Мавзу: Кириш


-Mavzu: Qadimgi turkiy yozma yodgorliklarning janr xususiyatlari



Yüklə 0,61 Mb.
səhifə23/34
tarix16.12.2023
ölçüsü0,61 Mb.
#181912
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   34
portal.guldu.uz-QADIMGI TURKIY ADABIYOT POETIKASI

6-Mavzu: Qadimgi turkiy yozma yodgorliklarning janr xususiyatlari

Asosiy savollar:





  1. Qadimgi turkiy adabiyotda marsiya janri

  2. Qadimgi turkiy adabiyotda to’rtlik shakli va takomili



Mavzuga oid asosiy tayanch tushunchalar:

Janr, shakl, yig’i, marsiya, band, qofiya, to’rtlik, alliteratsiya.




Mavzuga oid muammolar:

1. Ma’lumki, marsiya janri qadimgi turkiy adabiyotning ichki qonuniyatlari asosida paydo bo’lgan. Nima uchun janrning arabcha nomi kengroq qo’llaniladi?


2. To’rtliklarning turkiy yozma adabiyotda o’ziga xos taraqqiyot yo’li mavjud. Qadimgi turkiy adabiyotdagi to’rtliklarga xos xususiyatlar keyingi davr she’riyatida ham an’ana sifatida davom etganmi?

1-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:


Marsiya janrining turkiy adabiyotdagi shakllanish jarayoni va taraqqiyoti xususida tasavvur uyg’otish.


Identiv o’quv maqsadlari:


1.1. Alp Er To’nga marsiyasi haqida so’zlaydi.


1.2. O’rxun-Enasoy obidalaridagi yig’i namunalarini tahlil qiladi.
1.3. «Oltun yoruq» dostonidagi yig’i namunasiga baho beradi.

1-asosiy savolning bayoni:


Marsiya janrining taraqqiyotini o’rganish uning turkiy adabiyotning ichki imkoniyatlari asosida shakllanganligini ko’rsatadi. U dastlab xalq og’zaki ijodida paydo bo’lgan va keyinchalik yozma adabiyotga o’tgan. Mazkur fikrlarni chuqurroq tadqiq etish maqsadida «Devonu lug’otit turk» asariga murojaat etamiz. Garchi «Devonu lug’otit turk» tilshunoslikka oid qimmatli asar bo’lsa-da, unda berilgan badiiy ijod namunalari ma’lum darajada qadimgi turkiy adabiyotning o’ziga xos tomonlarini tasavvur qilishga yordam bera oladi. Masalan, «Devon»da qadimgi turkiylar davlatining hukmdori Alp Er To’nganing mardligi, olijanobligi, shon-shuhratini madh etuvchi, shu bilan birga, uning vafoti munosabati bilan paydo bo’lgan bir qator to’rtliklar uchraydiki, ularning yaratilishi, shubhasiz, eramizdan oldingi davrlarga borib taqaladi. Mazkur to’rtliklarni marsiya janri namunalari, deb atash mumkin. Ulardagi chuqur dard, alam, iztirob, achinish, umuman, hazin ruh shunday deyish uchun asos bo’la oladi.
Marsiya asar tarkibida tarqoq ko’rinishda uchrasa-da, olimlar orasida uni yaxlit tugal holda tiklashga harakatlar bo’lgan. Bunday ishni dastlab Fitrat amalga oshiradi va 10 ta to’rtlikni jamlab, «Eng eski turk adabiyoti namunalari» (1927) kitobiga kiritadi.
Marsiyada tasvirlanishicha, Alp Er To’nganing o’limi turkiylarning kuchsizlanishi, bilim ahlining e’tibordan chetda qolishi, ezgu ishlarning kamayishi va yovuzlikning kuchayishiga olib keladi. Hatto beklar ham qayg’uga botadilar:

Beglar atin arg’urub,


Qazg’u ani turg’urub,
Mengzi yuzi sarg’arib,
Ko’rkum anga to’rtulur.

Mazmuni: amirlar otlarini charchatib keldilar. Qayg’u beklarni ozdirdi, yuzlari za’faron surgandek juda sarg’aydi.


Marsiya bandlaridan biridagi barchaning bo’ridek ulub, yoqa yirtib yig’lashi - qattiq qayg’uga botishi Alp Er To’nganing mard, jasur, olijanob kishi ekanligi va xalqning unga hurmati yuqori bo’lganligini ko’rsatadi:

Ulushib eran bo’rlayu,


Yirtin yaqa urlayu,
Siqrib uni yurlayu,
Sig’tab ko’zi o’rtulur.

Mazmuni: Afrosiyob o’limiga achinib odamlar bo’ridek uvlashdilar, yoqa yirtishib baqirishdilar. Ba’zan cholg’uchilar chalg’usining chinqirig’i kabi baqirishadilar. (Ular shuncha yig’lashdilarki, ko’z yoshlari) ko’zlarini qopladi.


«Dunyo begi» vafot etsa-da, barcha uni yodida tutadi, ezgu sifatlar bilan eslaydi, fojiali musibatdan qayg’uradi. Butun tushkunlikning, ko’ngil cho’kishining sababi – uning bevaqt dunyoni tark etishi. Umuman, Alp Er To’ngani doimiy qo’msash ruhi butun marsiya bo’ylab hukmronlik qiladi:

Ko’nglum ichun o’rtadi,


Etmish yashig’ qartadi.
Kechmish uzuk irtadi,
Tun-kun kechib irtalur.

Mazmuni: tushgan musibat bilan ko’nglim o’rtandi, bitgan yaramni tirnab, yangilatdi, o’tgan kunlarimni istatdi, kecha-kunduz izlatdi.


Marsiya barmoq vaznida yaratilgan bo’lib, murabba’ shaklidagi bandlararo a-a-a-b, v-v-v-b qofiyalanish tartibiga ega. To’rtliklarning har bir misrasi etti bo’g’indan tashkil topgan.
Qadimgi turkiy she’riyatning yirik bilimdonlaridan biri I.V.Stebleva Alp Er To’nga haqidagi marsiyadan tashqari, yana 4 ta to’rtlikni birlashtiradi va unga «Noma’lum qahramon haqida marsiya» deb nom qo’yadi16. To’rtliklarda qahramon jangchining o’limidan afsuslanish ruhi etakchidir. Demak, ularni bemalol marsiya janri namunalari deyish mumkin. Muallifning noma’lum qahramon deb atashi bejiz emas. Chunki uning kimligi haqiqatan ham noma’lum. To’rtliklarning uchtasida uning vatanparvarligi, mardligi, bahodirligi, dushmanga nisbatan beayovligi to’g’risida gap boradi:

Yag’i o’tin o’churgan,


To’ydin ani ko’churgan,
Ishlar uzub kechurgan,
Tegdi o’qi o’ldirur.

Mazmuni: u urush olovini o’chiruvchi, ularni (dushmanlarni) askar safidan haydab chiqaruvchi, shu bilan birga, qiyin ishlarni bajaruvchi edi. Unga halok qiluvchi zamon o’qi tegdi.


Marsiyaning vazni, qofiyalanishi, bo’g’inlar tizimi Al Er To’nga marsiyasiga mos keladi. Har ikkala marsiyadagi lirik qahramonning iztirobi bayoni Enasoy bitiglarini yodga soladi. Chunki Enasoy yodnomalarida ham kishining iztirobi bayoni tasviri asosiy o’rin tutadi va bu ularning yig’i janri asosida yuzaga kelganligini ko’rsatadi. Enasoy yodnomalari vafot etgan kishining tarjimai holi bilan bog’langan bo’lib, unda marhumga xos bo’lgan xususiyatlar tasviri etakchidir17: «Avlodlarim, sizlardan ayrildim. Oh, uydagi xonzodalarimdan ayrildim. Sakkiz o’g’limdan ayrildim-ey. Xoqonim, elim xizmatida bo’ldim, dono hukmdorimga xizmat qildim, do’stlarimga xizmat qildim. Bu men uchun sharafdir. Xoqonim uchun, Bilga Chiqshan Xoqoniga xizmat qildim, ey xalqim, yigitlik sharafim uchun davlatimga xizmat qildim. Tangriga xizmat qildim. Endi ajoyib do’stlarimdan ayrildim. Bu mangu toshimdir. Men alamli Chiksinman»18.
«Chako’l yodnomasi» mazmunidan ko’rinib turibdiki, u marhum hayotiga aloqador ma’lumotlar bayonidan iborat bo’lib, I shaxs tilidan hikoya qilinyapti. Enisey yodnomalarining I shaxs, ya’ni marhum tilidan hikoya qilinishi, ular bilan Urxun yodnomalari o’rtasidagi uyg’unlikni keltirib chiqaradi: «Turk bo’dun qanin bo’lmayin Tabg’achda adrilti, qanlanti. Qanin qo’dub Tabg’achqa yana ichikdi. Tangri ancha temish arinch: qan bartim, qaningni qo’dub ichikding, ichikduk uchun tengri o’l temish, arinch. Turk bo’dun o’lti, alqinti, yo’q bo’lti. Turk sir bo’dun erinta bo’d qalmadi»19. Mazmuni: Turk xalqi o’zining xoni bilan bo’lmay, Tabg’ach xoqonligiga qo’shildi, xonlik bo’ldi. O’z xonini qo’yib, yana Tabg’ach xoqonligiga qo’shildi. Tangri shunday degan ekan: Xon berdim. Xoningni qo’yib, taslim bo’lding. Tabg’achga taslim bo’lgani uchun Tangri o’l, degan shekilli. Turk xalqi o’ldi, yo’q bo’ldi, tugadi. Turk sir xalqi erida birorta ham urug’ qolmadi.
Kul tigin bitigidagi tasvir To’nyuquq bitigidan farqli o’laroq, Bilga xoqon tilidan olib boriladi. Bu esa tasvirning I shaxs tilidan hikoya qilinishi hodisasi barcha Urxun yodnomalariga xos emasligini ko’rsatadi: «O’gim qatun ulayu o’glarim, akalarim, kalingunim, qunchuylarim buncha yama tirigi kung bo’ltachi arti, o’lugi yurtda yo’lta yatu qaltachi artigiz! Kul tigin yo’q arsar, qo’p o’ltachi artigiz! Inim Kul tigin kargak bo’lti, o’zim saqintim; ko’rur ko’zim ko’rmaztag, bilir biligim bilmaztag bo’lti, o’zim saqintim. O’d tangri yasar, kisi o’g’li ko’p o’lgali to’pimis. Ancha saqintim ko’zda yash kalsar, atida ko’ngulta sig’it kalsar, yanturu saqintim, qatig’ di saqintim: aki shad ulayu iniyi gunim o’g’lanim beglarim budunim ko’zi qashi yablaq bo’ltachi tip, saqintim»20. Mazmuni: Onam xotun, keyingi onalarim, opalarim, kelinlarim, xonzodalarim, tirigingiz cho’ri bo’lar edi, o’ligingiz cho’lu biyobonda, yo’lda yotib qolar edingiz! Kul tigin bo’lmasa, butunlay o’lar edingiz. Inim Kul tigin vafot etdi, vujudim alam chekdi. Ko’rar ko’zim ko’rmayotganday, bilar aqlim bilmayotganday bo’ldi (es-hushimdan ajraldim), jonim azobda qoldi. Dunyoni tangri yasaydi, inson bolalari hammasi o’ladigan qilib yaratilgan. Shunchalik alam tortdimki, ko’zga yosh kelganda, ko’ngilga yig’i kelganda, qayta g’am chekdim, qayta qayg’urdim. Ikki shad, keyingi ini-jiyanim, o’g’illarim, beklarimning ko’zi, qoshi yomon bo’ladi deb qayg’urdim.
Mazkur parchani o’rganar ekan, professor N.Rahmonov undagi Kul tigin tasviriga e’tiborni qaratadi va qahramonning g’ayri tabiiy faoliyatini xalq og’zaki ijodiga xos xususiyat sifatida baholaydi21. Darhaqiqat, obrazlardagi mubolag’ali tasvirning boshqa Urxun yodnomalarida ham uchrashi bitigtoshlarning yozma adabiyot sifatida shakllanishida folklorning ta’siri borligidan dalolat beradi.
Urxun bitiglaridagi yig’i yodnomalar tarkibida uchraydi va ular to’liq mazkur janr asosiga qurilmagan, balki tarixiy qahramonlik dostonlaridir. Enisey yodnomalarining asosini esa yig’i janri tashkil etadi. Bu jihatdan ular o’zaro farqlanadi. Shunisi diqqatga sazovorki, marsiya Enisey yodnomalarida I shaxs - marhum tilidan aytiladi. Bu usul marsiyaning alohida shakli hisoblanadi. U qadimgi shomonlikcha inonch tasavvurlarning mahsuli bo’lib, marhumning ruhi tirikdir, degan qarash asosida shakllangan.
Yig’i janri namunalari turkiylarning tarjima adabiyotida ham mavjud. Mazkur fikrning tasdig’ini xitoychadan o’girilgan «Oltin yoruq» dostonida ko’rish mumkin. «Oltin yoruq»dagi «Shahzoda va bars» haqidagi afsonada kichik shahzoda - Mag’astvining o’zini qurbon qilishi ushbu janrni yuzaga chiqaradi:

Na ada arti adayim,


Ko’rkla kiya o’kukum.
O’lmak amgak nachukin,
O’ngra kalip arturdi.
Sintida o’ngra o’lmakig,
Bulayin, ni kunkiam,
Ko’rmayin arti muni tag
Ulug’ achig’ amgakig22.
Nima g’am bu, jonim,
Ko’rkligim, dilim payvandi,
O’lim, azob qandaydir,
Senga keldi (va) yo’q qildi.
Agar senga o’lim oldin kelgan(ini bilsam edi),
(Uni) men (o’zimga) olar edim, ey quyoshim,
Ko’rmas edim bunday
Katta achchiq g’amni.

Ko’rinadiki, parchadagi onaning iztirobi bayoni tasviri uni yuqorida keltirilgan namunalarga yaqinlashtiradi va yig’i janrining turkiy adabiyotda o’ziga xos shakllanish yo’liga ega ekanligini bildiradi.


Yig’i janrining taraqqiyoti masalalarini o’rganish qadimgi turkiy adabiyotda yig’i tasvirining ikki yo’nalishda amalga oshirilganligini ko’rsatadi:
1. Yig’i marhum tilidan bayon qilingan (Enasoy yodnomalari).
2. Yig’i o’zga kishilar, asosan, marhumning yaqinlari tomonidan bayon qilingan (Kultigin bitigi, «Oltin yoruq» dostonidagi yig’i, Alp Er To’nga marsiyasi).
Lekin har ikkala holatda ham yig’i janrini epiklashtirish holati kuzatiladi. Bu jarayon qadimgi turkiy adabiyotda janrlar tizimining odat va marosimlar bilan bog’liqligini ko’rsatadi.
Janrning keyingi davrlardagi taraqqiyoti davomida asta-sekin yig’ining marhum tilidan aytilishi hodisasi yo’qola borgan va uning o’rniga boshqa hayotiy shaxslar tomonidan ijro etilishi janr mezonlaridan biriga aylangan.
Xulosa tariqasida shuni aytish mumkinki, yozma adabiyotda yig’i sof janr sifatida Enasoy yodnomalari orqali yuzaga chiqdi. Urxun yodgorliklarida esa boshqa janrlar bilan aralash holda yashadi. Keyingi taraqqiyot bosqichlarida shakllanib, o’ziga xos qoidalarga ega bo’ldi va marsiya degan atama orqali nomlandi. Janrning arabcha nomlanishi islomdan avvalgi davrlarda adabiyotshunoslik ilmining taraqqiy etmaganligi bilan izohlanadi.

Yüklə 0,61 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   34




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin