To’pni yondan ilib olish darvozabonning yon tomoniga o’rtacha traektoriyada uchib kelayotgan to’plarni qo’lga kiritish uchun qo’llaniladi (55-rasm).
Tayyorlov bosqichida qo’llar oldinga - yonga, ya’ni to’p uchib kelayotgan tomonga uzatiladi. Panjalar deyarli parallel, barmoqlar sal yoziqva yarim bukik.
Gavdaning og’irligi to’p ilinadigan tomondagi oyoqqa uzatiladi. Gavda ham shu tomonga sal buriladi. Ishchi va yakunlovchi bosqichlar bajarilish tuzilmasi jihatidan to’pni yuqoridan ikki qo’llab ilib olishdagiga o’xshaydi.
To’pni yiqila turib ilib olish darvozabondan chetga qo’qqisdan, aniq, goho esa juda qattiq yo’naltirilgan to’plarni qo’lga kiritishning samarali vositasidir. To’p uzatilganda ushlab qolish va raqib oyog’idagi to’pni olib qo’yishda qo’llaniladi.
Yiqila turib to’p ilishning ikki varianti bor: uchish bosqichisiz ilish va uchish bosqichi bo’lgan ilish.
Birinchi variant, odatda, darvozabonning yon tomoniga undan 2-2,5 m narida yumalab yoki past uchib kelayotgan to’plarni ilib olish uchun qo’llaniladi (56-rasm). Tayyorlov bosqichida to’p harakati tomonga katta qadam tashlanadi. To’pga yaqin turgan oyoq qattiq bukiladi. Og’irlik markazining o’qi tayanch sathidan chiqarilib, pastroq tushiriladi. Qo’llar to’p tomon keskin uzatiladi. Bu gavdaning harakatlanishiga ham, yiqilishga ham yordam beradi. Yerga tushish bunday tartibda bo’ladi: oldin oyoqning boldir qismi, keyin tos-son va gavdaning yon qismlari yerga tegadi. Parallel uzatilgan qo’llar to’p yo’lini to’sib chiqadi. Panjalarning turishi, shuningdek, bevosita to’p ilib olish yiqilmay ikki qo’llab yuqoridan ilishda qanday bo’lsa, shunday. Darvozabon g’ujanak bo’layotganda qo’llarini bukib, to’pni ko’kragiga tortadi. Ayni vaqtda oyoqlarini ham bukadi.
Darvozabondan ancha narida dumalab va uchib kelayotgan to’plarni ilib olish uchun uchish bosqichi bo’lgan yiqilish qo’llaniladi (57-rasm). Dastlabki bosqichda darvozabon uchib kelayotgan tomonga tezda bitta yo ikkita juftlama yoki chalishtirma qadam tashlaydi. Bunday paytda qaysi harakatlanish usulini tanlash va undan foydalanish darvozabonning hosil qilgan shaxsiy ko’nikmalariga bog’liq. Depsinishga tayyorlanish gavdani oldinga engashtirib, og’irlik markazi o’qini tayanch sathidan chetga chiqarishdan boshlanadi. To’p kelayotgan tomonga yaqin oyoqda depsiniladi. Qo’llar to’p tomonga keskin uzatiladi. Ularning harakati va ikkinchi oyoqning silkib bukilishi depsinish kuchi oshishiga yordam beradi. Depsinish burchagining qanday bo’lishi to’pning uchish balandligiga bog’liq.