JISMONIY SHAXSLARNING MOL-MULKIGA SOLINADIGAN SOLIQLAR TO‘G‘RISIDA 1-modda. Soliq to‘lovchilar
Ushbu Qonun bilan belgilab qo‘yiladigan obyektlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar mulk solig‘i to‘lovchilardir.
2-modda. Soliq solish obyektlari
Jismoniy shaxslarning egaligida bo‘lgan turar-joylar, kvartiralar, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari a’zolarining bog‘ uylari, garajlar va o‘zga imoratlar, binolar hamda inshootlar, shuningdek motorli qayiqlar, vertolyotlar, samolyotlar va boshqa transport vositalari (rezina g‘ildirakli avtomobillar, mototsikllar hamda boshqa o‘ziyurar mashina va mexanizmlardan tashqari) Ushbu Qonunga muvofiq soliq solinadigan obyektlar hisoblanadi.
3-modda. Soliq stavkalari
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Soliq to‘lovlari soliq solish obyektlari joylashgan (ro‘yxatidan o‘tkazilgan) yerdagi mahalliy budjetga kiritiladi.
4-modda. Soliq imtiyozlari
Ushbu Qonunda belgilab qo‘yilgan barcha soliqlarni to‘lashdan:
Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan mukofotlangan shaxslar;
Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilari va partizanlari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, Ulug‘ Vatan urushi davrida ichki ishlar va davlat xavfsizligi organlarida xizmat qilgan, harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlarda, shtablarda va muassasalarda shtatli lavozimlarni egallab turgan shaxslar, Leningrad shahri qamalini boshdan kechirganlar, konsentratsion lagerlarning sobiq kichik yoshli mahbuslari, baynalminalchi jangchilar;
“Qahramon ona” unvoniga sazovor bo‘lgan shaxslar, shuningdek o‘nta va undan ortiq bola tuqqan hamda tarbiyalangan onalar;
Chernobil atom elektr stansiyasi tegrasi doirasidagi falokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganligi uchun imtiyoz oladigan (shu jumladan u yerga vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yo‘llangan) fuqarolar ozod qilinadilar.
Imoratlar, binolar va inshootlarga solinadigan soliq to‘lashdan:
pensionerlar, I va II guruh nogironlari;
harbiy xizmatchilar jumlasidan bo‘lmish soldatlar, serjantlar, starshinalar, praporshchiklar va ularning oilalari — haqiqiy harbiy xizmatni o‘tash davrida, shuningdek muqobil xizmatni o‘tayotgan shaxslar;
harbiy xizmat vazifalarini ado etayotganda yarador bo‘lganlik, kontuziyaga uchraganlik yoki shikastlanganlik natijasida yoxud frontda bo‘lish tufayli orttirilgan kasallik oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari va boshqa turmush qurmagan rafiqalari (erlari);
Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlarining xizmat vazifalarini ado etayotganda yaralanganlik, kontuziyaga uchraganlik yoki shikastlanganlik oqibatida nogiron bo‘lib qolgan boshliq va oddiy askar shaxslar jumlasidan bo‘lmish nogironlar ozod qilinadilar.