Mavzu Bolalarning nutqini o’stirish fanining predmeti maqsad va-fayllar.org (2)
Bolalarni ilk yoshda ko’proq she’rlar o’ziga jalb qiladi, chunki ular aniq qofiyalari, ohangdorligi va musiqiyligi bilan aloxida ajralib turadi.
Takror o’qishda bolalar she’r mazmunini o’zlashtirib oladilar, qofiya va ritmni xis qiladilar, ayrim so’zlar va ifodalarni esda saqlab qoladilar hamda shu bilan o’z nutqlarini boyitadilar.
Ushbu yoshda nutqning tovush madaniyatini tarbiyalash katta ahamiyatga egadir: she’r o’qishda kichkintoylarga har bir so’zni aniq aytgan holda ularni shoshmasdan talaffuz qilishni o’rgatish zarur. Bolalarda qofiyalanayotgan so’zlarga urg’u berish odati mavjud, shuning uchun tarbiyachi mantiqiy urg’ularni to’g’ri qo’yishi va bolalarning xam she’rni to’g’ri aytishlariga erishishi lozim. Mazmuni har bir bolaga tushunarli va yaqin bo’lgan ertak hamda she’rlar o’qib bo’linganidan so’ng bolalarga ularning shaxsiy hayotidagi ana shunday holatlarni eslatib o’tish mumkin. Bu savollarga javob berar ekan, bolalar o’z fikrlarini faqat bir-ikkita oddiy gaplardan tuzadilar, lekin buning o’zi endi kelgusida ravon nutqni rivojlantirish uchun tayyorgarlikdir.
Kichkintoylarga ko’p savol bermaslik lozim, odatda ularning asarni qanday tushunganliklarini, qaysi so’zlarni esda saqlab qolganliklarini va ushbu mazmun bolaning shaxsiy tajribasi bilan qay darajada bog’lanishini aniqlovchi ikki-uchta savol berish kifoya.
She’riy obrazlar yaxshi o’zlashtirilishi va unutilib ketmasligi uchun yil mobaynida bolalarga tanish hikoyalar, she’rlar, ayrim ertaklar yoki ertaklardan ritmik qatorlarni takror o’qish lozim.
She’rlar va ertaklarni esda saqlab qolish lug’atni rivojlantirishga katta ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun bolalarning mashg’ulot davomida eshitgan so’zlari ularning faol lug’ati tarkibiga kirishiga intilish zarur. Buning uchun esa ushbu so’zlarni turli ko’rinishlarda tez-tez takrorlash lozim, bo’lmasa kichkintoy yangi so’zlarni shunchaki tovushlar uyg’unligi sifatida qabul qiladi va ularning ma’nosini tushunib yetmaydi.
Tarbiyachining vazifasi - bolalarga o’zlari aytayotgan so’zlar ma’nosini tushunishni o’rgatish, ularni boshqa so’zlar bilan birgalikda qanday qilib qo’llash mumkinligini ko’rsatishdan iboratdir. Masalan, «Novvoscha» she’rini (Novvos borar chayqalib, xansiraydi yo’lida. Voy, taxta chayqalmoqda, men xam yiqilaman-da.) o’qib bo’lgandan so’ng bolalarga yana nimalar chayqalishini ko’rsatish mumkin: novdada barg chayqalmokda, ipga bog’langan soqqa chayqalmokda, arg’imchoqda qiz chayqalmoqda va x.k.
Ish jarayonida badiiy adabiyot bilan tanishtirishga nisbatan shunday yondashuv tez-tez uchraydiki, bunda pedagog ertak yoki she’rni ifodali, emotsional o’qib beradi va shu bilan «tanishtirish» nixoyasiga yetadi. Bolalar balkim, uning ma’nosini tushunib yetar, lekin o’qish ularning fikrlarini rivojlantirmaydi, ular tinglagan asar mazmuni va so’zlari tezda esdan chiqib ketadi. Bunda me’yor xissiga amal qilish juda muhim, ammo asar ustida ishlash, bolalar eslab qolgan so’zlar va ifodalarni takrorlashni davom ettirish juda zarurdir.
Har bir mashg’ulotdan so’ng so’zlarni takrorlash, mustahkamlash lozim. Ularni eng turli- tuman ko’rinishlarda talaffuz qilish darkor, faqat shundagina bolalar ona tili lug’ati va tuzilishini o’zlashtiradilar, ularning faol lug’ati kengayadi, ular bu so’zlarni o’z nutqlarida qo’llay boshlaydilar.
Ayniqsa, grammatik to’g’ri nutqni shakllantirishga aloxida e’tibor qaratish zarur. Bunda bolalarning adabiy asar mazmunidan kelib chiqib savollarga javob berishida to’g’ri grammatik shakldagi so’zlardan foydalanishini kuzatib borish lozim.
Shunday qilib, badiiy asar bilan tanishtirish nutqni har tomonlama rivojlantirishga, ya’ni: tovush madaniyatiga, grammatik qatorga, lug’atga ta’sir ko’rsatadi. Ilk yoshlardan boshlaboq ravon nutqni rivojlantirish poydevori shakllantiriladi. Bu nisbatan murakkab asarlarni qabul qilish, nutqni yanada rivojlantirish uchun zarurdir.
Bolalarga badiiy adabiyotlarni tanishtirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida
bola uch yoshga kelib adabiy rivojlanishning quyidagi ko’rsatkichlariga erishadi:
Adabiy asar borasida kattalar bilan muloqot qilishdan zavq oladi, ularni qiziqib tinglaydi;
Unga aytib berilayotgan yoki o’qilayotgan asarlarni chalg’imasdan, diqqat bilan tinglaydi;
Takror tinglaganda tanish asarlarni, illyustratsiyalar va o’yinchoqlardagi ertaklar, hikoyalar va she’rlar qahramonlarini taniydi;
Asar (sanoq she’rlar, qo’shiklar, ertaklar) mazmunini so’z, harakat, imo-ishora bilan ko’rsatib beradi;
Tanish she’rlardagi so’zlar va qatorlarni ilib olishga intiladi;
Kichkintoylarga mo’ljaUangan kitoblardagi illyustratsiyalarni ko’zdan kechirishga qiziqish bildiradi.