Ta’lim muammosi. Demografik portlash sabablari ta’lim muammosi bilan uzviy bog‘liq. So‘nggi vaqt ichida jahonda savodsizlar soni foiz hisobida kamaygan bo‘lsa, mutlaq hisobda o‘sishda davom etmoqda. Bunda ma’lumotsiz odamlarning hayoti amalda ko‘p bolalikni xurofiy aqidalar bilan oqlaydigan arxaik oilaviy an’analarga bo‘ysunadi. Pirovardida rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi tafovut bu jihatdan ham ortishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda ajabtovur vaziyatni kuzatish mumkin: savodxonlik mutlaq raqamlarda o‘sayotgan bir paytda, savodsizlar, ya’ni o‘qish, yozish, oddiy arifmetik amallarni bajarishni bilmaydigan odamlar soni ham o‘sib bormoqda (Hindiston aholisining 70%, Pokiston aholisining 60%, Afrika mamlakatlari aholisining 80% savodsiz).
SHu bilan bir qatorda aksariyat odamlarning ma’lumot darajasi yangi texnologiyalar va kompyuter texnikasidan keng foydalanuvchi hozirgi jamiyatda to‘laqonli yashash va mehnat qilish imkonini bermasligi bilan bog‘liq funksional savodsizlik ham o‘sib bormoqda.
Bu muammoning boshqa bir jihati shundan iboratki, jahonning aksariyat davlatlarida ta’lim olish imkoniyati barchaga teng darajada ta’minlanmagan bo‘lib, bu ijtimoiy keskinlikning qo‘shimcha manbai hisoblanadi. SHuningdek hozirgi davrda ta’lim sifatini yaxshilash, unnig mazmunini ijtimoiylashtirish masalasi ko‘ndalang bo‘lib turmoqda. SHuni alohida ta’kidlash lozimki ta’limning ijtimoiylashuvi o‘quv jarayonida gumanitar fanlarning o‘quv soatlari yoki fanlar sonini ko‘paytirish emas balki, tabiiy ilmiy fanlar mazmunini gumanitarlashtirish, har qanday ilmiy kashfiyotni inson manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirish lozim. SHundagina inson o‘z mavjudligini saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash. Aholi soni va uning yashash sharoiti, shuningdek atrof muhit holati hozirgi davrning yana bir global muammosi bilan uzviy bog‘liq. Aksariyat kasalliklar va atrof muhitdagi antropogen o‘zgarishlar o‘rtasida bevosita va bilvosita aloqa mavjud. Hozirgi odamlar avlodiga atrof muhit ifloslanishining hali o‘rganilmagan yoki kam o‘rganilgan ko‘p sonli fizik (avvalo elektromagnit), kimyoviy va biologik omillari ta’sir ko‘rsatmoqda. Avvalo, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar aholisi kasalliklarining tarkibi va xususiyatida yuz bergan o‘zgarishlar ayni shu hol bilan izohlanadi.
Bu erda yuqumli kasalliklar bartaraf etilgan bo‘lib, odamlar o‘limining asosiy sabablari hisoblanmaydi. Lekin yurak-qon tomir kasalliklari, ruhiy kasalliklar sezilarli darajada ko‘paydi, «sivilizatsiya kasalliklari» deb nomlangan butunlay yangi kasalliklar: rak, OITS va boshqalar paydo bo‘ldi. Bunday kasalliklar, xususan yurak-qon tomir kasalliklari o‘sishining asosiy sabablari kam harakatchan turmush tarzi, semirish, chekish, ruhiy zo‘riqish, stress holatlari ekanligi aniqlangan. Bu hodisalar insonga tabiatning qudratli kuchlarini jilovlash va o‘zini jismoniy mehnatdan asosan xalos etish, mazkur ishni mashinalar, texnika vositalariga yuklab, o‘ziga asosan aqliy mehnat, tartibga solish va nazorat qilish funksiyalarini qoldirish imkonini bergan XX asr sivilizatsiyasining rivojlanish mahsulidir.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda boshqacha vaziyatni kuzatish mumkin: bu erda kasalliklardan azob chekayotganlar soni rivojlangan mamlakatlardagidan ko‘proq, kasallikning oldini olish yoki davolanish imkoniyati esa sezilarli darajada kamroqdir. Tibbiyot sifatining pastligi, qashshoqlik va antisanitariya tufayli rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar o‘limi, bezgak, sil, traxoma, qoqshol bilan kasallanish darajasi, epidemik yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lish ehtimoli rivojlangan mamlakatlardagi holat bilan taqqoslab bo‘lmaydigan darajada yuqoridir.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yurak qon—tomir kasalliklari kun sayin ortib bormoqda. Bunday kasalliklar aksariyat hollarda o‘lim bilan tugaganligi sababli jamiyat uchun katta tahdid sanaladi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) hisobotiga ko‘ra, 2005 yilda yurak qon-tomir kasalliklaridan 17,5 million inson vafot etgan. Ushbu ko‘rsatgich barcha o‘lim holatlarining 30 foizini tashkil qiladi. SHu jumladan, 7,6 million kishi yurak ishemik kasalligidan 5, 7 million kishi insult oqibatida hayotdan ko‘z yumgan[8]. Hozirgi vaqtda o‘rnatilgan internatsional aloqalar natijasida davlatlar o‘rtasidagi ulkan yuk oqimlari, odamlarning faol migratsiyasi va kengaygan iqtisodiy munosabatlar olamshumul xususiyat kasb etdi va ko‘pgina yuqumli kasalliklarning tarqalish tezligini oshirdi. Notipik zotiljam, qush grippi, cho‘chqa grippi kabi ilgari hech qachon mavjud bo‘lmagan, yangi kasalliklarning paydo bo‘lishi sabablarini ham ayni shu erdan izlash lozim.
Ayni paytda shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, XX-XXI asrda yangi kasalliklar soni ko‘payib borsada, kasalliklarga qarshi kurash vositalari ham takomillashib bormoqda. Jumladan XXI asr fanining eng katta yutug‘i sifatida 2008 yilda nemis olimi G.Xareld tomonidan bachadan saratoni kasalligini keltirib chiqaruvchi sabab aniqlandi va unga qarshi emlash vositasi yaratildi. Hozirgi kunda rivojlangan mamlakatlarda 12-14 yoshdagi qizlarda bachadon saratoni kasalligiga qarshi faoliyat keng ammalga oshirilmoqda. Bu bilan dunyo bo‘yicha har yili 17 mingta ayolning ushbu xastalikdan halok bo‘lishi kamayadi.