Mifologik bilim insoniyat tarixining dastlabki bosqichida muhim rol o‘ynagan. Mifologik bilimning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u borliqning fantastik in’ikosi hisoblanadi. Mifologiya doirasida tabiat, koinot va odamlar, ular mavjudligining shart-sharoitlari, aloqa shakllari va hokazolar haqidagi muayyan bilimlar shakllangan. So‘nggi vaqtda (ayniqsa strukturalizm falsafasida) mifologik tafakkur – bu shunchaki fantaziyaning tiyiqsiz o‘yini emas, balki ajdodlar tajribasini qayd etish va keyingi avlodlarga berish uchun imkoniyat yaratadigan dunyoni o‘ziga xos tarzda modellashtirish ekanligi aniqlandi.
Badiiy bilimborliqni tushunib etish refleksiyaning o‘ziga xos shakli bo‘lib, u san’at borlig‘ining barcha bosqichlarida – asar g‘oyasidan boshlab uning odamlar tomonidan qabul qilinishigacha – o‘ziga xos tarzda ro‘yobga chiqadi. Badiiy ijodni ijodkorning fikrlari va kechinmalarini anglab etish ob’ekti – butun dunyoga uzviy bog‘lagan holda san’at tilida moddiylashtirish deb ta’riflash mumkin. Shaklan badiiy faoliyat ob’ektga qarab mo‘ljal oladi, mazmunan esa, u shaxs o‘zligining ifodasi, inson ma’naviy hayotining intim tomoni, ijodkor ideallari va didining majmui hisoblanadi.
Diniy biliminsoniyat to‘plagan tajribaga tayanib, inson hayotining muhim ko‘rinishlari, chunonchi: oila va turmushdagi xulq-atvor, axloqiy qoidalar, mehnat, tabiat, jamiyat va davlatga munosabatni tartibga soladi. Dinning asosiy vazifasi – inson hayoti, tabiat va jamiyat borlig‘ining mazmunini aniqlashdan iborat. Din universumning pirovard mazmunlari haqidagi o‘z tasavvurini asoslab, dunyo va insoniyatning birligini tushunishga ko‘maklashadi. U inson hayotini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan haqiqatlar tizimidan iborat. Diniy ta’limotlarning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, ular jamoa tajribasini ifodalaydi va shu bois nafaqat har bir dindor odam, balki dinga sig‘inmaydiganlar uchun ham qadrlidir.
Falsafiy bilim. Falsafa san’at va din kabi, bilish vazifalarini echish bilangina kifoyalanmaydi. Uning bosh vazifasi san’at va din bilan uyg‘un holda– insonning dunyoda ma’naviy mo‘ljal olishiga ko‘maklashishdan iborat. Falsafiy bilish ayni shu maqsadga bo‘ysundirilgan. Falsafa umuman dunyo, uning «birinchi» asoslari, hodisalarning universal o‘zaro aloqasi, borliqning umumiy xossalari va qonunlari haqida umumiy tasavvurni shakllantiradi. Falsafa dunyoni insonga bog‘lab o‘rganadi.
Ilmiy bilim. Bilishning eng oliy shakli fandir. Ayrim fanlarning vakillari fanni ta’riflar ekanlar, uni muayyan tadqiqotlar sohasi bilan bog‘laydilar. Ilmiy bilim boshqa bilim turlaridan o‘zining aniqligi bilan ajralib turadi.
Ilmiy bilim, ma’naviy ishlab chiqarishning barcha shakllari kabi, pirovardida inson faoliyatini tartibga solish uchun zarur. Bilishning har xil turlari bu vazifani turlicha bajaradi va mazkur farqning tahlili ilmiy bilimning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashning birinchi va muhim sharti hisoblanadi.