Investitsiyalar mo‘ljallangan obyektiga ko‘ra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga bo‘linadi.
Asosiy fondlarni yaratish va takror ko‘paytirishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiya qilishga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kapital investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Aksiyalar, korporativ, infratuzilmaviy va davlat obligatsiyalariga, shuningdek qimmatli qog‘ozlarning boshqa turlariga kiritiladigan investitsiyalar moliyaviy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Inson salohiyatini, ko‘nikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirishga, shuningdek nomoddiy boyliklarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar ijtimoiy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli tarzda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar (ulushlar) sotib olish yo‘li bilan ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni, jumladan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni olish, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, o‘zlashtirish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olish, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlarda ishtirok etish;
mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mulk huquqini, mualliflik huquqlarini, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xau, ishchanlik obro‘sini (gudvillni), shuningdek savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlariga bo‘lgan mulk huquqini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda olish;
yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni, boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini olish.
Investitsiya resurslari jumlasiga quyidagilar kiradi:
pul mablag‘lari (shu jumladan chet el valyutasi) va boshqa moliyaviy mablag‘lar, shu jumladan kreditlar, paylar, ulushlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar;
ko‘char va ko‘chmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklar) hamda ularga bo‘lgan huquqlar;
intellektual mulk obyektlari, shu jumladan u yoki bu turdagi ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan, texnik hujjatlar, ko‘nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlar;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar, boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlari, shuningdek mulk huquqlaridan kelib chiquvchi boshqa ashyoviy huquqlar.