2-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:
O’rxun-Enasoy obidalari mohiyatini o’rganish orqali talabalarda Vatanga muhabbat hissini tarbiyalash.
Identiv o’quv maqsadlari:
1.1. O’rxun obidalarini g’oyaviy jihatdan tahlil qiladi.
1.2. O’rxun yodgorliklaridagi mavjud turkiy adabiyotga xos xususiyatlarni baholaydi.
1.3. Enasoy yodgorliklari mohiyatini izohlaydi.
2-asosiy savolning bayoni:
O’rxun-Enasoy yodgorliklari qadimgi turkiy adabiyotning namunasi hisoblanadi. Ular eposlar zaminida o’sib chiqqan adabiyot ekanligi bilan diqqatga sazovor. Yodnomalarning o’ziga xos bayon qilish texnikasi ham ayni turkiy eposlar xususiyatini gavdalantiradi. Bayon qilishdagi 3 ta qism – boshlanma, mazmun taraqqiyoti va tugallanma yodnomalardagi hikoyaning izchilligini ta’minlaydi. Bu usul turkiy yozma adabiyotning eng qadimiy ko’rinishiga xosdir: «Yuqorida ko’k osmon, ostda qo’ng’ir er yaratilganida, ikkovining o’rtasida inson bolalari yaratilgan. Inson bolalari ustidan Bo’min xoqon, Istami xoqon o’tirgan. O’tirib, turk xalqining davlatini qonun-qoidalarini ushlab turgan, rioya qilib turgan» (Kultegin yodnomasidan). Shu parchaning o’zida boshlanma, mazmun taraqqiyoti va tugallanma ham bor. Eru osmonning hamda insoniyatning yaratilishi - boshlanma, Bo’min va Istami xoqonlarning faoliyati – mazmun taraqqiyoti, qonun-qoidalarga rioya qilishlari esa tugallanmadir.
Yodgorliklarning tahlili qanday tarzda amalga oshadi? So’zni «To’nyuquq» bitigidan boshlaylik. To’nyuquq- shaxs nomi u ikkinchi turk xoqonligiga asos solgan Eltarish xoqonning maslahatchisi va sarkardasi bo’lgan. Asar To’nyuquq tilidan hikoya qilinadi: «Men – dono To’nyuquq erurman. Tabg’ach davlatida tarbiyalandim. Turk xalqi Tabg’ach davlatiga bo’ysinar edi. . .»
Asarda To’nyuquq bahodir va jasoratli shaxsgina emas, ayni paytda o’z atrofdagilarning mustahkam jipsligini ta’minlaydigan boshliq sifatida ham namoyon bo’ladi. U odamlarning ko’nglidan kechayotgan o’ylarni chuqur his qiladi. Shu bilan birga, ularning qalblariga ta’sir etish yo’llarini ham yaxshi biladi. Shunga ko’ra, u Vatan va yurt taqdirini, xalqning kelajagini o’z qardoshlariga buyuk xavotir bilan etkazganida oz sonli qo’shini harakatga keladi. Natijada ko’p sonli dushman tor-mor bo’ladi.
To’nyuquq buyuk vatanparvar shaxs obrazidir. Uning o’z vatani, xoqoni, qo’shini, xalqi bilan faxrlanishi, ularning borligidan o’zini baxtiyor sezishi yodgorlik matniga puxta singdirilgan.
To’nyuquq obidasi vatan haqidagi madhiyadir. U voqeiy yoki badiiy asar bo’lishiga qaramay, unda hayot haqiqati, tarixiy haqiqat o’z aksini topgan.
Yodgorlikda murojaat, undov, chaqiriq etakchilik qiladi. To’nyuquq tabiatida tushkunlik, ikkilanish mutlaqo ko’rinmaydi. Uning harakatlarida, so’zlarida o’ziga hamda butun xalqiga buyuk ishonch balqib turadi. Xuddi shu holat uning g’alabalariga asosiy omil bo’ladi.
Xullas, To’nyuquq bitiktoshi – kompozitsion jihatdan etuk asar. Unda o’ziga xos boshlanma, voqealar rivoji, xotima mavjud. Shu kompozitsiyaning o’zida ham katta badiiylik bor. Bu maqsad to’laligicha amalga oshgan. U 8-asrdagi adabiy til namunasi sifatida ham qimmatlidir. Asar tilidagi ko’plab so’zlar hozirgi o’zbek tilida ham aynan qo’llaniladi. Yodgorlikda o’rni-o’rni bilan so’zlarning ko’chma ma’noda qo’llanilishi seziladi. Shuningdek, majoz, matal, maqollardan foydalanish kuchli. Asarda alliteratsiya, takrir, tazod, epitetlardan ham mahorat bilan foydalanilgan.
Nazorat savollari:
1.1. O’rxun-Enasoy yodgorliklari qanday mavzularda yaratilgan?
1.2. Bu yodgorliklarni qadimgi turkiy adabiyotning namunasi sifatida baholash mumkinmi?
1.3. To’nyuquq qanday obraz?
1.4. Kultegin va Bilga xoqon bitiklarida vatan, shaxs va erk g’oyalari tasviri haqida nimalar bilasiz?
6-amaliy mashg’ulot mavzusi: O’rxun yodgorliklari
Darsning maqsadi: O’rxun yodgorliklari haqida ma’lumot berish orqali talabalarni ilk turkiy tarixiy va adabiy manbalar bilan tanishtirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1. O’rxun yodgorliklari bilan tanishadilar.
2. O’rxun yodgorliklarining xilma-xilligi va ko’pligini izohlaydi.
3.O’rxun obidalarini dastlabki tarixiy va adabiy yodgorliklardan biri sifatida tahlil qiladi.
Kerakli jihozlar: O’rxun yodgorliklari nashr qilingan kitoblar va ular haqidagi ilmiy- ma’rifiy manbalar.
Ishni bajarish tartibi:
1. O’rxun obidalarining topilishi haqida ma’lumot bering.
2. O’rxun yodgorliklariga xos xususiyatlarni aniqlang.
3.O’rxun yodgorliklarida qaysi janrlar elementlari mavjudligiga e’tibor qarating.
4. O’rxun obidalariga dastlabki yozma adabiyot yodgorliklari sifatida baho bering.
5.O’rxun obidalarining qadimgi turkiy adabiyot taraqqiyotidagi ahamiyatini izohlang.
Mustaqil ish topshriqlari:
O’rxun yodgorliklarini g’oyaviy jihatdan tahlil qilish.
1. O’rxun obidalaridagi bosh qahramonlar tasviriga baho bering.
2. O’rxun yodgorliklarida Vatan, xalq tasviri berilgan matnlarni sharhlang.
3. O’rxun obidalarida erk g’oyasi ifodalangan o’rinlarni izohlang.
Asosiy adabiyotlar:
1. O’zbek mumtoz adabiyoti namunalari. 1-jild. Toshkent, Fan, 2003. B. 45-67.
2. Qadimiy hikmatlar. Toshkent, Adabiyot va san’at, 1987. B. 16-45.
3. Qayumov A. Qadimiyat obidalari. Toshkent, Adabiyot va san’at, 1972. B. 103-181.
4. Rahmonov N. Turk xoqonligi. Toshkent, Xalq merosi, 1993. B. 67-87.
Qo’shimcha adabiyotlar:
1. Malov S.E. Pamyatniki drevnetyurkskoy pismennosti. M.L. Nauka, 1951. S. 11-95.
2. Rahmonov N. Ruhiyatdagi nur murodi. Toshkent, Xalq merosi. 2002. B. 44-67.
3. Abdurahmonov A. Turkiy adabiyotning qadimgi davri. Toshkent, Yangi asr avlodi, 2005. B. 223-263.
7- Amaliy mashg’ulot mavzusi: Enasoy yodgorliklari
Dostları ilə paylaş: |