To`rtinchi davrga oid adabiyotlar tarixshunoslikda “qayta qurish” deb nom olgan 80-yillarning ikkinchi yarmidan to Turkistonning mustaqillikka erishuviga qadar va mustaqillik yillarida vujudga kelgan asarlar majmuasidan iborat.
Mavzuning manbaviy asosi. Bitiruv malakaviy ishning manbaviy asosini Prezident I.A.Karimov asarlari, risolalari, Azamat Ziyoning “O`zbek davlatchilik tarixi”; R.Bakirovning “Chor Turkistonda sud, shariat va odat”; N.Bobobekovning “O`rta Osiyo Rossiyaga qo`shib olinganmi”; H.Ziyoyevning “Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash; H.Ziyoyevning “Istiqlol – ma`naviyat negizi”; Ibratning “Farg`ona tarixi”; M.Hasaniyning “Turkiston bosqini”; S.Soatovning “O`rta Osiyoning Rossiyaga qo`shib olinishi va uning progressiv ahamiyati”; R.Shamsutdinovning “Istiqlol uchun kurash fidoyilari”, shuningdek, “O`zbekistonning yangi tarixi”, “O`zbekiston Chor mustamlakachiligi davrida” va shu kabi boshqa asarlar, risolalar, monografiyalar tashkil etadi.
Mavzuning nazariy-metodologik asosi.Mazkur ishning nazariy-metodologik asosini Prezident I.A.Karimovning ma`ruzalari, nutqlari, asarlaridagi xulosa va g`oyalar, Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 24 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi qarori hamda Prezident I.A.Karimovning 1998 yil 26 iyundagi bir guruh tarixchi olimlar, jurnalistlar, ziyolilar va ijodiy soha xodimlari bilan bo`lgan uchrashuvida bildirgan fikr-g`oyalardir.
Mavzuning davriy chegarasi.Ishning davriy chegarasi XIX asrning ikkinchi yarmidan to 1917 yilgacha bo`lgan davr. Bunda Rossiyaning Turkistonni bosib olishdagi boshlagan harakatidan to sovet mustamlakachilik tuzumi o`rnatilganguncha bo`lgan davr yoritiladi.
Mavzuning ilmiy ahamiyati. Mavzuni o`rganish jarayonida chor mustamlakachiligining Turkistonda olib borgan mustabid siyosati ilmiy jihatdan yoritildi. Mazkur mavzudan oliy o`quv yurtlari, kollej, akademik litsey va maktablarda chor imperiyasining Turkistondagi bosqinchilik siyosatini o`rganish jarayonida foydalanish mumkin.