Ishlab chiqarishni to‘xtatish qoidasiga ko‘ra firmaning iqtisodiy foydasi har qanday ishlab chiqarish hajmida noldan kichik bo‘lsa, ya’ni raqobatlashgan bozordagi narx o‘rtacha o‘zgaruvchan xarajatdan kichik bo‘lsa , firma yopiladi (ushbu bozordan ketadi, faoliyatini tugatadi).
Yuqoridagi qoidalar firma uchun umumiy xarakterga ega. Firma qaysi bozorda faoliyat ko‘rsatishidan qat’iy nazar ushbu qoidalar o‘z kuchini saqlaydi.
Uzoq muddatli oraliqda ishlab chiqarish hajmini tanlash.Uzoq muddatli oraliqda firma foydalanadigan barcha omillarini o‘zgartiradi, shu jumladan ishlab chiqarish quvvatlarini ham. Uzoq muddatli oraliqda firma o‘z kapitali hajmini o‘zgartirishi, ya’ni ishlab chiqarish quvvatini o‘zgartirishi mumkinligi firmaga ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga imkon beradi. Firma ishlab chiqarish xarajatlarining qanday o‘zgarishi ishlab chiqarish masshtabi samaradorligining o‘sishi, o‘zgarmasligi va kamayishi bilan aniqlanadi. Yana shuni eslatib o‘tish kerakki, firmaning uzoq muddatli oraliqdagi faoliyatini tahlil qilganimizda, uning o‘rtacha xarajatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Faraz qilaylik, firmaning ishlab chiqarish jarayonida barcha ishlab chiqarish hajmlari uchun o‘zgarmas masshtab samarasiga ega. Bunda ishlab chiqarish omillari sarfi ikki barobar oshganda ishlab chiqarish hajmi ham ikki barobarga o‘sadi. Demak, ishlab chiqarish hajmi oshgani bilan o‘rtacha ishlab chiqarish xarajatlari o‘zgarmaydi.
Firmaning iqtisodiy foydasi uzoq muddatli oraliqdagi muvozanat holatida nolga teng. Lekin, bu firma umuman foyda olmaydi degani emas, aslida firma o‘zining qo‘ygan (qo‘shgan) kapitaliga ko‘ra real normal foyda oladi. Iqtisodiy foyda alternativ xarajatni ham hisobga oladi, ya’ni firma egasining o‘z kapitalini boshqa bir sohaga qo‘yish natijasida oladigan foyda. Shuning uchun ham aytish mumkinki, raqobatlashuvchi firmaning uzoq muddatli oraliqdagi o‘rtacha xarajatlari o‘z ichiga normal foydani (tarmoq bo‘yicha o‘rtacha foydani) oladi. Firma egasining iqtisodiy foydasi nol degani, u o‘z kapitalini boshqa sohaga qo‘yganda ham shu miqdorga teng normal foydani olar edi, demak uning alternativ xarajati nolga teng. Agar firma egasining alternativ xarajati noldan yuqori, ya’ni musbat bo‘lsa, u o‘z kapitalini ushbu tarmoqdan olib, boshqa iqtisodiy foyda beradigan tarmoqqa qo‘ygan bo‘lar edi.
Xulosa Shunday qilib, raqobatlashuvchi firmaning uzoq muddatli o‘rtacha xarajati narxga teng bo‘lsa ham (nolga teng iqtisodiy foyda olsa ham), u o‘z ishini (normal foyda olgani uchun) to‘xtatmaydi.
Raqobatlashgan bozorda tarmoqqa kirish va undan chiqish erkin bo‘lgani uchun va tarmoqning o‘zi ham raqobatlashuvchi bo‘lgani uchun firmalarning iqtisodiy foydasi nolga yaqinlashish tendensiyasiga ega.
Umuman olganda uzoq muddatli muvozanat holatga erishish juda ko‘p vaqt talab qiladi, lekin qisqa muddatli oraliqda firma katta foyda olishi ham mumkin yoki katta zarar ko‘rishi ham mumkin. Biror bir mahsulot turini ishlab chiqarishda birinchi bo‘lgan firma undan keyin shu ish bilan shug‘ullangan firmaga ko‘ra ko‘proq qisqa muddatli foyda olishi mumkin. Xuddi shunday zarar bilan ishlayotgan tarmoqdan birinchi bo‘lib chiqqan firma investisiyalarining ancha mablag‘ini iqtisod qilib qolishi mumkin. Uzoq muddatli muvozanatlik konsepsiyasi firmani qanday va qaysi tomonga qarab harakat qilishini ko‘rsatib beradi.