16
nazarda tutadi. Shunday qilib, kompetensiyaviy yondashuvda matematik
ta’limning asosini amaliy, tadbiqiy yo‘nalishlarini kuchaytirishga qaratiladi.
O‘quvchilarda tayanch kompetensiyalarini shakllantirish, kichik o‘quv
tadqiqotlarni bajarish orqali umumta’lim fanlarini o‘rganishga qiziqishni
kuchaytirish maqsadida fan o‘quv dasturlariga amaliy mashq va tatbiq hamda
loyiha ishi kiritildi. Bu holat nafaqat muayyan o‘quv fani bo‘yicha o‘zlashtirish
sifatini yaxshilaydi, balki fanlararo va fanning kundalik turmush bilan bog‘lanish
imkoniyatlarini ochadi va ta'lim samaradorligini oshiradi.
Matematika darslarini tashkil qilishda nazariyadan ko‘ra ko‘proq
amaliyotga e’tibor berish hamda o‘quvchilarga tayyor o‘quv materiallarini
berishga asoslangan yondashuvdan ma’lum darajada voz kechish talab qilinadi.
Matematika darslarida ko‘proq keys, tadqiqot, loyiha, kichik o‘quv kashfiyotlari
kabi interaktiv metodlardan foydalanish tavsiya etiladi. O‘quvchilarda kichik
tadqiqotchilik ko‘nikmalarini shakllantirishda kuzatish, tajriba, o‘lchashlar, analiz
(tahlil) va sintez, induksiya va deduksiya, taqqoslash va analogiya kabi ilmiy
izlanish metodlaridan o‘rnida foydalanish talab etiladi. O‘quvchilarda bilim va
ko‘nikmalarni shunchaki shakllantirib qolmasdan, ularni hayotiy vaziyatlarda
qo‘llay olish kompetensiyalarini ham tarkib toptirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu o’rinda loyiha ishlarining o’rni e’tiborga molik. O‘quvchilar bir o‘quv yilida
o‘zlari qiziqqan fani yoki ta’lim sohasidan faqat bitta loyiha ishini bajarishlari
tavsiya etiladi. Loyiha ishi mavzulari o‘qituvchilar tomonidan bitta yoki bir necha
o‘quv fanlari doirasida muammoli vaziyat yoki keys sifatida tanlanadi. Loyiha ishi
mavzusi ustida o‘quvchilar alohida-alohida yoki qiziqishlariga qarab 3-4 kishilik
guruh bo‘lib ishlashlari ham mumkin. Loyiha ishi o‘quv yili oxirida o‘tkaziladigan
himoya bilan tugaydi. Himoyani bitta yoki bir necha o‘quv fanlari doirasida
konferensiya tarzida o‘tkazilishi mumkin. Loyiha ishi mavzusi ustida
o‘quvchilarning individual yoki guruhiy ishi quyidagi o‘quv faoliyatlarni o‘z
ichiga olishi mumkin: o‘z izlanish faoliyatlarini rejalashtirish, vazifalarni o‘zaro
taqsimlab olish, oldilariga o‘quv maqsadlarini qo‘yish, kerakli ma’lumotlarni izlab
topish, mavzuga doir muammoli vaziyat yechimlarini qidirish, ulardan eng
maqbulini tanlash va uni asoslash, zarur hollarda so‘rovlar yoki tajribalar
o‘tkazish, loyiha ishi natijalari bo‘yicha hisobot tayyorlash, o‘z faoliyatlarini tahlil
qilish va baholash, loyiha ishi himoyasi uchun taqdimot tayyorlash va uni himoya
qilish. O‘quvchilar loyiha ishi muammosi bo‘yicha izlanishlarini odatda darsdan
tashqari mustaqil mashg‘ulotlarda olib borishadi.
Dostları ilə paylaş: