Vektorlashtiruvchi (vectorizer) - fazoviy ma’lumotlarni rastr formatdan vektor formatga o‘tkazuvchi dasturiy vositadir.
Kartometriya (cartometry) - karta bo‘yicha o‘lchash. Kartometrik
ko‘rsatkichlar bir necha xil bo‘lishi mumkin, jumladan: uzunlik va masofa bo‘yicha, maydon bo‘yicha, hajm bo‘yicha, burchak va burchak kattaliklari bo‘yicha. Mavzuli kartalar bo‘yicha o‘lchash va hisoblash ishlari maxsus bo‘limlar - mavzuli kartometriya va morfometriyada olib boriladi.
Obyekt- geoelement deb ataluvchi va o‘zida geometriya va matematikani qamrab olgan fazoviy elementning belgisi. Har bir obyekt obyektlar sinfiga tegishli bo‘ladi.
Raqamlashtirish - bu qog‘oz kartadagi ma’lumotlarni kompyuter fayliga aylantirish jarayonidir.
Alohida moslamalar (peripherals, peripheral, peripheral devices, peripheral equipment, peripheral unit) - tashqi moslama, apparat ta’minotining tarkibiy qismi bo‘lib, asosiy kompyuter blokidan ajralgan holatda bo‘ladi. Alohida moslamalarning asosiy vazifasi bu GATdagi ma’lumotlarni tayyorlash, kiritish, saqlash, boshqarish, himoya qilish, tasvirlash va aloqa kanallari orqali uzatishdan iborat. Alohida moslamalar turkumiga raqamlovchi skanerlarni, moslamalar guruhiga esa grafoqurilma, printerlar, monitor va boshqa qurilmalarni kiritish mumkin. Saqlash va arxivlash vositalariga tashqi diskovodlar, strimmerlar, modem va muntazam quvvat ta’minoti (UPS) ni kiritish mumkin.
Kartalarning razgrafkasi (bo‘linishi) -bu ko‘p varaqli kartalarni bo‘limlarga bo‘lish tizimidir. Tizimda to‘g‘ri burchakli va trapetsiyali kabi ikki xil bo‘linish turi qo‘llaniladi. To‘g‘ri burchakli razgrafkada kartalar bir xil o‘lchamli to‘g‘ri burchakli yoki kvadrat varaqlarga bo‘linsa, trapetsiyali turda karta trapetsiyalar shaklida bo‘linadi. Bunda varaqlar chegaralari vazifasini meridian va parallellar bajaradi.
Rastr grafikasi -kompyuter grafikasining zamonaviy ko‘rinishi bo‘lib, bunda asosiy elementni piksel (pixel - “picture element” so‘zining qisqartmasi) tashkil qiladi. Pikselni oddiygina kvadrat shaklidagi figura sifatida tushunishimiz mumkin. Rastr tasvirdagi piksellar o‘lchami qanchalik kichik va ko‘p bo‘lsa, tasvir shuncha aniq ko‘rinishda bo‘ladi.