Mavzu: Ekologiya fani,uning predmeti va vazifalari



Yüklə 81,61 Kb.
səhifə1/4
tarix19.05.2023
ölçüsü81,61 Kb.
#117086
  1   2   3   4
ekologiya mustaqil


Mavzu: Ekologiya fani,uning predmeti va vazifalari.
Hayvon va o`simliklarining Yer yuzida tarqalishi va ular hayotining tashqi muhit bilan bog`lanishlari to`g`risidagi ekologik ma'lumotlar eramizdan avval yashab o`tgan grek faylasuflari Aristotel va Teofrastlar tomonidan to`plangan. Ammo «ekologiya» atamasi fanga kechroq kirib keldi. Uni birinchi marta nemis olimi E. Gekkel 1866 yilda o`zining «Organizmlarning umumiy morfologiyasi» asarida qo`llab, u ekologiyani tirik organizmlar bilan ular yashaydigan muhit o`rtasidagi munosabatlarni o`rganuvchi fan deb qabul qildi.
Ekologiya so`zi grekcha so’z bo`lib, «oykos» - uy, yashash joyi, «logos» - fan demakdir. Bu so`zlarni keng ma'noda tushunish zarur. Atamaning fanga kiritilishidan hozirgacha o`tgan davr mobaynida uni turli mutaxassislar turlicha izohlab kelmoqdalar. Rus olimi akademik S. Shvarts: men ekologiya fani to`g`risida yuz xil fikr aytishim mumkin va ularning barchasi ozmi-ko`pmi to`g`ri bo`lib chiqadi, degan edi. Darhaqiqat bu tushunchani kengaytirishda, ekologiya fanining shakllanishi va rivojlanishida ko`pgina olimlar hissa qo`shdilar. Ingliz olimlaridan CH. Elton populyatsion ekologiya nazariyasini yaratgan bo`lsa, rus olimi V.N. Sukachev biogeotsenozlar tushunchasini asosladi. Shuningdek rus olimlaridan K.F. Rulye zoobiologiya faniga, A.N. Beketov esa fitogeografiya faniga asos soldi. Ekologiya fani tarixida ayniqsa CH. Darvinning evolyutsion ta'limoti hamda akademik V. I. Vernadskiyning biosfera to`g`risidagi ta'limoti tub burilish yasadi.
Markaziy Osiyo mutafakkirlarining bizga qoldirgan asarlarida ham inson va tabiat orasidagi o‘zaro munosabatlar o‘z aksini topgan. Xalif-al-Ma'mun (813-833) asos slogan "Donishmandlar xazinasi" ya'ni Ma'mun akademiyasida Muhammad al-Xorazmiy, al- Farg‘oniy, al-Marvaziy va boshqalar, keyinchalik Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniylar faoliyat yuritib, astronomiya, jug‘rofiya, tibbiyot, botanika, geologiya kabi sohalarni o‘rganishga katta hissa qo‘shdilar.
Abu Rayhon Beruniy (973-1048) va Ibn Sino (980-1057) o‘z asarlarida 700-800 xil o‘simlik va hayvonlarning nomlarini, barg va gul shakllarini, butalar qiyofasini, o‘sadigan joylari, gullash davrlari va qaysi kasalliklarga davo ekanliklari haqida ma'lumot beradilar. XIV-XVII asrlarda kasalliklarni davolashda asosan o‘simliklardan va hayvonlarning ichki a'zolaridan foydalanilgan.
Z.M.Bobur (1483-1530) va A. Navoiy o‘z asarlarida inson va tabiat orasidagi o‘zaro munosabatlar haqida qimmatli ma'lumotlarni keltirganlar. "Boburnoma" - ekologiyaga daxldor asardir.
Shunday qilib, ekologiya fani to`g`risidagi tasavvurlar tobora kengayib bordi. Xulosa qilib aytganda ekologiya biologiya fanlarining rivojlanishidan kelib chiqqan yangi tarmoq bo`lib, u biologik makrotizimlar ya'ni populyatsiyalar va biotsenozlar darajasidagi organizmlarning bir-birilari bilan va atrof muhit bilan bog`lanishlari to`g`risidagi fandir. Uning predmeti–bunday bog`lanishlarning zamon va makonga qarab o`zgarib borishni o`rganish ya'ni atrof muhitdagi tabiiy muvozanatni monitoring qilishdan iboratdir.
Ekologiya fanining vazifalari uning ma'nosi singari keng bo`lib, Yer yuzidagi tiriklik jarayonlarining qanday kechayotganligini o`rganib borish, fan va texnika rivojlangan hozirgi sharoitda industrial jamiyat kishisining tabiatga ta'sirini o`rganish va uni boshqarishdan iborat. Bu vazifani bajarish uchun ekologik meyorlashtirish tizimini yaratish zarur. Ekologik meyorlashtirish-bu atrof muhitga antropogen ta'sirning yo`l qo`yilishi mumkin bo`lib meyorini belgilashdir. Mazkur nazariyani rus olimi S. Shvarts ishlab chiqib, qo`llash uchun taklif qilgan. Ekologik meyorlashtirilishning yo`lga qo`yilishi yashash muhitidagi tabiiy muvozanatni saqlab qolib, inson uchun noqulay ekologik vaziyat vujudga kelishining oldini oladi.
Ma'lumki, kishilik jamiyatining rivojlanishi bilan atrof muhitga antropogen omillarining ta'siri kuchayib ketdi. Ayniqsa keyingi yillarda bunday ta'sir biosfera chegarasidan chiqib, koinotgacha yetib bordi va muhitning ekologik tozaligini saqlash dunyo miqyosidagi global masalaga aylandi. Shunga ko`ra ekologiya fani vazifalarining doirasi ham yanada kengaydi. Buni ekologiyaning boshqa fanlar bilan bog`likligida ham ko`rsa bo`ladi.

Mavzu: Biosfera ta’limoti.


Rus olimi V.I.Vernadskiy birinchi bo’lib sayyoramizdagi barcha tirik organizmlarning olamshumul ahamiyatini ochib berdi. Olimning fikricha tirik organizmlar Yer yuzasini o’zgartirishda eng kuchli omil hisoblanib, tog’ jinslari, suv, atmosfera qismlari hayot ta’sirida o’zgarib turadi va u biosfera (yunoncha “bios” – hayot, “sfera” – shar) deb ataladi. Biosfera Yer sharidagi eng yirik ekotizim deb qaralib, u ayrim ekotizimlarning yig’indisidan tashkil topgan. Bular litosfera (quruqlik), gidrosfera (suv havzalari), atmosferaning quyi qatlamlaridan iborat. Hozirgi vaqtda tirik organizmlar tarqalgan chegara biosferaning 17 km. qalinligini, ya’ni litosferaning 5-6 km gacha, dunyo okeanlarining tubigacha (10-11 km) va atmosferada 10 km gacha balandlikni tashkil etadi.
Biosferaga oid tushunchalar ilk bor J.B.Lamark (1744-1829) ning "Gidrologiya" asarida keltirilgan bo‘lib, unda biosfera tirik hayot tarqalgan fazo (Erning hayot qobig‘i) ma'nosida tasvirlangan.
"Biosfera" atamasini birinchi bo‘lib 1875 yil avstriyalik geolog Eduard Zyuss (1831-1941) fanga kiritdi. U biosferani Yerning yuza qatlamidagi yupqa hayot qobig‘i ma'nosida ishlatdi. Biosfera to‘g‘risidagi ta'limotni esa 1926 yilda rus geologi, akademik V.I.Vernadskiy (1863-1945) o‘zining uch tomlik "Biosfera" asarida asoslab berdi.
V.I.Vernadskiy sayyoramizdagi barcha tirik organizmlar yig’indisini “tirik modda” deb atab, biosferaning eng muhim tarkibiy qismi ekanligini ta’kidlaydi. Tirik moddaning umumiy vazni kimyoviy tarkibi va energiyasi kabi xususiyatlar bilan tavsiflanadi. Biosferaning umumiy vazni 3.1024 g, shundan tirik moddaning vazni 1,8 – 2,5.1018 g. ga teng. Biosferaning ikkinchi tarkibiy qismi o’lik moddalar (iqlim, atmosfera, tog’ jinslari va boshqalar) hisoblanib, V.I.Vernadskiy ta’limoti bo’yicha ularning hosil bo’lishida tirik organizmlar qatnashmaydigan biosferadagi moddalar yig’indisi kiradi. Biosferada oraliq moddalar ham ajratilib, ular o’lik va tirik moddalarning birgalikdagi faoliyatidan hosil bo’ladi. Tirik organizmlar oraliq moddalar hosil bo’lishida yetakchi o’rinni egallaydi. Oraliq moddalar Yerdagi tirik moddaning faoliyati bilan bog’liq bo’lgan tuproq, emirilgan jog’ jinslari va barcha tabiiy suvlardir. Bulardan tashqari biogen moddalar ham mavjud. Ular tirik organizmlarning hayoti davomida hosil bo’ladi va o’zgarishlarga uchraydi. Ularga nihoyatda katta potentsial energiyaga ega bo’lgan toshko’mir, bitum, neft, ohaktosh va boshqalar kiradi. Shunday qilib, biosfera tirik modda ta’siridagi Yerning qobig’i hisoblanadi. Biosferada katta doirada moddalar aylanishi amalga oshadi.
Biosferada kimyoviy elementlar tirik organizmlarning faoliyati natijasida aylanib turadi. Kimyoviy elementlarning biosferaning bir tarkibiy qismidan ikkinchisiga o’tishi shu bilan birga dastlabki holatga qaytishi biosferada moddalarning aylanishi deyiladi.
Energiyaning aylanishi moddalarning aylanishi bilan chambarchas bog’liq. Moddalarning kichik doirada (biologik) va katta (geologik) doirada aylanishlari kuzatiladi biologik doirada aylanish organizmlar o’rtasida, quruqlikda tuproq bilan organizm o’rtasida, gidrosferada esa organizm bilan suv o’rtasida sodir bo’ladi. Moddalarning katta doirada aylanishi quruqlik bilan dunyo okeanlari o’rtasida boradigan jarayondir.
Tirik moddaning maxsus xususiyatlari quyidagilar:
1. Biosferaning tirik moddasi katta energiya zaxirasiga ega.
2. Tirik va o’lik moddalar o’rtasidagi keskin farq ularda boradigan kimyoviy reaktsiyalar tezligidadir (tirik moddada boradigan kimyoviy reaktsiyalar tezligi ming va million marta ortiq).
3. Tirik moddaning o’ziga xos xususiyatlaridan biri, undagi oqsillar, fermentlar va boshqa kimyoviy birikmalar faqat tirik organizmlarda barqaror bo’ladi.
4. Biosferada har qanday moddaning erkin harakati va ma’lum darajada o’z-o’zini idora etishi umumiy xususiyat hisoblanadi.
5. Tirik modda o’lik moddaga nisbatan morfologik va kimyoviy xilma-xilligi jihatidan ajralib turadi. Tirik modda tarkibiga kiradigan 2 mln.dan ortiq organik birikmalar ma’lum bo’lib, tabiiy minerallar esa ikki ming atrofida xolos.
6. Tirik modda biosferada ayrim organizmlar sifatida namoyon bo’lib, ularning o’lchami ham juda xilma-xil. eng kichik viruslar 20 nm.dan oshmaydi. eng yirik hayvon hisoblangan kitlarning uzunligi 33 m ga boradi. eng baland daraxt (evkalipt)ning bo’yi esa 100 m dan ortadi.
Hozirgi vaqtda sayyoramizda aholi sonining ortishi, tabiiy resurslardan keng va noto’g’ri foydalanish kabilar biosferani xavf ostiga solib turibdi. Insoniyat global ekologik tangliklar bo’sag’asida turibdi. Bugungi kunda tabiiy ekotizimlarning buzilishi yoki butunlay yo’qotilish, biologik xilma-xillikni yo’qotish, ko’pchilik o’simlik va hayvon turlarining yo’qolib ketishi, atrofmuhitni keng ko’lamda ifloslanishi, chuchuk suv tanqisligi, ozon qatlamining siyraklashishi, cho’llanish jarayoni va atmosferani “dimiqishi” natijasida iqlimning o’zgarishi va boshqa muammolar kelib chiqdi. Insonning o’zi tur sifatida sayyoramizda yashab qolishi xavf ostida va unga inqirozga uchragan ekotizimlarda yashashga hech qanday kafolat berib bo’lmaydi. Shuning uchun ham inson va tabiat o’rtasidagi munosabatlar muammosi bugungi kunga kelib, nihoyatda kuchayib ketdi. Tabiat va inson o’rtasidagi munosabatlar ma’lum qonuniyatlarga bo’ysungan holda boradi. Bu qonunlarning buzilishi albatta ekologik halokatga olib keladi.

Mavzu: Monitoring, ekologik nazorat va ekspertiza tushunchalari.



Yüklə 81,61 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin