Umumiy aloqadorlik tamoyili. Rang-barang dunyoda har bir ob'ekt ko‘p sonli xossalarga ega bo‘lib, ular boshqa ob'ektlar bilan o‘zaro aloqa jarayonida namoyon bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, har qanday tuzilma boshqa tuzilmalar bilan aloqaga kirishish orqali namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, har bir ob'ekt o‘zga ob'ektlar bilan qonuniy bog‘lanadi va bu ob'ektlar bilan o‘zaro ta'sirga kirishish jarayonida ishtirok etadi.
Aloqa. Falsafada aloqa deganda makon yo vaqtda bir-biridan muayyan masofada uzoqlikda joylashgan ikki yoki bir necha hodisa yoki ob'ektning o‘zaro aloqa jarayoni tushuniladi. Ob'ektlar diskretlik, shakllanganlik va nisbatan mustaqillikdan mahrum bo‘lgan joyda aloqalar mavjud bo‘lishi mumkinmi? O‘z-o‘zidan ravshanki, shakllangan, nisbatan mustaqil narsalar mavjud bo‘lmagan joyda aloqa mavjudligini taxmin qilish ham mumkin emas. Shu sababli umumiy aloqa kategoriyasi «narsa», «uzluklilik», «uzluksizlik», «cheksizlik», «tuganmaslik» tushunchalari bilan tavsiflanadi. Hozirgi ilmiy bilimga tayanuvchi borliqning falsafiy talqini olamning universal yaxlitligini, dunyoning birligini ochib beradi. Dialektika kategoriyalari borliqning universal aloqalarini bilish shakli hisoblanadi.
O‘zaro aloqa. Real voqyelikda har bir muayyan ob'ekt ko‘p sonli sababiy zanjirlarning murakkab «tuguni» hisoblanadi. U boshqa ob'ektlardan ta'sirlanish bilan bir vaqtda o‘zi ham ularga aks (reaktiv) ta'sir ko‘rsatadi. «Tashqi» va «ichki» sababiy zanjirlar unda uyg‘unlashadi, kesishadi va tarmoqlanadi. Ular bir-biri bilan o‘zaro aloqaga kirishadi va bu o‘zaro aloqa ob'ektda yuz beruvchi barcha jarayonlarning negiziga aylanadi.Ob'ektni bilish uchun pirovard natijada unda vujudga kelgan sababiy aloqalar «tuguni»ni yechish talab etiladi. Barcha hodisalar mohiyatiga izohni o‘zaro aloqadan izlash kerak. U hodisalarning barcha xossalari va xususiyatlarini belgilaydi, amalda mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlar, tasodiflar va zaruriyatlarning manbalarini o‘zida mujassamlashtiradi. O‘zaro aloqani tushunish – umuman ob'ektni tushunish demakdir.