Uning asosiy vositalari yozuv mashinkasi, arifmometr kabilardan iborat.
Uchinchi bosqich. XX asr boshlariga mansub bo`lib, "Elektromexanik" texnologiyalar bilan farq qiladi. Uning asosiy vositalari sifatida telegraf va telefonlardan foydalanilgan. Bu bosqichda axborot texnologiyasining maqsadi ham o`zgardi. Unda asosiy urg`u axborotni tasvirlash shaklidan, uning mazmunini shakllantirishga ko`chirildi.
To`rtinchi bosqich. XX asr o`rtalariga to`g`ri kelib, "Elektron" texnologiyalar qo`llanilishi bilan belgilanadi. Bu texnologiyalarning asosiy vositasi EHMlar va ular asosida tashkil etiladigan avtomatlashtirilgan boshqarish tizimlari va axborot izlash tizimlaridir.
Beshinchi bosqich. XX asr oxiriga to`g`ri keladi. Bu bosqichda "Kompyuter" texnologiyalari taraqqiy etdi. Ularning asosiy vositasi turli maqsadlarga mo`ljallangan dasturiy vositalarga ega bo`lgan shaxsiy kompyuterlardir. Bu bosqichda kundalik turmush, madaniyat va boshqa sohalarga mo`ljallangan texnik vositalarning o`zgarishi ro`y berdi. Lokal va global kompyuter tarmoqlari ishlatila boshlandi.
Axborot texnologiyalarining uzoq yillik evolutsion rivojlanishi uni bir necha turlarga bo`linib ketishiga sabab bo`ldi.
Axborot texnologiyalari bir necha turlarga bo`linadi: 1. Ma`lumotlarga ishlov beruvchi axborot texnologiyalari. Ular ma`lum aniq algoritmlar bo`yicha boshlang`ich ma`lumotlarga ishlov beruvchi masalalarni yechishga mo`ljallangan. Masalan, har bir tashkilotda o`zining xodimlari haqidagi axborotga ishlov beruvchi.
2. Boshqarishning axborot texnologiyalari. Ularning maqsadi ish faoliyati qaror qabul qilish bilan bog`liq bo`lgan insonlarning axborotga bo`lgan talabini qondirishdan iborat. Masalan, boshqarishning axborot tizimlari tashkilotning o`tmishi, hozirgi holati va kelajagi haqidagi axborotni beruvchi.