Ilk yoshdagi bolalarni bolalar badiiy adabiyoti bilan tanishtirish
Ilk yoshdagi bolalarning badiiy asarlarni qabul qilishining asosi - bu ularga nisbatan emotsional javob, turli xil ohanglarni ilg’ab olish, ularga munosabat bildirish, imkoniyat darajasidagi adabiy asarlar qahramonlarini tanib olish va ular haqida qayg’urishdir.
Ushbu yoshdagi bolalar uchun kichik shakldagi she’riyat, ya’ni: folklor va mualliflik she’riyati muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bosh qahramonlari bolalar, xayvonlar bo’lgan, o’yinli va maishiy vaziyatlar bayon qilingan asarlar bolalarga juda qiziqarlidir.
Bola kattalar bilan birgalikda matallar va sanoq she’rlar syujetlari asosida ishtiyoq bilan o’yinlar tashkil qiladi, u tovush taqlidiga va folklor yo’nalishidagi bir maromdagi takrorlashlarga quloq tutadi hamda ularga taqlid qiladi.
Bola adabiy asarlarda bayon qilingan voqealarni juda jiddiy qabul qiladi. O’ziga yoqib qolgan ertakni bir necha marta eshitishga xam tayyor. Uning qahramonlarini illyustratsiyalar va o’yinchoqlarda xursand bo’lib tanib oladi, har gal ertakning baxtli yakunini berilib kutgani holda syujet harakatlarining odatdagi ketma-ketligini sinchkovlik bilan kuzatib boradi.
Kichkintoylarga mo’ljaUangan badiiy asarlar soni unchalik ko’p emas. SHuning uchun ular ko’p martalab takror jaranglashi, bolaning kundalik hayotiga kirib borishi va unda badiiy asarni xis qilishning birlamchi asoslarini rivojlantirishi lozim.
Ilk yoshdagi bolalarga o’qib beriladigan asarlar doirasini asosan folklor asarlari tashkil qiladi. Ular eng yaxshi tarzda ilk yoshdagi bolalar extiyojlariga mos keladi, chunki, u so’z, ohang, musiqa va harakatni o’zida jamlagandir. Bolalar xayvonlar haqidagi xalq ertaklari bilan tanishadilar: «Sholg’om», «Bo’g’irsoq», «Uycha», «Chipor tovuq» va boshq.
Maktabgacha ta’lim muassasalari va ota-onalarning vazifalari:
Bolaga so’z san’ati olamini ochish, kitobga qiziqish va mexrni, uni tinglash va tushunishni, xayoliy voqealarga emotsional munosabat bildirishni, qahramonlar haqida qayg’urish va «ularga yordamlashish» xissini tarbiyalash, ya’ni bolalarni badiiy rivojlantirish, ularni bo’lajak kitobxon sifatida shakllantirish;
Hikoyani tinglash va tengdoshlari bilan birgalikda bilish malakasini hosil qilish;
Bolalarga sanoq she’r matniga mos keluvchi o’yin harakatlarini bajarishni o’rgatish;
Bolalarda xalq asarlari, she’rlar, qo’shiqlar ohangdorligi va musiqiyligiga nisbatan emotsional munosabat bildirishni tarbiyalash;
Bolalarga adabiy asarlar ko’p martalab o’qilganida va hikoya qilinganida ularning qahramonlarini tanib olishda yordamlashish;
Bolaning she’rlar va ertaklardan ayrim so’zlar hamda ifodalarni takrorlashga rag’batlantirish;
Illyustratsiyalarni ko’zdan kechirishni, ulardan adabiy asarlar qahramonlarini tanib olishni va illyustratsiya mazmuni bo’yicha oddiy savollarga javob berishni o’rgatish (Kim bu? Quyonning quloqlari qani? U nima qilayapti? Sichqon qani? va x.k.).
Bolalarga dastlab ko’rgazmali asosda (suratlar, o’yinchoqlar, harakatlar), so’ngra esa ko’rgazmasiz taqdim qilinayotgan qisqa she’rlar, sanoq she’rlar, ertaklardagi harakatlar rivojini kuzatib borishni o’rgatish;
Bolani ilk yoshdagi bolalar uchun maxsus chop etilgan (rang-barang, yirik suratli, muqovasi qattiq va yuviladigan) kitoblardan mustaqil ravishda foydalanishga undash.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish bolalarda adabiy asarlarni estetik qabul qilish qobiliyati va maxoratini tarbiyalash, ularda badiiy-nutqiy faoliyatni rivojlantirish bilan uzviy bog’liqdir.
Ilk yoshdagi bolalar bilan pedagogik ishlar mazmuni va shartlari qanday bo’lmog’i lozim?
Tarbiyachining badiiy asarni o’qish yoki hikoya qilish jarayoniga u xuddi ana shu voqealar tomoshabini yoki ishtirokchisi sifatida emotsional tarzda qo’shilib ketishi bolalar bilan pedagogik ishlarni olib borishning eng muhim sharti hisoblanadi.
Aynan bir asarning o’zi ko’p marta takrorlanishi lozim: tarbiyachi suratli kitobdan «SHolg’om» ertagini o’qiydi, so’ngra uni kitobsiz hikoya qilib beradi, o’yinchoqlar bilan ko’rsatadi, guruhga boshqa rassom tomonidan ishlangan illyustratsiyalarni olib keladi, bolalar bilan birgalikda o’qiydi va hikoya qiladi.
Kattalar badiiy so’zni bolaning kundalik hayotiga doimiy ravishda kiritib borishlari (Uxla, qarog’im mening), bolaning o’z ismini u yoki bu o’yin yoxud maishiy vaziyatga mos keluvchi xalq qo’shig’iga qo’shib aytishlari lozim (Allayu-alla, Gulnor qizim uxlasin, alla va x.k.).
Tarbiyachi (kattalar) bolalar bilan birgalikda tanish va notanish kitoblardagi illyustratsiyalarni ko’zdan kechirishi, bolalarni tanish asarlar, illyustratsiyalar va o’yinchoqlar qahramonlarini tanib olishga, qahramon ismi va uning harakatlari nomini aytishga, shuningdek badiiy matnning ayrim ifodali qismlarini aytib berishga («Qochib ketdim bobomdan, qochib ketdim momomdan...») undashi darkor.
Ayniqsa, 4-5 nafar boladan iborat bo’lgan kichik guruhlar bilan kitoblarni ko’rib chiqish va o’qish, shuningdek, har bir bolaning tanlab olingan va guruhda saqlanayotgan kitoblardan erkin foydalanishi uchun tegishli sharoit yaratilishi aloxida ahamiyatga egadir.
Bolalarga barcha notanish so’zlar ma’nosini darxol tushuntirib berishga, xususan obrazli tavsiflash yoxud u yoki bu ertakdan kelib chiqadigan ma’noni o’z so’zlari bilan aytib berishga intilmaslik zarur.
Ilk yoshdagi bolalarga badiiy adabiyotni tanishtirish jarayonida ularda bilish va nutqiy qobiliyatlarini hamda nisbatan tegishli munosabatni rivojlantirish zarur.
Dostları ilə paylaş: |