Mavzu: Ijtimoiylashuv. Shaxs: erkinlik va demokratiya Reja: Ijtimoiylashuv
O’z-o’zini anglash va begonalashuv
Erkinlikning mohiyati.
Shaxsning tanlov erkinligi
Demokratiya va konstitutsiyaviy erkinliklar
Ijtimoiylashuv. Shaxsning shakllanishida uni o’rab turgan muhit va u intiladigan madaniy ijtimoiy ideallar hamda bajarishi lozim bo’lgan vazifalarining ham ahamiyati kattadir. Bunday hodisani fanda insonning ijtimoiylashuvi va yoki sotsializatsiya yo’li bilan shaxsga o’tishi, deb atash qabul qilingan. Buni izohlaydigan ko’pgina qarashlar mavjud.
Ijtimoiylashuv umumiy ma’noda insonning bio va ruhiy ehtiyojlariga maqsadga muvofiq, oqilona ta’sir o‘tkazishdir. Buning oqibatida inson shaxsi qaror topishining ikkinchi tomoni — uning subyektiv «MEN»i ham shakllanadi. Shaxsning «MEN»i ota-onalari, qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlar, mahalla-ko‘y va boshqalardan o‘zlashtiradigan sifatlardir. Bu sifatlar aniq olingan joyi va vaqtiga ko‘ra ijobiy yoki salbiy shaxsiy xususiyatlar shakllanishi mumkin. Ijobiy holatda shaxsda o‘zi to‘g‘risida odillik, epchillik, qobiliyatlilik, Shaxsning huquq va majburiyatlari uddaburonlik kabi tasavvurlar tug‘ilsa, salbiy holatda uning layoqatsizligi, noshudligi, zaifligi kabi xususiyatlari qaror topishi mumkin. Albatta, bu xususiyatlar inson subyektining o‘z «MEN»I to‘g‘risidagi fikrlaridir. Ularning voqelikka muvofiq kelishi, ya’ni haqiqiymi yoki yo‘qligi masalasini ham nazardan qochirmaslik lozim.
Subyektiv «MEN» yuzaga kelishi bilan nisbiy mustaqillik tarzini oladi va shaxs sifatida o‘zini ko‘rsata boshlaydi. Shu bilan birga shaxs «MEN»i doirasida uning ikkinchi jihati — boshqalarning bu «MEN»ga bo‘lgan munosabatiga javoblari masalasi ham ko‘zga tashlanadi. «MEN»ning bu jihati o‘zga «MEN» bo‘lib, unda aniq olingan shaxsning xatti-harakatlari, fikr-o‘yi, siyosiy mavqeyi, turmush tamoyillari va hokazolar to‘g‘risida jamoatchilik fikrlarini hisobga olish yoki olmaslik bilan bog‘liq holatlar ifodalanadi.
O‘zga «MEN» quyidagi holatlardan tashkil topadi. Bular — boshqalarning aynan shu shaxs to‘g‘risidagi qarashlari asosidagi fikrlar; ayni shu shaxsning xatti-harakati va faoliyatini boshqalar tomonidan baholash bilan bog‘liq omillar; boshqalarning qarashlari va bergan baholariga javoban qoniqish, g‘urur, o‘ziga ishonchining kuchayishi, o‘zini bekam-u ko‘st deb hisoblash, uyalish, afsuslanish, ehtiyotkorlikka moyillik kabi holatlardir. Shaxsning obyektiv «MEN»i bilan uning to‘g‘risidagi «o‘zga MEN» bir-birini to‘ldirgandagina insonning ijtimoiy tabiati haqidagi fikrlar ham to‘laroq bo‘ladi.
«MEN» inson shaxsning ichki muayyanligini ifodalaydi va mohiyatan uning belgilovchisidir. Unda shaxsning o‘z-o‘zini anglashi, fe’l-atvori va irodasining manbayi jamlangandir. Shaxs «MEN»i insonning u yoki bu yo‘nalishdagi faoliyati bilan bog‘lanib, o‘zining turli-tuman qirralarini namoyon qiladi. Ular eng umumiy tarzda quyidagilardir.
O’z-o’zini anglash. Bu shaxsning obyektiv voqelikka nisbatan turli darajada va shakllarda ifodalanadigan xatti-harakati, histuyg‘ulari, fikr-o‘ylari, manfaati, o‘zi a’zo bo‘lgan eng oddiy guruhdan insoniyat va jamiyatgacha bo‘lgan barcha bosqichlardagi
o‘rni va hokazolarni bilib olganligidir. Buning natijasida shaxsning turmush faoliyatini oqilona boshqarish yo‘lga qo‘yiladi. O‘z navbatida o‘z-o‘zini boshqarish negizida shaxsning o‘zini takomillashtirish, ro‘yobga chiqarish ta’minlanadi.
Bunda shaxs faoliyati, ma’naviy olami tahlil obyekti sifatida olinsa – bu refleksiyadir (lotincha: orqaga qarash). Unda shaxs o‘z ma’naviyatining o‘ziga xos jihatlarini bilishi, o‘z harakatlarini mulohaza qilishga, baholashga intilishini ifodalaydi.
Shaxs o‘zining tabiati, uni o‘rab turgan olamning mohiyati, mazmuni va holati jihatidan ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilgan, e’tiqodga aylangan, turmush ehtiyojlari bilan uzviy bog‘langan nazariy qarashlarning umumiy ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Dunyoqarash, eng avvalo olam haqidagi yaxlit bilimdir. Shaxs bilish jarayonida o‘z faoliyatini namoyon etib, dunyoqarashida voqelikni nafaqat qanday bo‘lsa o‘shanday aks ettiradi, balki uni muayyan tarzda baholaydi. Demak, shaxsning bilimi uning ma’naviy dunyosini boyitadi, bilim-baho va bilim-munosabat esa uning ijtimoiy mavqeyi va turmush tamoyillarini shakllantirishga ko‘mak beradi. Bulardan ko‘rinadiki, shaxs dunyoqarashi faqatgina bilimlardan iborat bo‘lmay, balki uning voqelikka munosabatini ifodalaydigane’tiqodlar tizimi hamdir. Shaxs dunyoqarashi fanga muvofiq, mantiqan izchil, taraqqiyparvar, aql tarozisidan o‘tgan (ratsional) yoki fanga zid (irratsional), reaksion bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiylashuv tufayli inson shaxsi o‘z sifatlarini namoyon etib, turmush sharoitini o‘zi yaratadigan mehnatkash, mol-u mulk egasi, moddiy va ma’naviy qadriyatlar iste’molchisi, siyosiyhuquqiy jarayonlar ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolar hamda sotsiumning ilk barqaror bo‘g‘ini bo‘lgan oila a’zosi vazifalarini ado etishga qodir bo‘ladi.
Begonalashuv. Shaxsni ifodalaydigan muhim jihatlardan ayrimlari ma’lum shart-sharoitlar ta’sirida shaxsning o‘ziga, tabiatiga zid sifatlarda yuzaga kelishi mumkin. Natijada shaxsiy yaxlitlikda u o‘z imkoniyatlarini to‘la-to‘kis namoyon qila olmaydi. Boshqacha qilib aytganda shaxsning o‘z-o‘zidan begonalashuvi jarayoni boshlanadi. Huquqshunoslikda mulkning egasidan boshqa birovga o‘tishi begonalashuv hisoblanadi. Shaxsdagi begonalashuv esa uning o‘z shaxsiy qadriyatlaridan sharoit va muhit taqozosi bilan ayrilishini bildiradi.
Shaxsdagi ikkiga bo‘linganlik muayyan sivilizatsiya chegarasida namoyon bo‘lib, sotsium a’zolarining o‘z faoliyati natijasidan bexabar bo‘lib, begonalashib qolishiga olib keladi. Bu o‘z navbatida, shaxs erkinligi holatlariga ta’sir etmasdan qolmaydi.
Xo‘sh, shaxs erkinligini cheklaydigan begonalashuv nimalardan iborat? Dastavval bu hodisa shaxsni ojiz etib qo‘yishida, uning taqdirini begona kuchlar belgilayotganligida, so‘ngra, shaxs hayotining ma’nosizligi, u yoki bu xatti-harakati doimo nooqilona natijalarga olib kelishi to‘g‘risidagi tasavvurlarda, yana, shaxsni o‘rab turgan voqelikdagi oqilona aloqalarning barbod bo‘lganligini idrok qilishda ko‘rinadi. Shaxs «MEN»i o‘zligini yo‘qota boshlaydi.
G‘arbning ko‘pgina mutafakkirlari begonalashuv hodisasini hozirgi sanoatlashgan sotsiumning o‘tmishdagi an’anaviy jamiyatlarga qarama-qarshi ekanligidan va buning natijasida individlarning ilgari amalda bo‘lgan birdamliklarining barham topishi, shaxsiyatparastlik ko‘lamining oshib ketishi, boshqaruvda to‘rachilikning kengayib ketishi, texnikaning inson ustidan hukmronlik qilishi va hokazo jihatlariga e’tiborni qaratadilar.
Kishilarning ongli mavjudotligi va sotsiumda ham ruhiyatning o‘rni katta ekanligiga asoslanib begonalashuvni oqilona bartaraf etishning ko‘plab nazariyalari yaratilgan. Afsuski, hozirgacha katta da’volar bilan maydonga chiqqan ko‘plab ijtimoiy qarashlar o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamadi.
Xo‘sh, bundan begonalashuv shaxs peshonasiga yozilgan azaliy holat ekan-da, degan ma’no kelib chiqadimi? Albatta, yo‘q.
Hozirgi vaqtda insoniyat yagona kelajak, yagona taqdir masalalarida, aytish mumkinki, bir to‘xtamga kelmoqda. Yer yuzidagi davlatlarning kuch-g‘ayratlarini birlashtirib jahon yagona hamjamiyati sari yo‘l tutish doirasida har bir mamlakatda huquqiy davlat qurish va uni demokratik boshqarish inson shaxsi erkinligini ta’minlashi mumkin, deyishga asos bor.
Erkinlikning mohiyati. Erkinlik butun ijtimoiy tarix davomida insoniyat va inson shaxsi hayotining dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Chunki, erkinlik ijodiy, yaratuvchi, faol, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari harakat qiluvchi insonning ehtiyoji bo‘lib, uning tabiati bilan bog‘liqdir.
Inson hayoti g‘oyat murakkab aloqadorliklar va o‘zaro bog‘liqliklar orqali kechishi, munosabatlari g‘oyat xilma-xil sohalarda namoyon bo‘lishi tufayli uning erkinligi ham ko‘p qirrali. Dastavval buni so‘z erkinligi, shaxsning tanlov erkinligi, diniy e’tiqod erkinligi va hokazolarda ko‘rish mumkin.
Zaruriyat. Erkinlik nima? — degan savolga berilgan javoblar ichida dastavval uni voqelik — olam rivojlanishining zaruriy jihatlari bilan bog‘lash ko‘zga tashlanadi. Darhaqiqat, zaruriyatning o‘zi nima? Zaruriyat deganda uni taqdir taqozosi (diniy qarashlar), voqelik rivojlanishining pirovard natijada qonuniy, zaruriy holda yuz berib, o‘ziga yo‘l topib olishi (materialistik, deterministik qarashlar), ma’naviy rivojlanish ifodasi, (turli ruhshunoslik va subyektiv yo‘nalishdagi qarashlar) kabi tarzlarda talqin etiladi. Bu qarashlarda, albatta, muammoning muayyan jihatlari o‘z ifodasini topgan. Lekin shuni alohida aytish kerakki, masala antinomiya (qonundagi ziddiyatlilik) ko‘rinishida qo‘yilmasligi lozim. Balki masala erkinlik va zaruriyat birligida, ular nisbatining eng umumiy jihatlarini aniqlash tarzida olinishi mumkin. Bu esa aniq tarixiy yondashuvni taqozo etadi.
Kishilar kundalik hayotlarida turlicha ko‘rinishlardagi zaruriyatga duch kelib turadi. Ular o‘z faoliyatlarining obyektiv sharoitlarini tanlab olishda o‘z bilganlaricha ish ko‘ra olmaydilar. Balki ayni shu sharoitlar talablaridan kelib chiqib harakat qiladilar. Shu bilan birga zaruriyat qonunlarining amal qilishi avtomatik tarzda har bir aniq olingan hodisada ro‘y bermay, balki xiyla katta hodisalar doirasida, ularning o‘zgarishi va rivojlanishida namoyon bo‘ladi. Kishilar zaruriyat ketidan shunchaki ergashib yurmaydilar, zaruriyat qonunlari talablariga yo turli darajada moslashadilar, yo imkoni bo‘lgan hollarning barchasida bu talablarga qarshi turadilar. Ana shu o‘rinda kishilar erkinligining ifodalanishi uchun dastlabki sharoitlar yaratiladi. Natijada har bir kishi u yoki bu qarorni qabul qilishi, o‘z harakatlarini amalga oshirishi mumkin. Bunda, birinchidan, insonning erkinligi nafaqat tashqi omillar bilan, balki, uning ichki intilishlari, qadriyatlar tizimi va mo‘ljallari bilan ham bog‘liq. Ikkinchidan, shaxs o‘ziga ko‘rsatilayotgan har qanday ta’sirga fikran turlicha javob bera oladi. Shunga ko‘ra, bitta sabab bilan qator oqibatlarni yuzaga keltirsa bo‘ladi.
Shaxsning tanlov erkinligi. Shaxsning maqsadga muvofiq faoliyati jarayonida uning erkinligi turli bosqichlarni — erkinlikni subyektiv anglab olishdan tortib, to uni obyektiv amalga oshirishgacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tadi. Chunonchi shaxs o‘z faoliyati natijasini oldindan belgilab olish imkoniyatiga ham ega. Chunki har qanday aniq vaziyatda ham bir nechta imkoniyatlar mavjud bo‘ladi. Aks holda, ya’ni oqilona muqobillik yetishmay turganda ham shaxs o‘z erkinligi doirasida yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlardan o‘zini chetga oladi. Shaxsning tanlov erkinligini, insoniyat dunyosida tutgan o‘rnini jonli tabiatdagi obyektiv saralanish bilan qiyos etish mumkin. Biroq, bular o‘rtasida ma’lum farqlanishlar ham bor. Tabiiy saralanish bu — obyektiv jarayon. Insonning tanlov erkinligi esa amaliy xususiyatlar ifodasi bo‘lib ham subyektiv, ham obyektiv tabiatga ega. Tanlov istagan joyida yaratilgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar o‘rganilishi, o‘zlashtirilishi va ijodiy takomillashtirilishi mumkin.
Inson shaxsining bu jihati faqat individual tabiatga ega bo‘lmay, balki keng ijtimoiy mazmunga ham ega. Ya’ni, shaxslargina emas, balki katta yoki kichik el-elatlar, millatlar va xalqlar ham taqdirlariga tegishli hollarning barchasida ijtimoiy tanlov erkinligiga egadir. Lekin bular shaxs va ijtimoiy kuchlar sof subyektivligining natijasi emas, balki pirovardida obyektiv taqozolaganligi oqibatidir.
Shaxs erkinligi individual sezgi, subyektiv erkinlik sifatida tanlov qilishdan boshlasa-da, insonning tabiatan faolligi tufayli yuqoriroq bosqichlarda — maqsadga erishish uchun tanlangan vositalarni ishlatib, muayyan xatti-harakatlar qilishda (obyektiv erkinlikda) nihoyasiga yetadi.
Erkinlikning subyektiv va obyektiv ifodalanishlarida undagi ichki va tashqi tomonlarning xususiyatlari, o‘zaro bog‘liqligi va muhim farqlarni payqash qiyin emas.
Shaxs erkinligining ichki tomoni belgilovchi va tuzilishiga ko‘ra ancha murakkab bo‘lib, asosiy unsurlar sifatida maqsad va vositalarni tanlash, amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan vaziyatlarni bilishni, bu bilingan, o‘zlashtirilgan tashqi zaruriyatni ichki e’tiqod bilan muvofiqlashtirib olish va, nihoyat, o‘zligini to‘la namoyon etish kabilarni o‘z ichiga oladi. Bular alohida olinganda ham, birgalikda olinganida va nisbiy mustaqil tarzda ham mavjud.
XX asr Yevropa mutafakkirlaridan M.Xaydegger, K.Yaspers va J.P.Sartr inson ichki erkinligi masalasida muhim qarashlarniilgari surganlar. Haqiqiy erkin tanlov — bu individning ichki ehtiyojiga muvofiq qilingan tanlovki, uning ichki e’tiqodi, samimiyligi, sofdilligi bilan bog‘liqdir.
Tashqi erkinlik — bu dastavval mavjud ijtimoiy munosabatlar tizimida shaxs o‘rni va ahamiyatining ifodalanishi, uning ichki erkinligining hissiy-buyumlashgan tarzda namoyon bo‘lishidir. Bunda oxir-oqibatda shaxs bilan sotsium manfaatlarining uyg‘unligi masalasi alohida ahamiyatga ega.
Shaxs va u mansub bo‘lgan tuzilma — jamiyat manfaatlari muammosi, shaxs erkinligi masalasi borasida bir-birini istisno qiladigan ikki xil, qarashlar mavjud. Ulardan birida inson shaxsi manfaatlarini rivojlanishning belgilovchi omili hisoblanib, mutlaqlashtiriladi. Ikkinchisi, esa, aksincha, insonga shunchaki bir unsur sifatida qarab, uning manfaatini ijtimoiy manfaatlar oldida ahamiyatsiz qilib qo‘yadi. Tashqaridan qaraganda bu nuqtayi nazarlar bir-biriga qarama-qarshi turadi. Amalda esa ularning har ikkalasida ham manfaatlar nisbati to‘g‘risida gap boradi.
Demokratiya. Shaxs mohiyatining ko‘pgina muhim qirralari, uning tabiatidagi qator jihatlari, imkoniyati, bajarishi lozim bo‘lgan vazifalari va hokazolar qadimgi davrlardan boshlab insoniyatning butun tarixi davomida kishilar hayoti jamiyat tarzida qanday tashkil qilinganiga, siyosiy hokimiyatning o‘rniga hamda amaldagi huquqiy tizimlar qay tarzda mavjudligiga bog‘liq bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda shaxs jamiyatning demokratiyaviylik darajasiga bog‘liq holda shakllanadi.
Demokratiyaning ilk ko‘rinishlari sivilizatsiya tongidayoq qaror topgan bo‘lib, insoniyatning buyuk qadriyati hisoblanadi. Biroq, insoniyat rivojlanishining butun bosqichlarida demokratiya yo sahnadan ancha vaqtda tushib ketib, yo qisqa vaqtda tiklanib, mutafakkirlarning o‘y-fikrlari markazida inson bilan inson, inson bilan jamiyat uyg‘unligini ta’minlaydigan ijtimoiy muhit shakllarini topishga urinish yotadi. Sharq uyg‘onish davrida Forobiy va boshqalar antik davrning demokratiyaga doir qarashlarini rivojlantirib, ancha ilgarilab ketgan edilar. Movarounnahrda jamiyatni, kishilar hayotini tashkil etish va boshqarishning o‘z davri uchun tipik jihatlari dastlab Xorazmshohlar, keyinroq Amir Temur davrida rivoj topdi. Bularda (masalan, «Temur tuzuklari»da) jamiyat va shaxsning siyosiy huquqiy maqomlari aks etgan edi.
Konstitutsiyaviy erkinliklar. Shaxs erkinliklari, uning davlat oldidagi burch va majburiyatlari demokratiyaviy konstitutsiyalarda qonunlashtirilgan bo‘ladi. Unda, birinchi navbatda, xalqning xohish-irodasi erkin ifodalanishi, shu xalqning hokimiyat manbayi ekanligi o‘z aksini topadi. Shuning uchun ham xalq davlat uchun emas, davlat xalq uchun xizmat qilishi lozim.
Konstitutsiyada shaxsning vijdon erkinligi, so‘z erkinligi, mulkiy daxlsizligi va hokazo huquqlari aks etgan bo‘lib, ularda inson borlig‘ining asosiy shartlari qamrab olinadi. Davlat iqtisodiyot, siyosat va ma’naviyat sohalarida o‘z manfaatlari talablariga ko‘ra qanday qonun-qoidani ishlab chiqib kuchga kiritmasin, bu mamlakat asosiy qonuniga, shaxsning unda belgilab qo‘yilgan maqomiga zid kelmasligi kerak. Har qanday demokratik davlatda shaxs maqomi faollikni nazarda tutadi. O‘zining faolligi tufayli shaxs mavjud siyosiy institutlar yordamida jamiyatga muntazam ta’sir ko‘rsata oladi. Bunda taqiqlanmagan barcha harakatlarga yo‘l qo‘yiladi. Shaxsning jamiyatga ko‘rsatadigan ta’siri parlament demokratiyasi yo‘li bilan olib borilganda maqsadga muvofiqdir.
Shaxsning «to‘g‘ridan to‘g‘ri» demokratiyaviy institutlar faoliyatidagi ishtirokidir. Davlat hokimiyati o‘tkazadigan yalpi saylovlarda ovoz berishi va hokazolar shaxs fikr-o‘yining barometri hisoblanadi. Ko‘pchilikning fikri davlat miqyosida qabul qilinadigan qarorga asos bo‘ladi. Lekin bundan ozchilikning fikri noto‘g‘ri, degan ma’no kelib chiqmasligi lozim. O‘zining shaxsiy nuqtayi nazariga ega bo‘lish insonning ajralmas huquqidir. Buni ta’minlash natijasidagina shaxsning ehtirosi junbushga kelgan olomonning to‘la ta’sirida bo‘lishdan saqlanish va demokratiyaning oxlokratiya ko‘rinishiga o‘tishining oldini olish mumkin.
Inson shaxsining Xalqaro bayonotlar himoyasida bo‘lgan va mamlakat Asosiy Qonunida mustahkamlab qo‘yilgan hech kim tomonidan o‘zgartirilishi mumkin bo‘lmagan asosiy huquqlaridir.
Shaxsning o‘z huquqi ma’lum qismini o‘zi saylagan vakiliga, masalan, xalq deputatiga berish bilan «to‘g‘ridan to‘g‘ri» demokratiya usullarini muayyan nisbatda olinishidir. Bunda ular bir-birini muayyan darajada cheklaydilar ham. Shundagina shaxsning siyosiy maqomini ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Shaxs maqomi muayyan demokratiya madaniyati doirasida ta’minlanadi. Bunda xalq vakillarining ham saylovchi shaxslardan begonalashib, ajralib qolmaslik choralarini nazarda tutish lozim. Masalan, yalpi saylovlarda buning oldini olish uchun ularni o‘tkazish tartibi shunday belgilanishi kerakki, natijada shaxsning ichki mustaqilligi, uning individualligi namoyon bo‘lsin. Shuningdek, saylovchilar topshirig‘i, deputatlarning ularga hisob berib turishi, ularning chaqirib olish huquqi va hokazolar vositasida hokimiyatning manbayi bo‘lgan xalqning, binobarin, har bir shaxsning manfaati ta’minlanadi.