Geomatika - bu informatsion texnologiyalar, multimedia va tele- kommunikatsiya vositalarini ma’lumotlar qayta ishlovida, geotizim tahlilida, avtomatlashgan kartografiyada qo‘llanilishining yig‘indisi hisoblanadi va mazkur atama geoinformatika yoki geoinformatsion kartografiyalash sifatida ham qo‘llaniladi.
Raqamli yuza(qatlam, mavzu) deb ma’lum bir hudud chegarasidagi va koordinata sistemasidagi qatlamlar to‘plami uchun umumiy bo‘lgan bir sinfdagi obyektlarga tegishli bir turdagi fazoviy obyektlar oilasiga aytiladi.
Aerofototasvir (aerial photograph, aerial photo) - uchish apparatlari yordamida ko‘rinadigan va yashirin obyektlar, hodisalar, jarayonlarni deshifrlash va o‘lchash orqali olingan yer yuzasining ikki o‘lchamli fototasviridir. Rasmga tushirish balandligiga qarab yirik masshtabli, o‘rta masshtabli va kichik masshtabli tasvirlar olinadi.
Agar rasmga tushirish vertikal o‘qiga nisbatan qiyalanish yo‘l qo‘yiladigan darajada bo‘lsa, planli aerofototasvir (vertical aerial photograph), agar o‘qning yo‘l qo‘yilgan qiyaligidan chiqib ketsa, perspektiv aerofototasvir (perspective aerial photograph) olinadi. Fotoplyonka turiga qarab esa oq-qora yoki
monoxrom tasvirlar, rangli tasvirlar (colour aerial photograph), spektrozonal tasvirlar (false colour composite) olinadi. Fotoplyonkadan bosmaga chiqarish turiga qarab kontaktli (contact print), kattalashtirilgan (enlargement print) aerofototasvirlar olinadi. Umumiy holatda aerofototasvirlar 2 xil ko‘rinishda: yakka turdagi (single photograph, single lens photograph) va stereoskopik (stereoscopic photograph) bo‘ladi. Stereoskopik tasvir maxsus stereoskopik asboblar yordamida va kompyuter ekranida uch o‘lchamli tasvirlash jarayonida joyning haqiqiy uch o‘lchamli tasvir ko‘rinishini ta’minlaydi.
Ma’lumotlar bazasi -MB (database) - bu aniq qoidalar asosida tashkil etilgan hamda tasvirlash, saqlash va boshqarishning umumiy tamoyillariga amal qiladigan ma’lumotlar jamlanmasidir. Ma’lumotlar bazasida ma’lumotlarni saqlash qoidalari xavfsizlik standartlariga va butunligiga amal qilgan holda markazlashgan boshqaruv asosida tashkil etiladi. Bunday tizimda ma’lumotlarning bir-biriga qarama-qarshiligi va takrorlanishining oldi olinadi. MB ni yaratish va undan ma’lumotlarni olish tizimi ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimi (MBBT) yordamida amalga oshiriladi. MB bir yoki bir nechta kompyuterlarga o‘rnatilishi mumkin hamda ma’lumotlarni olish va qayta joylashtirish o‘zaro bir yoki bir nechta kompyuterlar o‘rtasida amalga oshiriladi. GATda asosan fazoviy ma’lumotlar saqlanganligi bois bu tizim (MB) ning boshqacha nomi Fazoviy ma’lumotlar bazasi (Spatial database) deb ataladi.