Shaxsiy daxlsizlik (Privacy) va internet xavfsizligi nima?
Shaxsiy daxlsizlik (Privacy) va internet xavfsizligi nima?
Internetda foydalanuvchilar uchun eng katta tahdid ularning shaxsiy ma'lumotlari boshqalarning qo'liga tushishi yoki oshkor qilinishi xavfi hisoblanadi.
Biz onlayn xizmatlardan foydalanganimizda, ijtimoiy tarmoqlar yoki elektron pochta orqali muloqot qilganimizda ko'plab shaxsiy ma'lumotlarimizni internetga kiritamiz. Bular shaxsiy suratlar, bank yoki moliya ma'lumotlari, sog'liqqa oid ma'lumotlar, do'stlarimiz bilan o'zaro maxfiy yozishmalarimiz yoki email va ayrim saytlarga kirish uchun ishlatiladigan login va parollar bo'lishi mumkin. Odatda, bu ma'lumotlarning xavfsiz saqlanishini onlayn xizmatni taqdim etuvchi saytlar ta'minlaydi, ammo shunday holatlar ham bo'ladiki, bu ma'lumotlaringiz istalmagan uchinchi bir tomon qo'liga o'tib qolishi va ular bu ma'lumotlardan g'arazli maqsadlarda foydalanishi mumkin.
Demak, faqat o'zimizgagina tegishli bo'lgan, boshqalarga bizning roziligimizsiz berilmaydigan barcha ma'lumotlar bizning shaxsiy mulkimiz hisoblanadi va ular ustidan shaxsiy daxlsizlik huquqiga egamiz.
Shaxsiy ma'lumotlarning oshkor bo'lishi o'z aybingiz bilan yoki xakerlar kabi maxsus hujum uyushtiruvchi shaxs yoki shaxslar xatti-harakati natijasida sodir bo'lishi mumkin. Shaxsiy ma'lumotlarning oshkor bo'lishi sizga moddiy va ma'naviy zarar keltirishi mumkin.
Bitta misol keltiramiz. Masalan, siz ijtimoiy tarmoqdan foydalanish tartibini yaxshi tushunmasdan, faqat do'stimga yuboryapman, degan ishonch bilan ayrim shaxsiy surat yoki ma'lumotlarni hamma ko'radigan joyga joyladingiz. Yoki hech kimga ko'rinmaydi, deb o'ylab, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim saytlarga qo'yilgan shubhali havolalar ustiga bosdingiz; bilmasdan uni o'z sahifangizda baham ko'rdingiz yoki ehtiyotsizlik bilan shubhali saytni ochganingiz uchun sizning roziligingizsiz bu sayt haqidagi ma'lumotlar hammaga ko'rinadigan sahifangizda paydo bo'lib qoldi. Shaxsiy hayotingizga taalluqli bo'lgan bunday ma'lumotlarning boshqalarga oshkor bo'lishi sizning obro'ingizga putur yetkazishi yoki siz haqingizda boshqalarda salbiy tasavvur hosil bo'lishiga olib kelishi mumkin. Bu ma'naviy zarar hisoblanadi. Bundan tashqari, bu kabi ehtiyotsizlik natijasida sizning nomingiz bilan turli taqiqlangan saytlarga tashrif buyurishlari mumkin.
Moddiy zararga bir misol. Agar elektron pochtangizga kelgan shubhali maktubdagi havolani bosib, uni ochsangiz va natijada shaxsiy ma'lumotlarni o'g'irlashni maqsad qilgan zararli dastur kompyuteringizga o'rnashib olsa, u kompyuteringiz va elektron pochtangizdagi barcha shaxsiy ma'lumotlarni ko'chirib, ushbu dastur ortida turgan shaxslarga jo'natishi mumkin. O'g'irlangan ma'lumotlar orasida bank va kredit karta ma'lumotlari bo'lishi mumkin va ulardan foydalangan holda kiberjinoyatchilar pulingizni o'marishi turgan gap.