Xulosalar. Dunyoqarash bu insonning dunyoga, undagi voqealarga munosabatlari, undagi o‘rni va hayot mazmuni haqidagi eng umumiy qarashlari tizimi. Insoniyat tarixida dastlab mifologik dunyoqarash shakllangan bo‘lib, unda inson atrof-muhit bilan birlashadi hamda na tabiat va na o‘z urug‘idan ajralmagan holda namoyon bo‘ladi. Diniy dunyoqarashga olamni bu dunyo, u dunyo va g‘ayritabiiy dunyoga bo‘lish xos. Dinning asosi g‘ayritabiiy kuchlarga ishonch bilan yo‘g‘rilgan. Falsafa mifologik va diniy dunyoqarashdan o‘zining atrof-muhitga tanqidiy munosabati asosidagi dunyoqarashli funksiyasini bajaradi, gnoseologik va ontologik kategoriyalarga murojaat qilib mantiqiy xulosalar chiqaradi. Falsafa nazariy asoslangan dunyoqarash, umumiy kategoriyalar, insonning olamga fanning tabiat va jamiyat haqidagi yutuqlariga tayanilgan nazariy munosabati. Falsafaning ahamiyati, uning insonni o‘z-o‘zini, olamni anglashga, ijodiy barkamollikka yo‘naltira olishidadir.