Grammatik ma’noni ifodalash vosita va usullari O`zbek tilida grammatik ma’no quyidagi vosita va usullar bilan ifodalanadi:
1. Affiksatsiya. Bunda grammatik ma’no so`zning negiziga turli shakl yasovchi affikslarni qo`shish bilan ifodalanadi: maktablar, maktabga, oddiyroq, ishlandi va h.k.
2. Yordamchi so`zlardan foydalanish. Mustaqil ma’noli so`zlar yordamchi so`zlar orqali grammatik ma’noga ega bo`lishi mumkin: Daraxt mevasi bilan ko`rkam, odam - mehnati bilan. (maqol)
3. Takrorlash. So`zlarni takrorlash ham grammatik ma’noni ifodalashga xizmat qiladi: dasta-dasta gul, xirmon-xirmon paxta kabi. Bunda dasta, xirmon so`zlarini takrorlash bilan ko`plik, mo`llik ma’nosi ifodalangan.
4. Suppletivizm. Bu - o`zaro bog`langan, ma’lum bir tizimni tashkil qilgan grammatik ma’nolarni ifodalash uchun alohida-alohida so`zdan foydalanish usuli. Masalan, o`zbek tilida bir grammatik tizimni hosil qiladigan I va II shaxs kishilik olmoshlarining birligi men va sen so`zlari orqali, ko`pligi biz va siz so`zlaori orqali ifodalanadi.
5. Urg`u so`zining grammatik ma’nosini ifoda qilish uchun xizmat qilishi mumkin: akadé́mik (ot), - akademí́́k (sifat), yangí́ (sifat) – yá́ngi (ravish), termá́ (sifat) – té́rma fe’l ning bo`lishsiz shakli.
6. So`z tartibi. So`zlarning gapda oldinma-keyin kelish ham ba’zan grammatik ma’no ifodalashga yordam beradi. Masalan: 1. Ajoyib odamlar. 2. Odamlar ajoyib. Birinchi gapda ajoyib so`zi otdan oldin kelib sifatlovchi vazifasini, ikkinchi gapda ushbu so`z otdan keyin kelib kesim vazifasini bajargan.
7. Ohang ham grammatik ma’no ifodalashda katta ahamiyatga ega. Bunda grammatik ma’no so`zlarning gap sifatida shakllanishi bilan bog`liq. Masalan: Hamma keldi. (Darak gap) - Hamma keldi? (so`roq gap) - Hamma keldi! (undov gap).