MAVZU: FALSAFA FANINING PREDMETI, MAZMUNI VA JAMIYATDAGI ROLI
REJA:
Falsafa tushunchasining kelib chiqishi.
Dunyoqarash tushunchasi, uning mohiyati. Dunyoqarashning tarixiy shakllari ( mifologik, diniy, falsafiy).
Falsafaning predmeti va asosiy mazmuni.
Falsafaning jamiyat hayotidagi o‘rni va asosiy vazifalari.
Tayanch tushunchalar: Falsafa, dunyoqarash, shaxs, idrok, dunyoqarashning tarixiy shakllari, fetishizm, animizm, totemizm, magiya, ontologiya, gnoseologiya, fan metodologiyasi, ijtimoiy falsafa, etika, aksiologiya, falsafiy antropologiya, metafizika, ong,tafakkur, ruh, materiya, tabiat, borliq, fan.
Mamlakatimiz fuqarolarida tafakkur erkinligi shakllanib bormoqda. Yurtimizda sodir bo‘layotgan yaratuvchanlik tafakkur bilan uzviy bog‘liq hodisadir. Mamlakat hayotini demokratlashtirish jarayoni qanchalik kengaysa va chuqurlashsa, fuqarolarimiz falsafiy iqtidoriga bo‘lgan talab shuncha oshib boradi. SHuning uchun ham falsafa ilmi yoshlarga ham o‘rta yoshlilarga ham, katta yoshdagilarga ham bab-barobar suv bilan havodek zarur bo‘lgan hayotiy ehtiyojdir. Bu ilm o‘zining tabiatiga ko‘ra chegara bilmaydi. Mazkur chegara bilmas ilmni egallashning mohiyatini bilmaslikdan bilishga, bilishdan komillikka tomon yo‘naltirilgan faoliyat tashkil qiladi. Falsafa ilmi milliy, ayni vaqtda umuminsoniy qadriyatdir. Mazkur qadriyat inson o‘zini o‘zi inson sifatida tanigan kunidan boshlab takomillashib, rivojlanib, chuqurlashib, murakkablashib, ilmiylashib va tobora insoniylashib borayotgan fandir.
Bugungi kunda mamlakatimizda 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy- intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda, yoshlarimizning jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirishda falsafa fanining o‘rni beqiyos ahamiyatga egadir.
Falsafa nihoyatda qadimiy fandir. Olam va odamlar o‘rtasidagi munosabatlar, inson qadri va umrning mazmuni, dunyodagi o‘zgarishlar, o‘zaro aloqadorlik va bog‘liqlik hamda taraqqiyotning umumiy qonuniyatlari falsafaning asosiy mavzulari hisoblanadi. Falsafa esa — barcha fanlar rivojlanishiga asos bo‘ladigan va ulardan oziqlanadigan, ayni paytda ularning rivojlanish yo‘llarini belgilab beradigan umuminsoniy va universal fan. U qadim zamonlardayoq «barcha ilmlarning otasi» deb ta’riflangan. Uning hayotiyligi xalq tabiatiga, turmush va tafakkur tarziga nechoqli mos ekani, jamiyat manfaatlari va ezgu intilishlarini qay darajada aks ettira olishiga bog‘liq. Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash inson tabiatiga xos, demak, uning o‘zi kabi qadimiydir. U olam va uning yashashi, rivojlanishi va taraqqiyoti, hayot va inson, umrning mohiyati, borliq va yo‘qlik kabi ko‘plab muammolar haqida bahs yuritadigan fandir.
Qadimgi yunon tilidan fanga kirib kelgan atama «filosofiya» so‘zidan olingan va u
«donishmandlikni sevish» («filo» — sevaman, «sofiya» — donolik) degan ma’noni anglatadi. Bu
— ushbu so‘zning, atamaning lug‘aviy ma’nosi bo‘lib hisoblanadi. Asrlar davomida filosofiya so‘zining ma’no-mazmuniga xilma-xil qarashlar, uning jamiyat, inson va fanlar tizimidagi o‘rniga nisbatan turlicha munosabat va yondashuvlar bo‘lgan, bu atamaning mohiyatmazmuni ham o‘zgarib borgan. Qadimgi yunonlarda bu so‘z “tushunishga intilish”, “bilimga intilish” degan ma’nolarni ham anglatgan. Ushbu so‘z Fukidid, Suqrot va boshqa antik madaniyat vakillari tomonidan xuddi shunday ma’noda qo‘llangan.
«Filosofiya» atamasi va u ifoda etadigan bilimlar majmui Qadimgi Yunoniston va Rimda eramizdan avvalgi VII-III asrlarda yuz bergan buyuk yuksalish natijasi sifatida yuzaga kelgan edi. o‘sha davrda endigina shakllanib kelayotgan nazariy fikrning ifodasi falsafiy tafakkur olamni yaxlit va bir butun holda tushunish mujassamiga aylangan edi.
Qadimgi Yunonistonda «Filosofiya» atamasini dastlab, matematika fani orqali barchamizga yaxshi ma’lum bo‘lgan, buyuk alloma Pifagor ishlatgan. Evropa madaniyatiga esa, u buyuk yunon faylasufi Aflotun asarlari orqali kirib kelgan. Filosof so‘zini, yuqorida aytganimizdek ilk bor buyuk matematik va mutafakkir Pifagor qo‘llagan. Bu tushunchaning ma’nosini u Olimpiya o‘yinlari misolida quyidagicha tushuntirib bergan: anjumanga keladigan bir guruh kishilar bellashish, kuch sinashish, ya’ni o‘zi va o‘zligini namoyon etish uchun, ikkinchi bir guruh – savdo- sotiq qilish, boyligini ko‘paytirish uchun, uchinchisi esa, o‘yindan ma’naviy oziq olish, haqiqatni bilish va aniqlashni maqsad qilib oladi. Ana shu uchinchi guruhga mansub kishilar, Pifagor talqiniga ko‘ra, faylasuflar edi.
Bu, bir qarashda, oddiy va jo‘n misolga o‘xshaydi. Ammo uning ma’nosi nihoyatda teran. Chunki, inson umrining o‘zi ham shunday. «Dunyo teatrga o‘xshaydi, unga kelgan har bir kishi sahnaga chiqadi va o‘z rolini o‘ynab dunyoni tark etadi», degan fikr bejiz aytilmagan. Kimdir bu dunyoga uning sir-asrorlari to‘g‘risida bosh ham qotirmasdan kelib ketadi, umrini eyish-ichish, uy-ro‘zg’or tashvishlari bilan o‘tkazadi. Boshqasi – nafs balosiga berilib, mol-mulkka ruju qo‘yadi. Uchinchisi esa, olam hikmatlarini o‘rganadi, umrini xayrli va savob ishlarga sarflaydi, boshqalar uchun ibrat bo‘larli hayot kechiradi.
Qadimgi Sharq va Yunonistonda har tomonlama chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, inson ma’naviyatini boyitish va haqiqatni bilishga intiluvchi kishilarni faylasuf deb ataganlar. Fozil va komil insonlargina falsafa bilan shug‘ullanganlar. Aslida, o‘sha davrlarda falsafani o‘rganish deyilganda, ilmning asoslarini egallash ko‘zda tutilgan. Grek mutafakkiri Geraklit (eramizdan avvalgi 520-460 yillarda yashagan) shogirdlariga murojaat qilib, «Do‘stim, sen hali yoshsan, umringni bekor o‘tkazmay desang, falsafani o‘rgan», deganda aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan.
Boshqa bir buyuk grek faylasufi Epikur (eramizdan avvalgi 470-399 yillarda yashagan) bu haqiqatni quydagicha ifoda etgan: «o‘z-o‘zingni erga urish, tubanlashish nodonlikdan boshqa narsa emas, o‘zligingdan yuqori turish esa – faylasuflikdir».
Lev Tolstoy donishmand kishilarning uch xislatini alohida ta’kidlab, shunday yozgan: «Ular, avvalo, boshqalarga bergan maslahatlariga o‘zlari amal qiladilar; ikkinchidan, hech qachon haqiqatga qarshi bormaydilar; uchinchidan, atrofidagi kishilarning nuqsonlariga sabr-toqat bilan chidaydilar».
Xuddi shuningdek, Sharqda ham Konfutsiy va Moniy, Xorazmiy va Forobiy, imom Buxoriy va imom Termiziy, Beruniy va ibn Sino, Naqshband va Navoiy kabi donishmand bobolarimiz o‘z hayotiy kuzatishlari va tajribalarini umumlashtirish, insonga xos xato va kamchiliklardan saboq chiqarish, bashariyat tomonidan to‘plangan bilim va tajribalarni o‘zlashtirish orqali faylasuf darajasiga ko‘tarilganlar.
Jamiyat ma’naviy taraqqiyotining dastlabki davrlarida falsafa insonning olam haqidagi barcha bilimlarini o‘z ichiga olgan. Keyinroq, falsafa kengroq mazmunga ega bo‘lib, mustaqil fan sifatida shakllanadi va rivojlanadi. U tabiat, jamiyat va insonning mohiyati haqidagi eng umumiy bilimlarni o‘zida ifodalab, insonni borliqqa bo‘lgan munosabatining metodologik asoslarini belgilab beradi, tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining eng umumiy muammolarini o‘rganadi va falsafiy dunyoqarashni shakllantiradi.
Kishilar qadim zamonlardan boshlab, borliq dunyo, tabiat nima, ular qanday tuzilgan, borliqning asosida nima yotadi, insonning o‘zi nima, u dunyoga qanday qaraydi, kabi savollarga javob berishga harakat qilib kelganlar. Falsafiy tafakkur insonning o‘z-o‘zini anglashidan boshlanadi, uning olam haqidagi bilimlarini umumlashtirish asosida rivojlanib boradi.Inson bilishining ob’ekti bo‘lgan olam cheksizligi sababli, bu savollarga javob berish imkoniyati ham cheksizdir. Kishilar borliqni va unga bo‘lgan o‘zlarining munosabatlarini o‘rgana borishi, ularning o‘z turmush tajribalari asosida ongli va ongsiz ravishda hosil qila borgan tasavvurlari va qarashlari miyalarida qayta ishlanib, o‘ziga xos turli xil dunyoqarashni hosil qiladi.
Inson dunyoga kelar ekan, u yashashi, ulg‘ayib borishi bilan o‘z hayoti xaqida, kundalik ishlari xaqida, hayotdagi o‘z quvonch va tashvishlari, baxti va baxtsizligi haqida, o‘zining va o‘z atrofidagi kishilarning tug‘ilishi, yashashi, olamdan o‘tishi haqida, narsa va hodisalarning esa o‘zgarishi, rivojlanishi, boshqa yangi narsa va hodisalarning paydo bo‘lishi haqida ma’lum tasavvurlarga, tushunchalarga ega bo‘lib boradi. Bu tasavvurlar va tushunchalar uning borliqni, o‘zi yashayotgan dunyoni qanday tushunishi, dunyodagi o‘z o‘rnini qanday anglashini ifodalaydi. Bular insonning dunyo to‘g‘risidagi oddiy ong darajasidagi qarashlaridir. Bu avvalo,inson o‘zini va dunyoni zaruriy ravishda anglashi, tushunishi, bilishi va baholashi natijasida yuzaga kelgan xulosalari, bilimlari asosida shakllangan umumlashmalar tizimidir. Dunyoqarash, insonning o‘ziga va uni qurshab turgan borliqqa bo‘lgan munosabatlarini ifodalaydigan muayyan ko‘nikmalari, bilimlari, malakalari hamda uning dunyoni amaliy va nazariy o‘zlashtirishi hamdir.
Dostları ilə paylaş: |