3. Tashkilot axborot texnologiyasi. Avtomatlashtirilgan tashkilot zamonaviy axborot texnologiyalari bu - tashkilot ichidagi va tashqi muhit bilan kommunikatsion jarayonlarni kompyuter tarmoqlari va axborotlar bilan ishlovchi boshqa zamonaviy vositalar asosida tashkil etish va qo`llab-quvvatlashdan iborat. Buning uchun maxsus dasturiy vositalar ham ishlab chiqilgan. Ulardan biri Microsoft Office dasturlar majmuasidir. Uning tarkibiga matn muharriri, elektron jadval, taqdimot muharriri, ma`lumotlar omborini boshqarish tizimlari kiradi.
Hozirgi paytdagi kompyuterlar uchun ko`plab dasturiy vositalar mavjudki, ular barcha turdagi axborot texnologiyalarini ta`minlay oladi. Ularning ayrimlari bilan keyinchalik qisqacha tanishib chiqamiz.
4. Ma`lumotlar ombori. Har qanday axborot texnologiyasining majburiy elementi ma`lumotlar omboridir (MO). Avtomatlashtirilgan tashkilotda MO firmaning ishlab chiqarish tizimi haqidagi barcha ma`lumotlarni o`zida saqlaydi.
5.Elektron pochta (E-mail) - kompyuterlardan tarmoqda foydalanishga asoslangan bo`lib, hamkorlarga ma`lumotlar jo`natish yoki ulardan ma`lumot olish imkoniyatini yaratadi. Audiopochta - bu ma`lumotlarni klaviatura yordamida emas, balki tovush orqali uzatuvchi elektron pochtadir.
Axborot texnologiyalari faqat fan va texnika hodisasi bo`lmasdan, iqtisodiy rivojlanishning muhim omiliga aylanmoqda. Axborot bilan qamrab olinmagan biror muhim xo`jalik sohaga (masalan, ta`lim, ishlab chiqarish, transport, kredit-moliya, savdo, qishloq xo`jalik) misol keltirish qiyinmas. Ayni paytda kompyuterlar va aloqa vositalari asosida axborotni to`plash, saqlash va taqdim etishning zamonaviy usullari, yangi axborot texnologiyalari va xizmatlarni sotish (tarqatish) maqsadlarida ishlab chiqarish mustaqil tarmoq sifatida shakllandi va ajralib chiqdi. Shunday qilib, xalq xo`jaligini axborotlashtirish kelgusiga axborot texnologiyasining inqilobiga o`tish demakdir.
Axborot texnologiyalari, shu jumladan, kompyuterlar keng qo`llanilib kelayotgan ayrim sohalarni sanab o`tamiz.
Biznes sohasi.Axborot texnologiyalari yangi korxona yoki firmaning muvaffaqiyat bilan faoliyat ko`rsatishida katta rol o`ynaydi. Masalan,
tashkilot yoki firmaning yorlig`ini va tegishli hujjatlarini tartibga keltirishda;
tashkilot yoki firmaning taqdimot marosimini o`tkazishda;
reklamalarning loyihasini tuzish va reklama materiallarini tayyorlash, hisobotlar, shartnomalarni tayyorlashda;
mijozlar haqidagi ma`lumotlar ro`yxatini saqlash va u bilan ishlashda;
boshqa firmalar, potensial ta`minotchi, ulgurji xaridorlar bilan bog`lanishda;
mijozlar va ta`minotchilar bilan muzokara olib borish va hokazolarda.
Shunday qilib tashkilot yoki firmaning taraqqiy etishi uchun albatta axborot texnologiyasi ya`ni kompyuterlarning imkoniyati va o`rni katta.
Bank sohasi.Bank tizimi o`zining ish faoliyatida axborot texnologiyalaridan keng foydalanish imkoniyatiga ega bo`lgan tashkilot hisoblanadi. Masalan,
- yil davomida bir sutkasiga 24 soat mijozlarga aloqa uchun va tegishli ma`lumotlarni olish, ma`lumotnomani tekshirish, hisobni to`lash imkoniyatini yaratish;
- mijozlarga xizmat ko`rsatish madaniyatini oshirish;
- kredit kartochkalari yordamida telefon yoki Internet orqali xizmatni yo`lga qo`yish;
- mijozlar haqidagi ma`lumotlarni saqlash;
- Bankning hisob raqamlari haqidagi ma`lumotlar va boshqalar.