To'liqsiz fe’llar. Mustaqil holda ish-harakat ma’nosini ifodalamay, turli fe’l shakllaridan so'ng (keng ma’noda ot bilan) qo'llanib, faqat grammatik modal ma’no ifodalaydigan fe’llar to'liqsiz fe’llar deyiladi. To'liqsiz fe’llarga edi (-di), ekan (-kan), emish (-mish) kabi fe’l shakllari kiradi. Yozar edi - yozardi, yozar ekan - yozarkan, yozar emish - yozarmish kabi. Bu fe’llar aslida bir e (arxaik er) fe’l negizining turli shakllari bo'lib, ular hozir ayrim-ayrim so'z sifatida tushuniladi. To'liqsiz fe’l sifatdosh, ravishdosh va harakat nomi bilan birikib, fe’l zamonlarining analitik usul bilan yasalgan shakllarini hosil qiladi. To'liqsiz fe’llar edi, ekan, emish turlicha modal ma’nolar ifodalaydi: edi to'liqsiz fe’li qatnashgan fe’l shaklida ta’kidlash, eslatish, hikoya, davomiylik, takror kabi ma’nolarni bildiradi: Bo'shagan erlarning bag'rini pluglarning o'tkir Hg'lan tilka-tilka qilmoqda edi (H.N.). Shu kuni endi ko'chaga chiqib edi... (M.Ismoiliy). Ular bir partada o'tirishar, birga dars tayyorlashar, maktabni bitirgandan keyin qayerga o'qishga borish haqida maslahatlashar, xayol surishar edi (S.Zunnunova).
ekan to'liqsiz fe’l qatnashgan shakllarda o'tmishda yuz bergan voqea- hodisaning so'zlovchiga keyinchalik ma’lum bo'lganligi va uning davomi ekanligi anglashiladi: Aytishingizdan, oradan hech gap o'tmagan ekan (A.Qahhor).
emish to'liqsiz fe’li esa noaniqlik, gumon, eshitilganlik ma’nolarini bildiradi: O'zgarmagan, ammo negadir ikkovining ham bo'yi juda uzun bo'lib ketgan emish (S.Ahmad).
To'liqsiz fe’llar boshqa so'z turkumlari bilan ham birikib keladi. Bu holda ot kesim tarkibida kelib, bog'lama vazifasini bajarib, tuslovchi affikslarni oladi: Uy kichkina, lekin yorug' va toza edi (O.) Fe’llarda modal ma’no fe’lning juft va takrorik shakli bilan ham ifodalanadi. Bunday shakl orqali harakatning davomliligi, takrorlanib turishi, tugallanganlik, harakatning voqe bo'lishiga turlicha munosabat (befarqlik) kabi modal ma’nolar anglashiladi: ayta-ayta, borib-borib, aytsa-aytar, uchadi-ketadi, kelsa-kelibdi, ishlasa-ishlasin kabi.