3.2. Jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlarini deklaratsiya asosida soliqqa tortishni mukammallashtirish
2008 yil yakunida mamlakatlar iqtisodiyotida jiddiy ta’sir ko’rsata boshlagan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi bizning ham mamlakatimiz iqtisodiyotiga ta’sir qilmasdan qolmadi. Shu o’rinda muhtaram Prezidentimiz I.Karimovning “....Iqtisodiyotimizning jahon xo’jalik va iqtisodiy-moliyaviy tizimiga integratsiyalashuv jarayoni tobora chuqurlashib borayotganini inobatga oladigan bo’lsak, jahon moliyaviy inqirozi, avvalo uning oqibatlari bizga ham salbiy ta’sir ko’rsatayotgani haqida gapirib o’tirishning hech qanday zarurati bo’lmasa kerak, deb o’ylayman”17. Darhaqiqat shu tariqa mamlakatimizda iqtisodiyotning globallashuvi, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi kuzatildi.
O’zbekiston Respublikasida soliq tizimini isloh qilish va davlat soliq siyosati samaradorligini oshirishning hozirgi kundagi amaliyoti nazariyotchilar oldiga uning qator yangi muammolariga echim topishni ko’ndalang qilib qo’ymoqda. Ma’lumki, aholi pul daromadlarini mustahkamlash respublikamiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyatimizning poydevori sifatida ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan eng muhim bo’lgan sohaga aylanib bormoqda. Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov to’xtalib, - “...Aholi daromadi va farovonligini oshirish borasida ham sifat jihatidan chuqur o’zgarishlar yuz bermoqda. Aholining ish haqi va umuman, pul daromadlari barqaror oshib bormoqda, uning xarid qobiliyati muttasil o’smoqda, fuqarolarimiz iste’mol qiladigan mahsulotlar tarkibining sifati ortmoqda. Birgina 2010 yilda byudjet sohasi muassasalari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar miqdori 32 foizga, aholining umumiy pul daromadlari esa jon boshiga 1,3 barobar oshdi. Aholining daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromad ulushi tobora salmoqli o’rin egallamoqda va barcha daromadlarning 47 foizdan ortig’i ushbu soha hissasiga to’g’ri kelmoqda.”18 deb ta’kidlab o’tdilar.
Mamlakatimiz soliq tizimini takomillashtirish iqtisodiyotni barqarorlashtirishga va moliyaviy ahvolni mustahkamlashga daxldor qator muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida soliqlar islohotlar jarayonining tarkibiy qismi, ichki xarakatlantiruvchi omiliga aylandi. Shundan kelib chiqib, soliq tizimi o’ziga xos vazifani to’la darajada bajarishi islohotlar muvafaqqiyatini belgilaydi.
Respublikamizda hozirgi vaqtda amal qilayotgan soliq kodeksiga ko’ra yil davomida ikki va undan ko’p daromad manbaiga ega bo’lgan barcha toifadagi fuqarolar uchun majburiy ravishda deklaratsiya taqdim etish tartibi belgilangan.
Deklaratsiya taqdim etishning bunday mexanizmi yillik umumiy daromadlarni progressiv (o’sib boruvchi) shkala bo’yicha soliqqa tortilishi joriy etilishi bilan bog’liqdir. Bunda fuqarolar tomonidan bir nechta manbalardan yil davomida olinadigan umumiy daromadlarini deklaratsiyalash, jismoniy shaxslar daromadlarini hisobini to’liqroq olishga va uni olingan daromadlarning umumiy summasidan kelib chiqib soliqqa tortishga imkon beradi.
Jismoniy shaxslarning daromadlarini umumdeklaratsiyalash tizimi quyidagi tamoyillarga asoslanishi zarur:
Daromad solig’ini daromadni to’lash manbasidan ushlab qolish tizimini takomillashgan shaklini saqlab qolish lozim, bunda daromadlarni umumdeklaratsiyalashning texnik imkoniyatlaridan foydalanish zarur bo’ladi.
Umumiy yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyani hamma fuqarolar ham taqdim etmaydilar, ya’ni daromadlar to’g’risidagi deklaratsiyalarni taqdim etuvchi jismoniy shaxslar toifalari kriteriyalari (mezonlari) aniqlanadi.
Mulkni deklaratsiyalash orqali sanoqdan o’tkazish.
Ma’lumotlarni yig’ish, saqlash, qayta ishlash va soliqlarni undirish jarayoni mumkin qadar avtomatlashuvi lozim, bunda sub’ektlar tomonidan qaror qabul qilish amaliyotini bartaraf etadigan usullarni ishlab chiqish kerak.
Daromadlarni umumdeklaratsiyalash tizimi to’g’risidagi qonunni ishlab chiqish vaqtida qo’yidagi belgilar saqlanib qoladi:
jismoniy shaxslarni soliqqa tortishda rezidentlik hamda xududiy tamoyillariga qarab soliqqa tortish qo’llaniladi;
bir sub’ektning daromadi bir marta soliqqa tortilishi kerak va xususiy hudud egasining daromadlarini soliqqa tortish masalalariga aniqlik kiritish kerak;
soliq organlarida mavjud bo’lgan ma’lumotlarning ustuvor ahamiyatga ega bo’lishini ta’minlash zarur.
Deklaratsiyalar asosida soliq to’lash deklaratsiyalarda ko’rsatilgan daromadlar va xarajatlar to’g’risidagi ma’lumotlarning ishonchliligi va to’g’riligini, soliq imtiyozlaridan asosli foydalanilishi nazorat qilinishini nazarda tutadi. Nazorat turli tashkilotlardan kelgan ma’lumotlarni solishtirish asosida amalga oshiriladi.
Shu o’rinda yana bir dolzarb muammolardan birini aytib o’tmoqchimiz. Yuridik shaxsni tashkil etmasdan yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi jismoniy shaxslarni daromadini soliqqa tortishda qat’iy stavka qo’llanmasdan haqiqiy olgan sof daromaddan soliqqa tortilishi, ya’ni adolatlilik printsipiga tayanish lozim. Bozor iqtisodi rivojlangan mamlakatlar soliq qonunchiligida daromad solig’ini hisoblash uchun progressiv soliq stavkalarini belgilaydi. Ular soliq solinadigan ob’ektga nisbatan foizlarda ifodalangan soliq ulushidan iborat bo’lib, bu ulush soliq to’lovchining daromadi hajmining ko’rinishiga qarab ko’payadi. Bu stavkalar soliq huquqining eng muhim qoidalaridan biri adolatli soliq solish printsipini eng to’liq holda ifodalaydi.
Umuman, jismoniy shaxslar jami daromadlarini umumdeklaratsiyalash yuzasidan davlat tadbirlarining samaradorligini oshirishda milliy mentalitetning hisobga olinishi soliq bazasida quyidagi qat’iy choralar belgilanishini nazarda tutadi:
Fuqarolarimizda ota-bobosidan qolgan boylik, mablag’, meros va mol-mulkni ishlatishdan olingan daromadlar jismoniy shaxslar jami daromadlarini umumdeklaratsiyalash vaqtida butunlay, ma’lum muddatga soliq bazasidan chiqarilishi (soliqdan to’liq ozod qilinishi) yoki turli chegirmalar berilishi (soliqdan qisman ozod qilinishi) lozim. Mazkur tadbir orqali aholi daromadlarini legallashtirish, ularning yuksak ishonch bilan tashabbuskorona faolligini oshirishga erishiladi.
Jahon amaliyotida, masalan Rossiya Federatsiyasida “ilg’or” tadbirkorlar uchun keng qo’llanilib kelayotgan jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan topilayotgan daromadlarini umumdeklaratsiyalash tizimi orqali soliqqa tortishda davlat tomonidan “o’zgartirilgan”, ”qayta hisoblangan” daromad bazasi asosidagi “maksimal daromadni legallashtirish”dan qo’rqmaslik hissini shakllantirish zarur.
Davlat uchun ahamiyatli bo’lgan sohalarda, milliy qadriyatlar va boyliklarimiz na’munalarining butligini saqlash, ularning kelajak avlod uchun saqlanishini rag’batlantirish maqsadida ayrim sohalarda faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslar daromadidan soliqlarni hisoblashda engilliklar berish lozim.
Aholining ijtimoiy tabaqalanishini e’tiborga olgan holda soliq stavkasi miqdorini tabaqalashtirilganligi soliqqa tortish tamoyillariga mos keladi. Shuni ham nazarda tutish kerakki, aholi daromadini soliqqa tortishda “o’zbekona ko’pbolalik” xususiyatlari ham, albatta, e’tiborga olinishi lozim. Masalan, moliyaviy ko’rsatkichlar tahlil qilinganda, asosan, Evropa mamlakatlariga solishtiriladi. Jumladan, aholi daromadiga solinadigan soliq ham. Ma’lumki, aksariyat Evropa mamlakatlarida har bir oilada nari borsa 1 ta yoki 2 ta farzand tarbiyalanadi. Bizda esa, har bir oilaga to’g’ri keladigan a’zolar kamida 5 kishiga to’g’ri keladi. Bunday sharoitda, har bir oila a’zosiga to’g’ri keladigan oila byudjeti salmog’ini solishtirib ko’rish alohida ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, aksariyat o’zbek oilalarida onalar faqat uy bekasi ekanligini hisobga olish zarur.
XULOSA
Jismoniy shaxslardan olinadigan soliq yukini engillashtirish bo’yicha anchagina tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yildan-yilga soliq yuki kamaytirilib, daromadga 2013 yilning yanvaridan 8;16;22 foizli progressiv soliq stavkasi belgilangan. Ushbu ko’rsatkich avvalgi yillardagi soliq yukidan ancha pastdir. Hozirda jismoniy shaxslardan undiriladigan soliqlarni davlat byudjetidagi va mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi salmog’ini oshirish soliq organida jismoniy shaxslar tomonidan to’lanadigan soliqlar bo’yicha belgilangan imtiyozlar darajasiga ham bog’liq.
Shuning uchun jismoniy shaxslar mulkiy daromadlari mexanizmini takomillashtirish dolzarb masalalardan biridir.
To’g’ri hamma soliq to’lovchi ham imtiyozga ega bo’lishni, shu orqali soliq yukini engil bo’lishini istaydi. Hattoki, soliqdan to’liq ozod bo’lishni xoxlovchilar ham oz emas. Soliq amaliyotida coliq to’lovchilar majburiyatlarini tushuntirishdan ularga belgilangan imtiyozlarni etkazish osonroq.
Jismoniy shaxslarni soliqlarga nisbatan qo’llaniladigan imtiyozlar mexanizmini takomillashtirish zaruriyatini quyidagilarda ko’rish mumkin.
Birinchidan, jismoniy shaxslar imtiyozlari asosan aholini va fuqarolarni ijtimoiy muhofazasiga qaratilgan. Jismoniy shaxslarni tadbirkorlik faoliyatlarini oladigan bo’lsak, ularga berilgan imtiyozlar hozirgi amaldagi qonunchilik bo’yicha bekor qilingan. Bizga ma’lumki yuridik shaxslarni faoliyatini rag’batlantiruvchi bir qator imtiyozlar mavjud bo’lib, bular o’z navbatida ularning ushbu faoliyatlarini rivojlantirishga, ishlab-chiqarish va moddiy texnika bazasini kengaytirishiga xizmat qiladi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi jismoniy shaxslarning qat’iy stavkadagi daromad solig’i joriy etilgunga qadar bir qator chegirmalar berilar edi.
Bozor iqtisodiyotining o’ziga xos xususiyatlaridan biri bo’lib, bunda tadbirkorlar safining tobora kengayib borishi, ular daromadlarining oshib borishi va shu bilan birgalikda ular daromadlarini soliqqa tortish takomillashib borishi, ushbu soliq turini kelajakda byudjet daromadlarining asosiy manbalaridan biriga aylanishi muqarrar va ravshandir.
Bugungi kunda mamlakatni qayta isloh qilish va modernizatsiyalash sharoitida jismoniy shaxslarni daromad solig’ining takomillashtirish mexanizmini kuchaytirish bo’yicha quyidagi tavsiyalarni keltirish mumkin:
tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchi jismoniy shaxslarning daromadlarini soliqqa tortishni takomillashtirish va o’ni rivojlangan davlatlar tizimlariga yaqinlashtirish maqsadida, amaldagi tizimni qayta ko’rib chiqish;
soliq idoralari soliq agentlari bilan ishlashni pasaytirmagan holda, soliq idoralari o’rtasidagi elektron ma’lumot almashuv darajasini ko’tarish nihoyatda muhim vazifa hisoblanadi.
Yuqoridagi fikrlarimiz asosida quyidagi takliflarni keltirishni o’rinli deb topdik:
Dostları ilə paylaş: |