Darvozadan chiqqandagi harakatlar.
O’yindagi ahvol darvozabonni ko’pincha darvozani tashlab chiqib, jarima maydoni doirasida harakat qilishga majbur etadi. Bunday hollarda darvozabon yo jarima maydoni doirasiga yo’naltirilgan (uzatilgan yoki g’izillatilgan) to’plarni tutib qoladi, yo bo’lmasa to’pni qo’lga kiritish uchun raqib bilan yakkama-yakka kurash boshlaydi (bunda to’p darvozabon bilan yakkama-yakka chiqqan hujumchi nazoratida bo’lishi, uchib kelayotgan to’p esa "hech kimda" bo’lmasligi kerak).
Darvozabon quyidagi hollarda darvozani tashlab chiqishi mumkin.
- darvozadan chiqish nihoyatda zarur bo’lsa;
- darvozabon tepalatib uzatilgan to’pga yeta olishiga, ya’ni o’z o’yinchilarining va raqib tomon o’yinchilarining joylashishi birmuncha bemalol harakat qilish imkonini berishiga ishonsa;
- raqib g’izillatib uzatgan to’p darvoza yaqinida o’tayotgan bo’lsa.
Darvozabon quyidagi hollarda darvozani tashlab chiqmasligi kerak:
- to’pni qo’lga kiritish uchun kerakli pozisiyaga o’tib ulgurishiga ishonmasa;
- himoyachilardan birortasi to’pni egallagan hujumchi bilan yoki "neytral to’p" uchun kurashib turgan bo’lsa;
- jarima maydoni o’yinchilarga to’lib ketib, ular darvozabonning kerakli pozisiyaga chiqishiga xalaqit berishi mumkin bo’lsa.
Tashlab chiqilgan darvoza raqib uchun ochilib qolishini darvozabon hamma vaqt esda tutishi, shuning uchun ham qanday bo’lmasin, to’pni qo’lga kiritib, hujumdagilarni zarba berish imkoniyatidan mahrum qilishi kerak.
Darvozabonning hujumdagi harakatlari.
O’yin vaqtida to’pni qo’lga kiritgandan keyin yoki darvozadan tepish huquqini olgandan keyin, o’z jamoasining hujum harakatlari boshlang’ich bosqichini uyushtirib berish darvozabonning muhim vazifasi hisoblanadi.
Darvozadan tepishda hujum uyushtirish.
Darvozadan tepishda hujum uyushtirishning ikki xil varianti bor:
1. Darvozabonning to’pni qo’lga kiritish huquqini olishi mo’ljallangan kombinasiya. Darvozabon to’pni himoyachilardan biriga, ko’proq qanot himoyachisiga oshiradi, u esa to’pni darvozabonning o’ziga qaytaradi.