Ishning aprabatsiyasi BMI Qarshi davlat universiteti Tarix fakultet О`zbekiston tarixi kafedrasi qoshidagi “Yosh о`lkashunos” tо`garagida hamda 2011-2112 о`quv yilidagi talabalarning ilmiy-amaliy konferensiyasida ma`ruza qilingan.
Bitiruv malakaviy ish Kirish, ikki bob, to`rt fasl, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati va ilovadan iborat.
I BOB. CHORIZM MUSTAMLAKACHILIK DAVRI
I.1. Chor Rossiyasining Turkistonni bosib olishi
XIX asrning birinchi yarmiga kelib, O`rta Osiyoda uch xonlik o`rtasidagi to`xtovsiz urushlar, kelishmovchiliklar xonliklardagi iqtisodiy, ijtimoiy, iqtisodiy-siyosiy vaziyatni tang ahvolga olib keldi. Bu hududlardagi madaniy ahvolni izdan chiqardi. O`lkadagi bunday vaziyat Rossiyadek bosqinchi davlat uchun o`z imkoniyatlarini amalga oshirishga qulay sharoit yaratdi.
XIX asr o`rtalarida Angliya va Rossiya manfaatlari Turkistonda to`qnashdi. Rossiya siyosatchilari Buyuk Britaniyaning Turkiston va Kaspiy dengizining sharqiy tomonlarini bosib olishidan g`oyat xavfsirayotgan edi. Chunki Angliya o`z tasarrufidagi Hindiston va Afg`oniston orqali o`zbek xonliklari bilan savdo-sotiq va diplomatik aloqalar olib borar edi. Angliyaning asosiy maqsadi xonliklarni bosib olishga intilayotgan Rossiyaning rejalarini barbod qilish, uchchala xonlikni unga qarshi bir kuch qilib birlashtirish va O`rta Osiyo bozorlarini egallash edi. Rossiyaning O`rta Osiyoni bosib olishi quyidagi omillarni maqsadga oshirish rejasi mavjud edi:
1.Rossiya yengil sanoatini ta`minlab beruvchi arzon xom ashyo bazasini O`rta Osiyoda mavjudligi;
2.Qrim urushi (1853-1856) tufayli Qora dengiz bandargohlarining qo`ldan ketishi va uning o`rnini O`rta Osiyoni egallash orqali to`ldirish, shu orqali janubdagi muzlamaydigan dengizlarga chiqish va Turkiston bu bochqinchilik yurishlarida platsdarm vazifasini o`tashi;
3.Rossiyaning Yevropa bozorlari bilan raqobat qila olmasligi sababli ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun O`rta Osiyo bozorlarini egallash;
4.Rossiyada o`tkazilgan yer islohotlar tufayli qashshoqlashib qolgan aholini ko`chirib keltirish va ularni yer bilan ta`minlash.
Iqtisodiy va siyosiy sabablarning kun tartibida turishi natijasida Chor Rossiyasi dastlabki harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Urush harakati Qo`qon xonligiga qaratildi. Bosqinchilar zamonaviy qurol-aslahaga ega bo`lib, ularda Yevropa urushlarida tajriba orttirgan generallar rahbarlik qilardilar. Qo`qon xonligida esa ichki nizo, hokimiyat uchun kurashlar avj olishiga qaramasdan xonlik aholisi dahshatli yov bilan o`z ona yurti, dini, g`ururi uchun kurashga otlandi.
Dastlab genaral Perovskiyning qo`shini 1853 yili Qo`qon xonligining strategik qal`asi bo`lgan Oqmachitni egallash uchun harakat boshladi. Bir oy davom etgan qamal natijasida 28 iyun kuni hal qiluvchi jangda qal`a himoyachilari taslim bo`ldilar. Rus hukumati Oqmachitni qo`lga kiritishning katta ahamiyatini anglab, urush qatnashchilarining unvonlarini oshirib, orden-medallar va pul mukofotlari bilan taqdirlashdi. Oqmachit o`rniga qurilgan rus qal`asiga Perovskiy nomi berilib, “Perovskiy porti” deb ataladigan bo`ldi. Qrim urushi tufayli to`xtab qolgan harakatlar 1860 yilning yozida yana davom etdi. Polkovnik Simmeran boshchiligidagi rus qo`shinlari To`qmoq, so`ngra Pishpak qal`asini egalladi. 1864 yil 1 may kuni Verniy istehkomidan yo`lga chiqqan polkovnik Chernyayevning otryadi qattiq jangdan keyin Avliyoota qal`asini ham bosib oldi. Chernyayev Avliyootani egallagani uchun general unvoni va ordeni bilan taqdirlandi. 1847-64 yillarda rus davlati Qo`qon xonligining Qozog`iston va Qirg`iziston hududlariga qattiq zarba berib, ko`pgina joylarni egalladi. Turkiston va Chimkent shaharlari Qo`qon xonligining muhim va tayanch shaharlaridan edi. Chor Rossiyasi qo`shinlari ushbu muhim ikki shaharga zarba berishga kirishdi. Turkiston va Chimkentni himoya qilish uchun sarkarda Alimqul Qo`qondan yetib keldi va shahar mudofaasini tashkil qilishga kirishdi. 1864 yil 12 iyulda Turkiston bosib olindi. Veryovkin Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasidagi osori-atiqalarni talon-taroj qilib, Rossiyaga jo`natib yubordi. General Chernyayev boshchiligidagi qo`shinlar Chimkentni qamal qilar ekan, bu yerda sarkarda Alimqul zarbasiga uchradi. Nihoyat, 1864 yil sentabr oyida asosiy janglar Chimkentda boshlandi. Harbiy texnika jihatidan ustunlikka ega bo`lgan rus qo`shinlari Chimkentni bosib oldi.
Turkiston va Chimkentni bosib olinishi natijasida rus harbiy sarkardalari va soldatlarining bosqinchilik harakatlari yanada kengayib, endilikda mintaqaning eng katta va boy shaharlaridan bo`lmish Toshkentni bosib olishga keng yo`l ochildi. 1864 yilda general Chernyayev katta harbiy qo`shin bilan Toshkentning sharqidagi Darvishak qopqa degan joyga yetib keladi. 2 oktabrda dastlabki hujum boshlanadi. Bu hujumga qarshi toshkentliklar qattiq kurash olib boradilar. General Chernyayev mag`lubiyatga uchrab Chimkentga qaytib ketishga majbur bo`ldi. 1865 yil 28 aprelda Chernayayev Niyozbek qal`asini egallashga buyruq berdi. Toshkent mudofaasini tayyorlashda Alimqul sarkardaning xizmatlari katta bo`ldi. U 8 may kuni o`zining katta qo`shini bilan Qo`qondan Toshkentga keldi. 1865 yil 9 may kuni har ikki tomon to`qnashdi. Alimqulning halok bo`lishi bois toshkentliklar orasida sarosima boshlandi. 17 iyulda esa ko`plab qon to`kilishlarning oldini olish maqsadida muzokaralar boshlandi. Chernyayev shaharning Hakimxo`ja qozikalon Abdurahmon eshon, domla Solihbek oxun singari nufuzli kishilari bilan muzokara olib borib, “Toshkent shahri aholisi o`z ixtiyori bilan Rossiya imperiyasi tarkibiga qo`shildi” degan soxta ahdnomani to`ldirishga majbur qildi. Ular bunga rozi bo`lmasalar jazolashdi. Soxta ahdnomani to`ldirishni Abdusattor Qoraboshi o`g`liga topshirdi. So`ngra shahar kattalarining barchasiga majburiy ravishda qo`l qo`ydirib olishdi. Bu ahdnoma tufayli bosqinchilik siyosati oqibatida Angliyadek kuchli davlat bilan urushga majbur bo`lib qolishdan cho`chigan Rossiya hukumati xalqaro jamoatchilik ko`z o`ngida o`z xatti-harakatlarini oqlashga urinishdi. Ahdnomadan nusxalar ko`chirib shahar ko`chalariga yopishtirib chiqildi.
Toshkent bosib olingach, bu shahar Rossiya imperiyasining Turkiston masalasiga daxldor barcha siyosiy masalalarni hal qiladigan, rus qarorgohi xizmatini bajaruvchi makonga aylanib bordi.
Toshkent bosib olingach, bosib olingan hududlarda 1865 yili Turkiston viloyati tashkil qilinadi. Turkiston viloyatining harbiy gubernatori qilib tayinlangan general Chernyayev 1866 yil yanvar oyida Buxoro amirligini bo`ysundirish uchun unga qarshi e`lon qilinmagan urush boshladi. Rus istilochilari bosqinchiliklari oqibatida xonlikning O`ratepa, Jizzax, Yangiqo`rg`on hududlari Rossiya tarkibiga kiritildi.
Rossiya imperatori Aleksandr IV farmoniga ko`ra 1867 yil 14 iyulda Turkiston harbiy okrugi va Turkiston general gubernatorligi tashkil qilindi. Amirlikdan tortib olingan hududlarda 1868 yil Zarafshon okrugi tuzilib, unga general-mayor Abramov boshliq etib tayinlandi. Amir Muzaffar tomonidan amirlik mustaqilligini amalda yo`qotuvchi va katta iqtisodiy talofotlarga sabab bo`luvchi sulhning tuzilishi xalq yuqori tabaqa vakillarining noroziligi va nafratini yanada kuchaytirdi. Shu boisdan ham Shahrisabz va Qarshida urush harakatlari keng tus oldi. Amirdan norozi bo`lgan kuchlar uni hokimiyatni boshqarishda va amirlikning ancha qismini yo`qotganlikda ayblab, chor hukumatiga qarshi urushni davom ettirishni o`z oldilariga maqsad qilib qo`ydilar. Abdumalik to`ra, Jo`rabek, Bobobek hamda Sulton Sodiq birgalikda ozodlik kurashini boshlab yubordilar. Bular avval Amir Muzaffarga qarshi urushib, avval Shahrisabzni, so`ng Qarshini egalladilar. 1868 yilning kuzida Amir Muzaffar fon Kaufmandan yordam so`radi. Fon Kaufman general Abramov boshchiligida qo`shin yubordi. Kuchlar teng bo`lmaganligi uchun Abdumalik to`ra bilan Sulton Sodiq Xiva xoni huzuriga boradi. Abdumalik to`ra ko`p o`tmay Afg`onistonga ketadi. U yerdan ham yordam ololmagach Xudoyorxon huzuriga keldi. U yerdan Qashqarga, Yoqubbek huzuriga boradi va shu yerda yashab, 1909 yil Peshavorda vafot etadi.
Chor Rossiyasining hukmron doiralari Buxoro amirligi va Qo`qon xonligi yerlaridan tashkil topgan Turkiston general gubernatorligini O`rta Osiyodagi harbiy operatsiyalari uchun tayanch markaziga aylantirib, istilo tig`ini Xiva xonligiga qaratishdi. Bekovich-Cherkasskiy ekspedetsiyasining halokati va 1839 yilda Perovskiy yurishining barbodi chor generallari yodidan chiqmagan edi. O`zbek xonliklarining uchinchisi Xiva o`z mustaqilligi bilan mustamlakachilar uchun jiddiy xavf solib turar edi. 1872 yil oxirlarida harbiy vazir boshchiligida Peterburgda Turkiston, Orenburg general-gubernatorlari va Kavkazdagi podsho noibi ishtirokidagi maxfiy kengashda Xiva xonligini bosib olishga uzil-kesil qaror qilindi. Generallar rejasiga ko`ra Turkiston general-gubernatorligiga tegishli kuchlar sharqdan, Orenburg general-gubernatorligi va Kavkaz noibligiga oid harbiy kuchlar g`arb va shimoliy-g`arb tomondan yurishi kerak edi. Rossiyaning tajovuzkor niyati Xiva xoni va uning amaldorlariga ma`lum edi. Said Muhammad Rahimxon II ruslar tahdidiga qarshi Angliyadan madad so`ragandi. Angliyaning hukmron doiralari Xiva mustaqilligini saqlab qolishdan manfaatdor bo`lsalar ham, Rossiya bilan ochiq to`qnashuvdan xavfsirar edilar. Xiva xoni o`z kuchiga ishonib ish ko`rishi lozim edi. Xonlik qo`shinida 27 ta eski zambarak, 2 ming otliq, 4 ming navkardan iborat harbiy kuch bo`lib, ular ham asosan poytaxtda jamlangan edi.1 Xivani bosib olishga harakat boshlagan Rossiya qo`shini esa ham son, ham sifat jihatdan va harbiy qurol-yarog`lar texnikasi bilan ham Xiva xonligi qo`shinidan ustun edi. Turkiston otryadiga 27 rota, 1800 ta kazak va 19 ta to`p bilan fon Kaufman; Orenburg otryadiga 15 rota, 600 ta kazak, 8 ta to`p bilan polkovnik Veryovkin qo`mondon bo`lib,2 Orol flotiyasi ham ular ixtiyorida edi.
Turkiston general-gubernatori fon Kaufman hujum oldidan Xivani siyosiy tarafdan yakkalab qo`yish uchun Buxoro amiri va Qo`qon xoniga tahdidli maktublar yo`llab, ularni Xivaga yordam bermaslikka chaqirdi.
Xiva xoni masalani tinch yo`l bilan hal qilishga urinishlari behuda ketgach, harbiy kengash chaqirib, mudofaa rejalarini tuzadi va dushmanga qarshi o`zining lashkarlarini, lashkarboshilarini safarbar qiladi. Matmurod devonbegi, Mahmud yasavulboshi, Yoqubbek qalmoq, Eltuzar inoq va Bobomehtar rahbarligidagi o`zbek va turkman qo`shinlari rus qo`shini hujumini qaytarish uchun ikki guruhga bo`linadi. General Veryovkin Qo`ng`irotga yurish qilib, talofotlar berib bo`lsada, Xo`jayli va Mang`it qal`alarini ishg`ol qildi. Keyinchalik Xorazmning ko`hna qal`asi Xazorasp egallandi. Bu qal`ani fon Kaufman o`ziga qarorgoh qilib, ichkariga harakat qilish uchun tayanch muhitga aylantirdi. 1873 yil 29 may kuni ruslarning asosiy kuchlari Xivani bosib olish harakatlarini boshladi. Muhammad Rahimxon II Xivani o`z ixtiyoridagi kuchlar bilan mudofaa qilib bo`lmasligiga ishonch hosil qilgach, Chumchuqsho`r tomondagi turkman ovuliga qochishga majbur bo`ldi. Bundan foydalangan Amir To`ra va Otajon To`ra xon nomidan fon Kaufmandan Xiva shahrini vayron etmaslikni so`radi. Ammo, Kaufman ulardan xonni topishni talab qildi va muzokaralarni faqat u bilan olib borishi mumkinligini bildirdi.
Muhammad Rahimxon Xivaga qaytib kelgach, bosqinchilar saroyni egallab, barcha qimmatbaho buyumlarni, 300 ta qo`lyozma asarni Peterburgga jo`natadi. 1873 yil 17 avgustda Gandimiyon qishlog`ida fon Kaufman sulh shartnomasini Muhammad Rahimxonga havola etadi: bunga ko`ra, Amudaryoning o`ng qirg`oqlari Rossiya ixtiyoriga o`tdi. Rus savdogarlari xonlik hududida erkin savdo qilish huquqini oldilar. Xiva xonligi Rossiya vassaliga aylanib, xonlik zimmasiga 2 mln. so`mlik tovon to`lash majburiyati yuklandi.
Rus davlati Buxoro va Xiva xonliklariga qarshi urush olib borayotgan yillari Qo`qon xonligida chuqur siyosiy va iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda edi. Bu vaqtda xonlik yerlarining yarmi rus davlati tomonidan bosib olingan edi. Uning hududi asosan Farg`ona vodiysidan iborat bo`lib, Xudoyorxonning hukmronlik davrini Ibrat o`zining “Farg`ona tarixi” asarida quyidagicha yozadi: “Xudoyorxon Rusiyadan xotirjam bo`lib, vaqtini o`yin-kulgu bilan o`tkazib, ulamo va fuzalo nasihatlariga amal qilmay, jabru-zulm tarafidan o`tib turganida raiyatu xalq undan yuz o`girdi”.1
Xudoyorxonning qattiq zulmi, og`ir iqtisodiy hayot hamda Rossiyaning itoatli xizmatkoriga aylanishi xalq g`azabini qo`zg`atdi. Xonga qarshi xalq bilan birgalikda saroy harbiylari va amaldorlari, ruhoniylar va savdo vakillari ham bosh ko`tardi. Bunda o`zbeklar, qirg`izlar va tojiklar faol qatnashib Xudoyorxon va rus davlatining tajovuziga qarshi kurashdilar.
Chor Rossiyasi O`rta Osiyoni bosib olgach, chor ma`murlari tomonidan boshlangan dastlabki ish o`lkada ma`muriy-boshqaruv tizimini mustahkamlash edi. Chor mustamlaka siyosati ma`muriy boshqaruv tizimini yaratishda boshqa davlatlar o`rnatgan ma`muriy-boshqaruv tizimi Turkistonning jahon sivilizatsiyasidan chetda qolib ketgan “yarim yovvoyi xalqlar uchun ma`qul bo`lmaydi”, degan fikrga amal qilib keldi va tipik Rusiya boshqaruv tizimini yaratdi. Shu maqsadda 1867 yili imperiyaning boshqa mintaqalaridan farq qiluvchi, o`ta harbiylashtirilgan Turkiston general-gubernatorligi ta`sis etildi. “Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarini boshqarish haqidagi vaqtli nizom” loyihasida ham shu holat o`z aksini topdi. “Harbiy xalq boshqaruviga asoslangan” general-gubernatorlik o`z qo`lida harbiy va fuqaro hokimiyatini birlashtirdi. Turkistonda chorizm barpo etgan bu mastamlakachilik apparatining birinchi vazifasi Rossiya manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, o`lkaning tabiiy boyliklarini talash bilan boshlanib ketdi. O`z navbatida ma`muriy-boshqaruv apparati xodimlarining asosan ruslardan tashkil topganligi ham chorizm olib borgan siyosatning mohiyatini ochiq-oydin ko`rsatib berdi.
Turkiston general-gubernatorligi Rossiya hudidagi birorta ham gubernalar ega bo`lmagan huquqlarga, katta imtiyozlarga ega bo`ldi. Jumladan, u xorijiy davlatlar bilan diplomatik munosabatlar olib borishi, soliq siyosatini belgilashi mumkin edi. Markaziy boshqaruvda general-gubernatorlikning ahamiyati katta bo`lganligi sababli general-gubernatorlik dastlab to`rtta bo`limdan iborat bo`ldi. Bu bo`limlar: ma`muriy-nazorat ishlari, moliyaviy-xo`jalik ishlari, soliqlar nazorati, sud va huquq ishlari bilan shug`ullandi. Ma`muriy-boshqaruv zo`ravonlikka asoslangan doimiy usul sifatida saqlanib qoldi.
1886 yil “Turkiston o`lkasini boshqarish to`g`risidagi nizom”, “Turkiston o`lkasida yer-o`lka tuzilishini joriy etish to`g`risidagi qoidalar”, aholini ko`chirish to`g`risidagi 1906 yilgi siyosat va boshqalar natijasida yer munosabatlari va soliqqa tortishning butun tizimiga o`zgartirishlar kiritildi. Bu tadbirlar yer egalari, butun xalqning ijtimoiy ahvolini yanada og`irlashtirdi. Mazkur qonunlarni ishlab chiqish jarayonida Turkiston o`lkasining manfaatlari va uning iqtisodiy rivojlanish ehtiyojlari, unda yashayotgan aholining talablari hisobga olinmadi, u davlat hukmronligi to`la-to`kis qaroli bo`lib qoldi.
Chorizm mintaqaning yer maydonini to`liq chegaralab chiqdi. Aholiga uch toifadagi – sug`oriladigan, lalmi va ishlov berilmaydigan yerlar biriktirib qo`yildi. Ularga og`ir soliqlar solindi. Mahalliy aholidan “ortiqcha yerlarni” zo`ravonlik bilan tortib olish hisobiga Rossiyadan aholini ko`chirib keltirish muammolari hal etildi. Paxta chorizm uchun muhim strategik yechim bo`lib, uning paxta sohasida AQSHdan mu staqil bo`lishni ta`minlash jihatidan sug`oriladigan yerlar paxta yetishtirish uchun qaytadan taqsimlandi. Bu “o`zgarish”larning barchasi mustamlakachilik siyosatining belgilarini o`zida aks ettirgan bo`lib, Turkistonni iloji boricha ko`proq metropoliyaga bog`liq qilib qo`yishga, mazkur mintaqada yashovchi xalqlar ongiga bu ular uchun tarixan mumkin bo`lgan va mos keladigan birdan-bir yo`lidir degan fikrni singdirishga qaratilgan edi. Oddiy fuqaro chorizm “o`zgarishlari”ning chinakam mohiyatini hamisha ham anglab yetmasada, lekin qashshoqlashib va xonavayron bo`lib borgan sari chorizm o`zining har bir ishini o`z foydasiga va mustamlakachilar manfaati nuqtai-nazaridan baholashini tobora aniqroq tushuna bordi.
Turkiston jamiyati o`zining tang ahvolga tushib qolganligini tobora chuqurroq his etib uyg`ona boshladi va harakat qilishga o`tdi. Podsho qonunlarining nomukammal ekanligi, yerlar adolatsiz taqsimlanayotganligini ko`rsatib, vaziyatni o`zgartirishga intildi, lalmi va ishlov berilmaydigan yerlardan voz kechdi, dehqonlarning xo`jaliklarga majburan biriktirib qo`yilishiga, soliq va o`lponlarga qarshi chiqdi, ma`murlarning o`zboshimchaligidan g`azabga keldi.
Aholining qattiq g`azabidan qo`rqqan ma`muriyat xavotirlik bilan quyidagilarni ta`kidlaydi: “Xalq ommasi o`zi bilan bir dindagi xon hukmronligi vaqtidagi xotiralari, o`zining ruhoniylari va olimlariga hurmat tuyg`usini hali unutgan emas, xalq sudiga berilgan keng hokimiyat qozilarga bo`lgan hurmatni qo`llab-quvvatlamoqda; ruhoniylar va qozilarning qo`llab-quvvatlashi bu ommani o`ziga to`la qaramlikdan saqlash imkonini berdi... Shu omillar tufayli omma agar bunga qulay sharoit topilsa, hukumatdan o`zini chetga olishga hali qarshi emas”.1
Chor ma`murlari shu xildagi ma`lumotlarni olar ekan, chor idora zulmiga qarshilik ko`rsatish ortib borayotganini aniq ko`rar va uni har qanday yo`llar bilan bostirishga harakat qilardilar. Boshqaruv sohasida ma`muriy, politsiya va ta`qib qilish vakolatlari kengayganligidan ularga katta favqulodda va harbiy ko`rinishdagi chora va usullarni qo`llash huquqi berildi. Harbiy dala sudlari, shafqatsiz jazo ekspedetsiyalari, siyosiy qidiruv organlari, surgun qilish va turmalarga tashlash kabi usullardan keng foydalanildi. Sud tizimida o`z faoliyatini davom ettirib kelayotgan qozi, biy sudlari bilan bir qatorda rus sudlari – kelishtiruvchi, uyezd, viloyat, okrug sudlari va Toshkent sud palatasining vakolatlari ish olib borish a`zoligi kengaytirildi.
1898-1899 yillarda ular uzil-kesil imperiyacha tus oldi. Chorizm mintaqada “aholini to`g`ri joylashtirish” va uni yanada ruslashtirish masalasini kuchaytirdi. Ma`naviy sohada musulmon ruhoniylariga maktablar, madrasalar, islomning ijtimoiy institutlariga qarshi qo`poruvchilik faoliyati kuchaytirildi, ayni vaqtda rus-tuzem, cherkov-qavm, yakshanbalik va boshqa maktablarning, provaslav cherkovlari, saborlar, ibodatxonalar, monastrlar va turli missiyalarning faoliyat ko`rsatishi uchun imkoniyat maydoni kengaytirildi.
Rus hukumati Turkiston aholisining ongi, uning ijtimoiy munosabatlari ko`p asrlar mobaynida islom ahkomlari va an`analari bilan belgilab kelinganligi, uning tarkibiy qismi bo`lmish shariat siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy qonun-qoidalarning, huquqiy va ahloqiy an`analarning butun bir majmuadan iborat ekanligini his qilib, bu jamiyatning tabiiy-tarixiy rivojlanish yo`lidan zo`rlik bilan boshqa tomonga burib yuborishni rejalashtirdi. Kaufman davrida “diniy urf-odatlar va marosimlarga aralashmaslik to`g`risida”gi shovqin-suronlar bilan ruhoniylarning mulki davlat mulki deb e`lon qilindi, ular arzimagan pulga chor generallari yuqori amaldorlari, savdogarlar va yangi kapitalistlarga sotib yuborildi, shaharning ruslar yashaydigan qismlari va boshqa obyektlarni qurish uchun ajratib berildi. Keyinroq vaqflarni tashkil etish butunlay ta`qiqlandi. 1886 yilgi Nizomning 226-moddasida bu haqda shunday deyilgan edi: “Yangi vaqflar tashkil etilishga general-gubernatorning ruxsati bilan uning alohida hurmat-e`tiboriga sazovor bo`lgan taqdirdagina yo`l qo`yiladi”. Yoki 267-moddada: “Vaqf hujjatlarini tasdiqlash, vaqflarni boshqarishni yo`lga qo`yish, vaqf daromadlaridan foydalanishning to`g`riligini kuzatib borish va ularni taftish qilish huquqi viloyat boshqarmalariga tegishlidir”. Viloyat boshqarmalari esa o`rta bo`g`in chor amaldorlariga tegishli edi. O`lkani rus burjaziyasi boshqarishi, dvoryan pomeshchiklar mulkiga aylantirilishida tayanch nuqta vazifasini o`tashi uchun Toshkent general-gubernatorlik markazi etib tayinlandi. Shu boisdan istilochilar tomonidan “Rus Toshkentini barpo etish” uchun maxsus komissiya tuzildi. Ushbu komissiya tomonidan mahalliy aholi uylaridan haydalib, zo`rlik bilan ko`chirilib, ma`muriy xodimlar uchun yangi turar-joylar, bog`lar barpo etildi. Toshkent shahri ikki qismga bo`linib, “Yangi shahar” va “Eski shahar” nomini oldi. “Eski shahar” aholisi shaharning ruslar yashaydigan qismiga o`tishi ta`qiqlandi.
Chor ma`muriyati Toshkent shahar boshqaruvini kuchaytirish uchun ham “Shahar nizomi” tayyorlab, saylovchilar tarkibini belgiladi. Unga ko`ra saylovchilar uch toifaga ajratilib, ushbu guruhga ko`p mulkka ega bo`lgan shaxslar kiritildi. Ishchilar, hunarmandlar, ziyolilar uncha ko`p mablag`ga ega bo`lmaganligi sababli ular saylovdan mahrum etildi. Har bir toifa boshlig`i – hokimto`ra ishtirokida shahar dumasi va boshqarmasi saylandi. Toshkent dumasi ustidan bo`lgan qat`iy nazorat general-gubernator tomonidan olib borildi.
Turkiston istilo qilingan dastlabki vaqtdan boshlab chor Rossiyasi o`lkani boylik orttirish manbai deb bildi. Metropoliyaning iqtisodiy siyosati Rossiya sanoatini muntazam xom-ashyo bilan ta`minlab berish maqsadida paxtachilik, qishloq xo`jaligining sanoatbop mahsulot beradigan sohalarini rivojlantirish, yer islohoti o`tkazish yo`li bilan natural xo`jalik rivojlanish imkoniyatlarini cheklash, sanoat mahsulotlarini sotish uchun keng bozorlar yaratish, mahalliy hunarmandchilikning to`qimachilik sanoati mahsulotlari bilan raqobat qiladigan sohalarini tugatish maqsadini ko`zladi. Bu siyosatdan Rossiya to`qimachilik sanoati korchalonlari, dvoryan pomeshchiklari, rus burjuaziyasi manfaatdor edi. Shuning uchun chor ma`muriyati o`lkada paxtachilik sanoatini rivojlantirish uchun mablag`larini ayamadi.
Paxtaga bo`lgan ehtiyoj shu darajada kuchaydiki, paxtachilik butun aholining kuchi va e`tiborini o`z girdobiga olgan sohaga aylanib ketdi. Paxtachilik rivojlanishi bilan xomashyo yetishtirish yo`liga o`tib olgan dehqonlar ahvoli tobora og`irlashib bordi. Chunonchi, ijtimoiy tabaqalanish kuchayib borayotganini ko`rsatuvchi bu jarayon ishlab chiqarish kuchlari keng rivojlanmagan mustamlaka o`lkada bo`layotganligi sababli yanada ko`proq og`ir oqibatlarga olib kelib, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari masalasida qiyinchiliklar keltirib chiqardi. Rus ma`murlari bu vaziyatda foydalanib, chetdan keltirilayotgan mahsulotlarga ham narxlarni o`zlari belgilay boshladilar.
O`lka boyliklarini talash, bosqinchilarning mustamlakachilik manfaatlariga xizmat qiladigan temir yo`llar qurishni taqazo etar edi. Shu sababli uzoqqa mo`ljallangan harbiy va iqtisodiy rejalarni hisobga olib, janubiy chegaralarni mustahkamlashga xizmat qiladigan temir yo`llarni qurishga kirishdi. 1884-1886 yillarda Mexaylovskiy ko`rfazidan Chorjuygacha Kaspiyorti temir yo`li qurildi. 1906 yil Toshkent-Orenburg temir yo`li qurilib ishga tushirildi. 1912 yilga kelib Farg`ona vodiysi Rossiya bilan temir yo`l orqali bog`landi.
Xullas, bu istilochilik harakatlarining barchasi o`lkani xomashyo hamda savdo bozori sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi va Turkistondan mahsulot olib kelish, olib ketish bo`yicha o`lkani Rossiyaga butunlay qaram qilib qo`ydi.
Dostları ilə paylaş: |