Qadimgi turkiylar davridan bizgacha ikkita Irq bitigi etib kelgan. Har ikkalasining yaratilgan vaqti deyarli bir - 8-asrning oxiri 9- asrning boshlariga to’g’ri keladi. Ulardan biri o’rxun yozuvida bitilgan bo’lsa, ikkinchi moniy yozuvida yaratilgan.
Runiy yozuvida bitilgan Irq bitigining qo’lyozmasini 19-asrning oxirida ingliz olimi Arnold Steyn Dunxuan shahridan topgan. Irq bitigi qadimgi turkiylar mifologiyasi va urf - odatlari zaminida shakllangan adabiyot namunasi edi. Mifologiya va turkiy urf-odatlar, turkiylarning dunyoqarashi tahlil qilinsa Irq bitigining mohiyati to’la ochiladi. Irq bitigi qog’ozga yozilgan bo’lib, sahifalari 13,6 x 8 sm hajmidagi kitob bo’lib, 100 betdan ortiq. Kitobning nomi asar oxirida Irq bitigi deb nomlangan. Irq so’zi hozirgi fol so’ziga to’g’ri keladi. Shuning uchun uni Fol kitobi ham deb atash mumkin. Unda diniy motiv va obrazlar umuman yo’q. Kitobning maqsadi - xalqni ezgulikka chorlash.
Irq bitigi ma’lum bir axloqiy printsiplarni targ’ib etgan, shuning uchun uni pand-nasihat tipidagi asar deb qarash mumkin. Unda folklor motivlarini, kosmogonik va kalendar mifni, totemistik mifni, lirik kayfiyatni, tabiatning jonli tasvirini kuzatamiz. Irq bitigidagi yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi g’oyaning farqlanishi, g’oyalarni keng xalq ommasiga etkazish uning negizini tashkil qiladi. Irq bitigi tush ko’rish va uni ta’birlash shaklida yozilgan. Undagi mifologik mazmun ramziy obrazlar asosiga qurilgan bo’lib, milliylik geografik muhit doirasida chegaralangan. Ayniqsa, oynaga bag’ishlangan epizodda buni yaqqol ko’rish mumkin: «Ayol ko’zgusini ko’lga tushurib yubordi, ertalab chalinadi, kechqurun chalinadi, der, shunday bilinglar: munglidir bu, juda yomondir bu». Ko’zgu – bu ayol kishining taqdiri ramzi. Agar ayol kishining oynasi yo’qolsa yoki sinsa unga baxtsizlik keladi.
Irq bitigida davlat yoki ma’lum guruhlarning manfaatlari bosh o’rin tutmaydi. Masalan, uning birinchi sahifasi shunday: «Men Tinsiman, ertayu kech oltin tog’ning ustida o’tirib quvonurman, shunday bilinglar: yaxshidir bu». Buning ostida hukmdorni ideallashtirish bilan birga, xalq osoyishta hayot kechirsa, podshoh ham shunga xursand, degan mazmun yotadi. Qadimgi turkiylarning tasavvuricha, odamlar tushida Tinsi (Chin hukmdori)ni ko’rsa boy bo’ladi. Bunday g’oyalar o’sha davrdagi xalqparvarlikning bir ko’rinishidir.
Irq bitigi qadimgi turkiy adabiyotda alohida bir bosqichdir, bu asarda yuksak badiiyat, chuqur falsafiy g’oya bor. Uning mavjudligi qadimgi turkiylar davrida o’ziga xos katta adabiy muhit bo’lganligidan dalolat beradi.