Elektron o`quv adabiyotning tuzilishi. Ta`lim tizimiga axborot texnologiyalarini qo`llashda mavjud gapermatn, gipermedia, grafika, animatsiya va ovoz dasturlarining mavjudligi katta samara bermoqda. Chet ellar va respublikamizda to`plangan tajribalar tahlil qilinganda axborot texnologiyalarining pedagogik dasturiy vositalari o`qitishda yangi vositalar sifatida o`quv jarayonini jadallashtirish uchun keng imkoniyatlarga ega bo`lib, an`anaviy o`qitish vositalaridan tubdan farqlanadi. Uzluksiz ta`lim tizimi uchun o`quv adabiyotlarning yangi avlodini yaratish konsepsiyasiga amal qilgan holda axborot texnologiyalari asosida ishlab chiqilayotgan elektron o`quv adabiyotlarning (elektron o`quv adabiyot) strukturasi quyidagi elementlarni o`zida ifoda etishi lozim;
muqova;
mundarija;
qisqacha annotatsiyasi;
-elektron o`quv adabiyot ning «to`liq bayoni»;
-elektron o`quv adabiyotning qisqacha bayoni (masalan, sxema ko`rinishda);
asosiy adabiyotlar va qo`shimcha adabiyotlar ro`yxati;
elektron o`quv adabiyot bilan ishlash uchun ma`lumotlar tizimi.
Elektron o`quv adabiyotning muqovasi imkoniyat darajsida chiroyli bo`lishi maqsadga muvofiqdir. Buning uchun uni grafika va multimedia, animatsiya kabi elementlar bilan boyitish zarur. Elektron o`quv adabiyotning muqovasida darslikning nomi, yuqori tashkilot haqida ma`lumot (masalan vazirlik), mualliflik huquqi, yaratilgan vaqti, elektron o`quv adabiyotni yaratgan tashkilotning nomi, mualliflari haqida qisqacha ma`lumot olish imkoniyati mavjud. Bu ma`lumotlarning ma`lum bir qismi (mualliflar xaqida ma`lumot, elektron o`quv adabiyotni yaratgan tashkilot, mualliflik huquqi) kabilar maxsus tugmalar yordamida amalga oshiriladi. Mundarija elektron o`quv adabiyotning juda muhim tarkibiy elementi hisoblanadi. Mundarija bir tomondan yetarli darajada mavzular ketma-ketligini saqlab, kerakli mavzularga tezkor ravishda murojaat qilishni ta`minlay oladigan darajada, ya`ni gipermurojaatlar bilan boyitilgan bo`lishi va ekranning bir qismida joylashishi kerak.
Bundan tashqari, mundarijada tegishli amallarni bajarish uchun imkoniyat yaratilgan bo`lishi kerak. Bularga bilimni nazorat qilish mexanizmi, elektron o`quv adabiyotning ma`lum matni bo`yicha izlash amalini bajarish, asosiy va qo`shimcha adabiyotlar ro`yxati, darslikning ixtiyoriy qismiga o`tish, darslik bilan ishlashni tugatish, darslikning muqovasiga qaytish imkoniyatining bo`lishi undan foydalanishni osonlashtiradi.