Falsafiy dunyoqarashning vazifalari (funksiyalari). Falsafiy dunyoqarashning zikr etilgan tamoyillari, uning vazifalarini belgilab beradi. YA’ni, bu vazifalar jamiyatning umumbashariy ruhdagi maqsad-muddaolaridan, manfaatlaridan kelib chiqadi hamda boshqa dunyoqarash shakllari uchun uslubiy ahamiyat kasb etadi.
Dunyoqarash, avvalo insoniy munosabatlar ifodasidir. Shu nuqtai nazardan, u insonning borliqqa munosabatida, dastlab uning bahosi tarzida ko‘zga tashlanadi.
Bu — falsafiy dunyoqarashning baholash vazifasini anglatadi. Ya’ni, inson, o‘z ehtiyoj va manfaatlaridan kelib chiqib, narsa-hodisalarni: yaxshi-yomon, foydali-zararli, savob-gunoh, oriyat-benomuslik kabi qarama-qarshi mezonlarga ajratadi.
Inson narsa-hodisalarga baho berar ekan, buning zamirida uning ijtimoiy hayoti, ya’ni ongli munosabatlari yotadi. Bunda inson yoki jamiyat munosabatlari dunyoqarashning o‘zi tayanadigan omillarga (ideallariga) moslashtiriladi. Orzu-havaslarga erishishning usullari, vositalari, amaliy yo‘nalishlari belgilanadi.
Dunyoqarash inson faoliyatini axloqiy me’yor, diniy qadriyat, xuquqiy hujjat va siyosiy mexanizmlar kabi usul-vositalar orqali boshqarish vazifasini ham ado etadi. Bunda falsafiy dunyoqarashning o‘zicha nisbatan mustaqil bo‘lgan har bir yo‘nalishi o‘ziga xos boshqarish usuliga ega bo‘ladi. Masalan, insonni ezgulikka yo‘naltirish uchun axloq uning aql-zakovatiga; din — iymon-e’tiqodiga; huquq — qonunlarga, jazo idoralariga; siyosat-davlat funksiyalariga tayanadi va o‘ziga xos ta’sir yo‘nalishlariga ega bo‘ladi.
Falsafiy dunyoqarashning inson faoliyatini nazoratqilishvazifasi ham bor. Bunda dunyoqarashning jamoatchilik fikri tarzidagi ko‘rinishi nazarda tutiladi. Masalan, o‘zbek xalqining tarixiy rivojlanishi va ma’naviy hayot tarzida mahalla ijtimoiy nazoratning muhim instituti tarzida faoliyat ko‘rsatgan.
Falsafiy dunyoqarashning birlashtirish(kommunikativ) vazifasi turli dunyoqarash yo‘nalishlarini milliy va umuminsoniy G‘oyalar atrofida uyg’unlashtirishi bilan xarakterlanadi. Turli manfaatlar bilan bog’liq bo‘lgani bois dunyoqarashlar o‘rtasida muayyan ziddiyatlar ro‘y berishi tabiiy. Bunday sharoitda falsafiy dunyoqarash ularni murosaga keltirishga xizmat qiladi.
Falsafiy dunyoqarash, o‘z mohiyatiga ko‘ra, ijtimoiy-tarixiy tajribani umumlashtirish, jamiyat istiqbolini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lganligi uchun ham xalqni muayyan g‘oya atrofida birlashtiradi.Falsafiy dunyoqarashning tarbiyaviy vazifasi— kishilarda keng va teran fikrlash qobiliyatini vujudga keltirish asosida bag‘rikenglik, murosa, har qanday ziddiyatlarni madaniy yo‘l bilan hal qilish, kelajakka umid va ishonch ruhini shakllantirishdan iborat.