Grammatik kategoriya
Bir-biriga qiyosan olinadigan ikki yoki undan ortiq grammatik ma’no bilan shu ma’noni ifodalovchi grammatik shakllar tizimi grammatik kategoriya deyiladi.
Grammatik kategoriya so`zlarni, so`z shakllarni, so`z o`rinlarini, so`z qurilmalarini birlashtiradi, umumlashtiradi. Shunga ko`ra grammatik kategoriyalarning to`rt turi farqlanadi: 1) so`zning grammatik kategoriyalari; 2) so`z shakllarning grammatik kategoriyalari; 3) so`z o`rinlarining grammatik kategoriyalari; 4) so`z qurilmalarining grammatik kategoriyalari.
So`z va so`z shakllarning grammatik kategoriyalari tizimi tilning morfologiyasini tashkil etsa, so`z o`rinlari va so`z qurilmalarining grammatik kategoriyalari tizimi tilning sintaksisini tashkil etadi.
Demak, grammatik kategoriyalarni morfologik kategoriyalarga va sintaktik kategoriyalarga ajratish mumkin.
Morfologik grammatik kategoriyalarga, birinchidan, so`z turkumlarining o`zi, ya’ni ot, sifat, son, fe’l kabilar kirsa, ikkinchidan, ma’lum bir turkumga xos bo`lgan kategoriyalar, ya’ni otlarga xos bo`lgan son, egalik, kelishik kategoriyalari, fe’llarga xos bo`lgan bo`lishli-bo`lishsizlik, nisbat, mayli, zamon, shaxs-son kategoriyalari kiradi.
Sintaktik grammatik kategoriyalar deyilganda, gap, gap bo`laklari: ega, kesim, to`ldiruvchi, aniqlovchi, hol kabilar nazarda tutiladi.
So`z turkumlari
Nutqimizda mavjud so`zlar bir-biridan ma’no va grammatik xususiyatlari jihatidan farq qiladi. Shu jihatdan so`zlar ayrim-ayrim leksik-grammatik guruhlarga, turkumlarga ajratiladi. So`zlarning ma’no va grammatik belgilarining o`xshashligiga qarab guruhlarga bo`linishi so`z turkumlari deyiladi. So`zlarni turkumlarga ajratish uch tamoyilga tayanadi:
leksik-semantik tamoyil;
morfologik tamoyil;
sintaktik tamoyil.
Leksik-semantik tamoyilga ko`ra so`zlarni guruhlarga ajratishda, so`zning leksik ma’nosiga e’tibor beriladi. Masalan: tuz, non, tinchlik, daryo, tog`, osmon kabi so`zlar predmet yoki predmetlik tushunchasini (bunday so`zlar ot so`z turkumi deb nomlangan); katta ko`cha, shirin olma, tiniq osmon, ko`k ko`ylak kabi ajratilgan so`zlar predmetning belgisini (bunday so`zlar sifat deb nomlangan), beshta daftar, yuzlab odam, o`ntadan o`quvchi, ikkinchi kurs kabilarda ajratilgan so`zlar predmetning miqdorini, tartibini (bunday so`zlar son deb nomlangan); ayrim so`zlar bormoq, kelmoq, yozmoq, kulmoq, uxlamoq kabi harakat va holat tushunchasini (bunday so`zlar fe’l deb nomlangan); asta o`qidi, do`stona gapirdi, piyoda yurdi kabi ajratilgan so`zlar esa ish-harakatning belgisini (bunday so`zlar ravish deb nomlangan) bildiradi.
Chunonchi, ayrim so`zlar predmet, belgi, miqdor ma’nosini nomlab ko`rsatmasa ham, ularning mavjudligiga ishora qiladi: men, sen, bu, shu, qancha, har kim, qandaydir kabi (bunday so`zlar olmosh deb nomlangan).
Tilda shunday so`zlar (bilan, va, ammo, uchun, chunki, xuddi, faqat, albatta, yo`q, eh, oh, dupur-dupur, yalt-yult kabi) ham borki, ular mustaqil holda leksik ma’no ifoda etmaydi, biror tushunchaning atamasi bo`la olmaydi. Bunday so`zlar hozirgi o`zbek tilida ko`makchi, bog`lovchi, yuklama, modal, undov, taqlid so`zlar deb yuritiladi.
Morfologik tamoyilga ko`ra so`zlarni guruhlarga ajratishda ularning morfologik xususiyatlari asos qilib olinadi. So`zlarning qanday morfologik shaklda kelishi uning ma’no xususiyati bilan bog`liq. Masalan: predmet tushunchasini anglatadigan so`zlar (otlar) son, egalik, kelishik kabi grammatik shakllarga; predmetning, ish-harakatning belgisini bildiradigan so`zlar (sifat va ravishlar) daraja shakliga; harakat yoki holat ma’nosini bildirgan so`zlar (fe’l) nisbat, zamon, shaxs-son, mayl kabi grammatik shakllarga ega.
Predmet yoki shaxsga ishora qiluvchi so`zlar (olmosh) ham morfologik jihatdan o`zgarib, son, egalik, kelishik shaklida kela oladi.
Predmetning miqdori va tartibini anglatuvchi so`zlar (son) morfologik jihatdan o`zgarmaydi. Shuningdek, leksik ma’no anglatmaydigan so`zlar (ko`makchi, bog`lovchi, yuklama, modal so`z, undov va taqlid so`zlar) ham morfologik shakllarga ega emas.
Sintaktik tamoyilga ko`ra so`zlarni guruhlarga ajratish esa uning sintaktik tomoni, ya’ni qanday so`zlar bilan grammatik munosabatga kirishi, gapda bajaradigan sintaktik vazifasiga ko`ra belgilanadi. Masalan: predmet ma’nosini anglatuvchi so`zlar (ot) bosh kelishik shaklida ega va kesim vazifasini, qaratqich kelishigi shaklida aniqlovchi, tushum, jo`nalish, o`rin-payt, chiqish kelishigi shakllarida to`ldiruvchi va hol vazifalarida keladi: dars boshlandi, odamning ko`rki, xatni yozdi, universitetda o`qiydi kabi.
Belgi bildiradigan so`zlar (sifat, son, ravish) predmet yoki harakat ifodalovchi so`zlar bilan grammatik munosabatga kirishib, gapda aniqlovchi yoki hol vazifalarida keladi (to`g`ri so`z, o`z, beshta bola, ko`p kitob, yaxshi o`qiydi, birinchi keldi kabi).
Predmet, belgi, miqdorning mavjudligiga ishora qiluvchi, ular o`rnida almashinib qo`llanuvchi so`zlar (olmoshlar) gapda nimaga ishora qilishi va qanday so`zlar bilan birikishiga ko`ra gapda ega, kesim, to`ldiruvchi, aniqlovchi, hol vazifalarida keladi (men gapirdim, maqsadim – shu, bu bino, nimani o`qiding, qayerda yashaydi kabi).
Tildagi leksik ma’no ifoda etmaydigan so`zlar esa (ko`makchi, bog`lovchi, yuklama) leksik ma’no ifodalovchi so`zlar orasidagi grammatik munosabatni shakllantiradi, gap pyoki uning tarkibidagi ayrim so`zlarga qo`shimcha ma’no qo`shadi. Bunday so`zlar sintaktik vazifa bajarmaydi.
Shuningdek, leksik ma’no ifodalamay, biror hodisaning atamasi (nomi) bo`lmasa ham, lekin gap bo`lagi sifatida yoki mustaqil holda so`z-gap sifatida qo`llana oladigan so`zlar (modal, undov, taqlid so`zlar) ham mavjud (kerak, zarur, bor, oh, eh, uf, ey, gup-gup, dupur-dupur kabi).
Demak, so`zlarning gapda qanday gap bo`lagi bo`lib kelishi, uning qanday so`zlar bilan aloqaga kira olishi, ma’nosiga va grammatik shakliga bog`liqdir.
O`zbek tili lug`at tarkibidagi so`zlar leksik-semantik, morfologik va sintaktik tamoyilga tayangan holda quyidagi guruhlarga ajratiladi:
1) mustaqil so`zlar, 2) yordamchi so`zlar, 3) alohida guruh so`zlar.
Mustaqil holda leksik ma’no ifoda eta oladigan, biror morfologik shaklda kelib, gap bo`lagi vazifasini bajaradigan so`zlarga mustaqil so`zlar deyiladi. Mustaqil so`zlarga ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish kabi so`z turkumlari kiradi.
Mustaqil holda leksik ma’no ifoda etmay, gap bo`lagi vazifasini bajarmaydigan, faqat so`zlar orasidagi sintaktik munosabatni ifodalaydigan yoki ularga qo`shimcha ma’no qo`shishga xizmat qiladigan so`zlar yordamchi so`zlar deyiladi. Yordamchi so`zlarga ko`makchi, bog`lovchi, yuklama kiradi.
Modal so`zlar modal ma’no ifodalashi jihatidan yuklamalarga o`xshasa-da, lekin undan farqli ravishda gapda gap bo`lagi (kesim, sostavli kesim tarkibida) vazifasida, butun bir gap tarzida kela oladi.
Undov va taqlid so`zlar mustaqil so`zlar kabi biror hodisaning nomi bo`la olmaydi, lekin gap bo`lagi vazifasida, so`z-gap vazifasida kela oladi. Shuning uchun ham bunday so`zlar alohida guruhni tashkil etadi
Asosiy darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari
1.M.Hamrayev, D.Muhamedova, D.Shodmonqulova, X. G‘ulomova, Sh. Yo‘ldosheva. Ona tili
2.R.Ikromova, D.Muhamedova, M.Hamrayev. Ona tilidan mashqlar to’plami. (o‘quv qo‘llanma). TDPU, Toshkent, 2009-yil.
Qo`shimcha adabiyotlar
1. Англо-русский словарь. Составитель В.К.Мюллер. Москва, 1971, стр. 682.
2. Jamolxonov H.A. Hozirgi o`zbek adabiy tili. - T.: “Talqin” nashriyoti. 2005, 25-bet.
3. George Yule. The Study of Language. CAMBRIDJE UNIVERSITY PRESS. 2010, 42-bet.
http://hozir.org
Dostları ilə paylaş: |