Mavzu: Globallashuv va barqaror taraqqiyot falsafasi Globallashuv, globalistika va barqaror taraqqiyot jarayonlarining mohiyati


Energetika va xom ashyo resurslari



Yüklə 191,05 Kb.
səhifə20/25
tarix27.12.2023
ölçüsü191,05 Kb.
#198905
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   25
13-Mavzu Globallashuv

Energetika va xom ashyo resurslari. YAna bir global muammo – insoniyatni energetika va xom ashyo resurslari bilan ta’minlash xalqaro maydonda ko‘p sonli ziddiyatlar, shu jumladan harbiy mojarolar manbaiga aylandi. Bu resurslar moddiy ishlab chiqarishning negizi hisoblanadi va ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishiga qarab inson hayotida tobora muhimroq rol o‘ynaydi.
Mazkur resurslar tiklanadigan, ya’ni tabiiy yoki sun’iy yo‘l bilan tiklash mumkin bo‘lgan resurslarga (gidroenergiya, yog‘och, quyosh energiyasi va sh.k.) va miqdori mavjud tabiiy zahiralar bilan chegaralangan tiklanmaydigan resurslarga (neft, ko‘mir, tabiiy gaz, har xil rudalar va minerallar) bo‘linadi.
Hozirgi iste’mol sur’atlari saqlangan taqdirda tiklanmaydigan resurslarning aksariyati insoniyatga bir necha o‘n yillardan bir necha yuz yillargacha bo‘lgan muddat bilan o‘lchanadigan yaqin kelajakda foydalanishgagina etishi hisoblab chiqildi. SHuningdek mavjud zaxiralarning anchagina qismi murakkab sharoitda joylashgan konlarda jamlangan yoki nisbatan qashshoq rudalardan iborat.
YAqindagina odamlar aksariyat foydali qazilmalarni ochiq usulda yoki 600 m dan oshmaydigan chuqurlikda qazib olgan bo‘lsalar, bugungi kunda vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Qulay joylardagi foydali qazilmalar tugab bormoqda va endilikda 8-10 km chuqurlikda yoki okean tubida joylashgan konlarni ishga solish vazifasi paydo bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat ko‘p miqdorda kapital qo‘yilmalarni, balki ularni qazib chiqarish va qayta ishlash uchun yangi texnika va texnologiyalar yaratishni ham taqozo etadi. SHu sababli chiqindisiz texnologiyalarni rivojlantirish bilan bir qatorda insoniyat ixtiyorida mavjud resurslardan oqilona foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Urush va tinchlik muammosi. Harbiy soha jamiyat hayotining eng isrofgar sohasi hisoblanadi. Ayni shu sababli jamiyat hayotidan urushni bartaraf etish va Erda mustahkam tinchlikni ta’minlash butun dunyoda mavjud barcha global muammolar orasida eng muhimi deb e’tirof etiladi. Uning keskinligi barcha zamonlarda hech qachon pasaymagan bo‘lsa-da, XX asrda u nafaqat ayrim kishilar, xalqlar, balki butun insoniyat oldiga «o‘lish yo qolish?» degan mudhish savolni qo‘yib, alohida, fojeaviy mazmun va ahamiyat kasb etdi.
Bu hol ilgari mavjud bo‘lmagan imkoniyat – Erdagi hayotni yo‘q qilish imkoniyatini yaratgan yadro quroli paydo bo‘lishi bilan izohlanadi. YAdro quroli 1945 yil avgustda (Xirosima va Nagasaki) ilk bor qo‘llanilgan paytdan e’tiboran mutlaqo yangi davr – inson hayotining barcha jabhalari: siyosat, iqtisod, tafakkurda, jahon maydonidagi kuchlar nisbatida tub o‘zgarishlar yasagan yadro davri boshlandi. Ammo muhimi shundaki, mazkur davrdan e’tiboran nafaqat ayrim inson, balki butun insoniyat o‘lishi mumkin bo‘lib qoldi. Teyyar de SHarden yangi vaziyatga baho berar ekan, shunday deydi: «Bir individ o‘lsa, uning o‘rnini doim boshqa bir individ egallaydi. Individning o‘limi hayotning davom etishiga to‘siq bo‘la olmaydi. Ammo butun insoniyat o‘lsa-chi?..»1.
1940-yillarning oxirida ta’riflangan bu masala vaqt o‘tishi bilan ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi. Atom bombasi paydo bo‘lishi bilan «qiyomat-qoyim» xom-xayol bo‘lmay qoldi. O‘sha davrda yangi ixtironing butun xavfini ko‘pchilik hali tushunmagan, ayrim faylasuflar va olimlar yadro urushi tahdid solayotgan sharoitda odamlar o‘zining o‘zgargan holatini anglab etishlari va insoniyat halok bo‘lishining oldini olish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishlari lozimligi haqida ogohlantirgan edi.
Albatta, o‘zini o‘zi qirib tashlash imkoniyati odamlarda darhol paydo bo‘lgani yo‘q. YAdro qurolini yaratish va uni butun tiriklikni qirib tashlash uchun etarli miqdorda jamg‘arish uchun vaqt, juda katta moddiy, moliyaviy va boshqa xarajatlar, shuningdek jahonning turli mamlakatlaridagi olimlar, muhandislar va ishchilar ko‘p millionli armiyasining kuch-g‘ayrati talab etildi. Ammo birinchi yadro portlashlaridan so‘ng yuzaga kelgan vaziyatning jiddiyligini jahon hamjamiyatining keng davralari anglab etishi uchun ham qariyb 30 yil vaqt o‘tishi kerak bo‘ldi.
AQSH va Sovet Ittifoqida bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda ish olib borgan olimlar ikki jamoasi tadqiqotlarining aqlni lol qoldiruvchi natijasi bo‘lgan «yadro qishi» konsepsiyasi paydo bo‘lgan 1980-yillarning boshiga kelibgina insoniyat yadro quroli yaratilishi, shuningdek global muammolar paydo bo‘lishi bilan u o‘zining avvalgi «umrboqiyligi»ni yo‘qotganini uzil-kesil anglab etdi.
Kompyuterda yaratilgan modellarda ancha aniq hisoblab chiqilgan mazkur konsepsiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, jahonda Erdagi hayotni butunlay yo‘q qilish uchun etarli miqdorda yadro zaryadlari to‘plangan. Ular portlatilgan taqdirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shikastlantiruvchi ta’sirdan tashqari havoga son-sanoqsiz miqdorda chang, tutun va kul ko‘taradi va ularning qalin pardasi sayyoramizni quyosh nurlaridan butunlay to‘sib qo‘yadi. Bu atmosfera va Er yuzasining temperaturasi keskin pasayishiga sabab bo‘ladi va uni muz bosishiga olib keladi. «YAdro qishi» konsepsiyasi odamlarni ular yangi xavf darajasini anglab etishga va sivilizatsiyani qutqarish uchun harbiy kuch ishlatishdan voz kechib, choh yoqasidan uzoqlashishga qodirmi, degan savolga javob berishda muqobildan uzil-kesil mahrum qildi.
Muhokama qilinayotgan muammoning boshqa bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, u mohiyati va hozirgi holati «Tabiat falsafasi»mavzusida ko‘rib chiqilgan ekologiya bilan uzviy bog‘liq. Biz fan-texnika taraqqiyoti darajasi ekologik tanglikni bartaraf etish borasidagi imkoniyatlarni belgilashini qayd etgan edik, ammo qurol-yarog‘larning vayronkor imkoniyatlari, ularning shakllari, qo‘llash metodlari va usullarining rang-barangligi ham ayni shu darajaga bog‘liq bo‘ladi. Boshqacha aytganda, inson o‘z hayotini tabiat bilan uyg‘unlikda yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini qo‘lga kiritish bilan bir qatorda butun tiriklikni yo‘q qilish qobiliyatini ham ko‘p karra oshirdi. Jamiyatning harbiylashuvi, qurollanish poygasi va harbiy mojarolarning salbiy oqibatlari atrof muhitning buzilish jarayonlarini yanada jadallashtirmoqda. YAdro quroli bilan bir qatorda urush olib borishning «geografik» vositalari ham oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlardan iborat alohida xavf tug‘diradi. Bu oqibatlar inson sun’iy yo‘l bilan tabiiy ofatlar, vayrongarchiliklar va shu kabilarga erishish maqsadida tabiiy jarayonlarga izchil ta’sir ko‘rsatishi natijasida kelib chiqishi mumkin. Urush harakatlari olib borishning bunday usullari, masalan muayyan hudud ustidagi ozon qatlamini ataylab vayron qilish va shu kabilar yadro qurolining qo‘llanilishi bilan teng oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Bugungi kunda harbiy qarama-qarshilik ma’lum darajada susayganiga qaramay, aksariyat mamlakatlarda mudofaa va atrof muhitni muhofaza qilish xarajatlarida ulkan nomutanosiblik hanuzgacha saqlanib qolmoqda.
Bu tafovut mudofaa foydasiga ba’zan ellik baravar va undan ko‘proq darajaga etadi. Bu hol «uchinchi dunyo» mamlakatlarida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Bu erga, bir tomondan, qurol-aslaha, boshqa tomondan esa – murakkab ekologik vaziyatni yanada og‘irlashtiruvchi eskirgan asbob-uskuna va noekologik texnologiyalar tobora ko‘proq etkazib berilmoqda. Natijada ifloslanish va tabiatning zavol topish sur’atlari bu erda rivojlangan mamlakatlardagidan ancha yuqoridir.
Qurollanish poygasi nafaqat ulkan moddiy resurslarni, balki mehnat resurslari, intellektual resurslarni ham behuda sarflamoqda. Butun dunyoda olimlarning to‘rtdan bir qismi, odatda, eng malakali kadrlar urushga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi ishlarga jalb qilingan bo‘lib, ularning bilim va ko‘nikmalari vayronkorlik vositalarini yaratishga yo‘naltirilgan. Ammo olimlar insoniyat duch kelgan xavf darajasini birinchi bo‘lib (ularning eng ilg‘or vakillari) anglab etdilar.
Qurollanish poygasi avj ola boshlagan 1955 yilda taniqli ingliz faylasufi B.Rassel tinchlik va qurolsizlanish uchun kurash tashabbusi bilan chiqdi. U A.Eynshteyn bilan hamkorlikda F.Jolio-Kyuri, M.Born, S.Pauell, L.Infeld va boshqa yirik olimlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mashhur Manifestni e’lon qildi. Bu Manifestda insoniyat unga tahdid solayotgan xavf haqida ogohlantirildi, shuningdek yadro asrida sivilizatsiyani asrab qolish uchun «yangicha fikrlashni o‘rganish» lozimligi uqtirildi.
B.Rassel nafaqat xavf-xatarlar haqida ogohlantirdi, balki ularni echish yo‘llarini ham taklif qildi. Xususan, u barcha urushlarga chek qo‘yishi lozim bo‘lgan jahon hukumatini tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. Uning fikricha, BMT* bunday hukumat negizi bo‘lishi mumkin. U shuningdek davlatlar o‘rtasidagi nizoli masalalarni tinch yo‘l bilan echish uchun jahon konferensiyasi chaqirishni talab qildi.
Tinchlik, qurolsizlanish va xalqaro xavfsizlik uchun kurash boshlagan jahon ilmiy hamjamiyati bu borada o‘z kuch-g‘ayratini birlashtirish lozimligini anglab etdi va 1957 yilda Pagoush (Kanada)da o‘z tarafdorlarining birinchi konferensiyasini o‘tkazdi. Pagoush harakati deb nomlangan bu tashkilot tinchlik uchun kurash olib boruvchi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biriga aylandi. Endilikda unga hozirgi globallashuv muammolari va nomutanosibliklarini bartaraf etish yo‘lida kurash olib borayotgan boshqa ko‘p sonli tashkilotlar va harakatlar (Grinpis, Rim klubi, antiglobalistlarning harakatlari va boshqalar) qo‘shildi. Tinchlik va qurolsizlantirish, xalqaro terrorizmga qarshi birgalikdagi kurash g‘oyasini 1993 yilda I.A. Karimov BMTning 48 sessiyasida taklif qilgan edi. O‘zbekistonda 1999 yil 16 fevral voqealari, 2001 yil 11 sentyabrda AQSHning markazida ko‘p qavatli savdo uyining portlatishi, CHechenistondagi cheksiz terrorchilik harakati natijasidagi minglab qurbonlar I.A. Karimovning nechog‘lik haqligini yana bir karra isbotladi.

Yüklə 191,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   25




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin