Kompyuter va axborot texnologiyalari tushunchasi mazmun va mohiyati. Kompyuter texnologiyalari to`g`risida so`z yuritilganda, odatda ko`z oldimizda axborot texnologiyalari mujassamlanadi. Buning sababi, shaxsiy kompyuterlarning ixtiro etilishi axborot texnologiyalarining ommaviylashishiga va uni keng miqyosda tadbiq etilishiga olib kelinganligidadir. Chunki shaxsiy kompyuterlarning paydo bo`lishi natijasida axborot texnologiyalarining mahsuli bo`lgan dasturiy vositalarga zaruriyat ortib, kundalik ehtiyojga aylanib bormoqda. Shaxsiy kompyuterni tadbiq etish bo`yicha erishilgan muhim yutuqlardan biri bu multimedia vositalarining yaratilishidir. Shaxsiy kompyuterlar multimedia vositalaridan, ya`ni ovoz, grafika, animatsiya, video vositalaridan keng ko`lamda foydalanish sari yo`l ochdi. Ta`lim tizimida axborot texnologiyalarining multimedia vositalari yordamida o`quv jarayonini tashkil etish imkoniyatlari paydo bo`la boshladi. Bular sirasiga virtual kutubxona, virtual o`qitish texnologiyalarini kiritish mumkin. Virtual kutubxona- bu o`quv materiallari elektron nusxada chop etilgan yagona katalog tizimiga ega bo`lgan elektron kutubxonadir. Elektron kutubxonadagi o`quv materiallarini tarmoq tizimi imkoniyatlaridan foydalanib o`qish mumkin. Elektron kutubxonadan yoki boshqa manbalardan tarmoq tizimi yordamida materiallarni olib o`qish-virtual o`qish deb yuritiladi. Yangi axborot texnologiyalari asosida boshqarishni avtomatlashtirish, ish yuritish, moliya ishlarini avtomatlashtirilgan holda boshqarishni ta`minlash kabi ishlarni bajarish imkoniyatlari tug`ildi. Bundan tashqari yangi axborot texnologiyalari tufayli yuzaga kelgan juda katta imkoniyatga ega bo`lgan muharrirlarni, tarjima qiluvchi dasturiy vositalarni keltirish mumkinki, ularning yaratilishi ta`lim tizimida ham o`z samarasini bermoqda. Shu o`rinda olamshumul ahamiyatga ega bo`lgan telekommunikatsion (kabelli, shisha tolali, sputnikli) aloqa vositalari asosida tashkil etilgan Internet tizimining insoniyatga juda keng imkoniyatlar yaratganligini ta`kidlash lozim. Internet hozirgi kunda butun insoniyat bilimlarini birlashtirish, ularning aqliy qobiliyatlaridan unumli foydalanish kabi masalalarni yechish bilan bir qatorda, yangi adabiyotlar to`g`risida ma`lumot olish, masofadan turib o`qitish texnologiyasini amalga oshirish, musiqa eshitish, kino va boshqa sohalardagi mashhur kishilarning (yulduzlarning) rasmlarini ko`rish, ular haqida ma`lumotlar olish, kundalik gazetani o`qib borish, ob-havo to`g`risida ma`lumot olish, kompyuter o`yinlari o`ynash, yangi ish joyi topish, magazindan xarid qilish va hatto keng miqyosdagi biznes ishlarini amalga oshirish mumkin. Uchinchi ming yillikning boshlarida 120 mln. kompyuter yagona dunyo tarmog`iga ulangan, ulardan 1 mlrd. dan ziyod odamlar foydalanmoqda. Keyingi vaqtda internetdan o`spirin yoshlarning va xotin-qizlarning foydalanish sur`ati o`sib borayotganligini qayd etish mumkin. Uchinchi ming yillikning boshida axborot texnologiyalarini tadbiq etishda tub o`zgarishlar ro`y berishi kutilmoqda. Bularga yo`ldosh kanali orqali internet elektron kitoblar, dunyo internet kutubxonasi, internet video-telefonlar, muloqotli tarjimonlar va nutqni hamda harakatni tushunadigan kompyuterlarning yaratilishi kutilmoqda. Bulardan ko`rinib turibdiki, ta`lim tizimida yangi axborot texnologiyalarini tadbiq etish masalalariga tubdan boshqacha ko`z bilan qaramoq lozim. Yuqorida qayd etilgan masalalar ta`lim tizimida ham yangi axborot texnologiyalarini tadbiq, etishning istiqbolli yo`nalishlarini belgilash bilan bir qatorda, ularning yechimini kechiktirmasdan hal etish uchun chora-tadbirlar ko`rish zaruratini ham yuzaga keltiradi. Shu o`rinda aytish lozimki, ta`lim tizimida yangi axborot texnologiyalarini tadbiq etishning bugungi kundagi dolzarb masalalaridan biri multimedia vositalari negizida virtual o`qitish tizimini yaratishdir.
Axborot texnologiyalaridan o`quv jarayonini boshqarishda foydalanish ta`limning samaradorligini oshirishga olib keladi. Buning sababi, o`quv jarayonini to`liq nazorat qilish va uni yangilab borish imkoniyatlarining yaratilishidir. Masalan, ta`lim muassasasida lokal kompyuter tarmog`ining mavjudligi qog`ozda berilayotgan ma`lumotlar, hujjatlar hajmining qisqarishiga olib keladi, bu esa o`z navbatida, ta`lim jarayonida qabul qilinayotgan boshqaruvga doir qarorlarni qabul qilishda vaqtni tejash imkoniyatini beradi. Axborot texnologiyalarini o`quv jarayoniga tadbiq etish natijasida yangi ma`lumotlar bazasi vujudga keladi, unda pedagogik texnologiyalar, tahliliy materiallar kabi ma`lumotlar to`planadi. Shuning bilan bir qatorda, video-konferensiya o`tkazish, har xil ko`rinishdagi taqdimotlarni namoyish etish va eng yaxshi tadqiqot ishlar haqida ma`lumot berish, seminarlar va turli mashg`ulotlarni o`tkazish uchun juda ko`p imkoniyatlar paydo bo`ladi.
Hozirgi davr axborot-kommunikatsiyalar asri sifatida xarakterlanmoqda. Shu sababli mehnat kapitali va tovarlar qatorida aqliy kapitaldan foydalanish muhimligi jihatidan kam ahamiyatga ega bo`lmagan omillardan biridir.
Bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyoti yo`lidagi ustuvor vazifalardan biri bilimli milliy kadrlarni tayyorlash uchun ta`lim tizimini investitsiyalash va axborot-kompyuter texnologiyalarining rivojlanishini ta`minlashdan iborat ekanligi “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da belgilab qo`yilgan.
Axborot texnologiyalarini o`quv jarayoniga tadbiq etishning muhim yo`nalishlaridan biri elektron o`quv adabiyotlar, qo`llanmalar va kurslar yaratishdir. Elektron o`quv adabiyotlar va qo`llanmalar ma`ruza mazmunini boyitish, yangi materiallar bilan to`ldirishga imkoniyat yaratadi. Elektron o`quv adabiyotlar va qo`llanmalarning yaratilishi, ularning o`quv jarayoniga qo`llanilishi ta`lim muassasalarida elektron kutubxonalar yaratishni taqozo etadi. Bundan ko`rinib turibdiki, ta`lim muassalarida yagona katalog tizimiga ega bo`lgan kutubxonalarning paydo bo`lishi va lokal tarmoqning yaratilishi kutubxonalarga bog`liq muammolarni yechishga olib kelishi bilan bir qatorda, ular faoliyatining samaradorligini oshirishga va muvofiqlashtirishga imkon beradi.
Masofali ta`lim tizimining asosini kompyuter, axborot va pedagogik texnologiyalar tashkil etishi shubhasiz. Ta`limda axborot texnologiyalari haqida gapirganimizda, birinchi navbatda, masofali ta`lim, interaktiv pedagogika va turli o`quv shakllari ko`rinishidagi didaktik tizimlarni nazarda tutamiz.
Ta`limda texnologik yondoshuvning mohiyatini tushunish uchun, avvalo, “texnologiya” so`zi va tushunchasining mazmunini aniqlash zarur. Texnologiya yunoncha so`z bo`lib, texne-mahorat, san`at, logos-tushuncha, fan, ta`limot ma`nolarini anglatadi. Ta`limda texnologiya tushunchasi o`quv rejasiga asosan beriladigan bilimlar tizimini talabalarga yetkazib berish va shu asosda ularni bugungi kun talablariga to`liq javob beradigan kadrlar qilib tarbiyalashga yo`naltirilgan shunday usul va tajribalarni ishlab chiquvchi, takomillashtiruvchi va targ`ib qiluvchi zamonaviy fan sifatida ta`riflanadi.
Ta`lim jarayoniga texnologik yondoshuvda u qayta takrorlanadigan jarayon sifatida tashkil etiladi, undan kutiladigan natija ham mufassal tavsiflanadi va aniq qayd etiladi. O`quv materiali diagnostik ifodalangan o`quv maqsadlariga mos qayta tuzilib, ishlab chiqiladi, ayrim bo`laklarga ajratiladi. O`quv materialini talabalarga yetkazib berishning muqobil yo`llari nazarda tutiladi. Har bir bo`lakni o`rganish test yordamida nazorat etilib, xato-kamchiliklar shu paytning o`zida tuzatilib, to`g`rilanib boriladi.
Pedagogik texnologiya ta`lim jarayoniga noan`anaviy shaklda, o`ziga xos belgilar va xususiyatlarga ega bo`lgan tizimli, texnologik yondoshuvlarga asoslanadigan holda kirib keldi. U pedagogikada ijtimoiy-muhandislik tafakkurining mahsuli, texnokratik ilmiy fikr (ong) ning ta`lim sohasidagi loyihasi, ta`lim jarayonini ma`lum darajada standartlashtirish, ya`ni takrorlanadigan jarayonga aylantirishdir.
Pedagogikada qayta takrorlanadigan ta`lim-tarbiya jarayonini yaratish oson ish emas. Bunga o`quv-tarbiya vazifalarining turli-tumanligi, ta`lim mazmuni va o`quv materiallarining har xilligi, talaba va talabalarning o`zlashtirish qobiliyatlari, xotira xususiyatlari bir emasligi kabi qator faktorlar sabab bo`ladi. Shunga qaramay, olimlar rivojlangan mamlakatlarda pedagogik texnologiya usulini ishlab chiqdilar, ular yaratgan pedagogik texnologiya usuli qayta takrorlanadigan pedagogik sikl bo`lib, ta`lim olishda rejalashtirilgan natijalarni kafolatlaydi.
Pedagogik texnologiyalarni ta`limda qo`llashda o`qitishning boshqa usullaridan farqini ko`z oldiga keltirish uchun uning muhim belgilarini aniq ko`rsatish talab etiladi. Mamlakatimizda va chet ellarda chop etilgan pedagogik adabiyotlarni o`rganish va tahlil etish shuni ko`rsatadiki, pedagogik texnologiya usulining muhim xususiyatlari, belgilari qatorida umumlashtirilgan holda, quyidagilarni ko`rsatish lozim:
ta`lim jarayonini oldindan reja asosida loyihalash va auditoriyada talabalar bilan mazkur loyihani qayta ishlab chiqish, tizimli, texnologik yondoshuvlar asosida talabalarning o`quv, bilish faoliyatini o`stiradigan ta`lim jarayonining loyihasini tuzish;
ta`limning maqsadi to`liq va aniq, tashxislovchi bo`lishi, talabalar bilimlarining o`quv rejasi bo`yicha holisona, ob`yektiv baholanishi, ta`lim maqsadlarini ko`zlagan andoza asosida talabaning kuzatishlari, o`lchashlari, harakatlari shaklida oydinlashtirilishi, o`quv jarayonining talabaning faolligiga tayanib tashkil etilishi;
ta`lim shakllarini muvofiqlashtirilishi, ta`lim jarayonining tuzilishi va mazmunining yaxlitligi, o`zaro aloqadorligi va pedagogikaning muhim nazariy va amaliy masalalari negizida o`zaro ta`sirda bo`lishi;
ta`lim jarayonida texnika vositalari va inson salohiyatining o`zaro ta`sirini hisobga olinishi;
ta`lim tizimini axborot-pedagogik texnologiyalar asosida tashkil qilish va uning samaradorligini oshirish mumkinligi kabilar shular jumlasiga kiradi.
Qayd etilgan bandlarning har birining ta`lim tizimida o`z o`rni bor va bu masalalarni yechish falsafa, sotsiologiya, fiziologiya, matematika, axborot, pedagogika va kompyuter texnologiyalari hamda boshqa fanlarning qonuniyatlaridan foydalanishni taqozo etadi.
Ta`lim tizimida ATlarining qo`llanilishi o`quv jarayonini pedagogik dasturiy vositalar yordamida amalga oshirishdek muhim imkoniyatni yaratdi. Bunday yondoshish o`quv jarayoni didaktik kategoriyalarining o`zaro aloqasini va bog`liqligini o`rganishga olib kelishi bilan bir qatorda, o`quv jarayonini to`liq darajada o`rganishga imkoniyat yaratadi.
Shu o`rinda ATlarining multimediali vositalaridan foydalanib o`qitishning an`anaviy uslub bilan o`qitishga ko`ra farqini tahlil qilganda quyidagi asosiy:
dars o`tishda ma`ruzachining o`quv materiallarini tushuntirish jarayonining yengillashtirilishi;
kompyuter texnologiyalari asosida o`tkazilayotgan darslarni o`zlashtirish darajasining yuqoriligiga erishilishi;
multimediali vositalar bazasida virtual stendlar tashkil qilish imkoniyatining yaratilishi;
virtual stendlarning Maxsus jihozlangan xonalar talab qilmasligi;
o`quv jarayonining video va audio animatsiyalar bilan boyitilib borilishi hamda talabalarning dars jarayoniga bo`lgan qiziqishini kuchaytirishi;
ommaviy tarzda foydalanish, ya`ni bitta ma`lumotlar bazasidan bir yoki bir nechta auditoriyada va guruhlarda foydalanish imkoniyatining borligi;
ma`lumotlar bazasini tezkor ravishda o`zgartirib, zamon talabiga moslashtirib borilishi;
o`quv jarayonida talabalarning yakka tartibda bilimini nazorat qilish kabi afzallik tomonlarini ko`ramiz.
Shuni ta`kidlash lozimki, o`quv jarayonini AT asosida tashkil qilishdan asosiy maqsad o`qish sifatini va samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, kompyuter va axborot texnologiyalarini o`qituvchi-talabalarning kundalik ish quroliga aylantirishga erishishdan iborat.