5-Mavzu: Shomonlik oqimidagi qadimgi turkiy adabiyot
Asosiy savollar:
1. O’rxun-Enasoy yodgorliklarining topilishi va o’rganilishi
2. O’rxun-Enasoy yodgorliklari - qadimgi turkiy adabiyotning namunasi sifatida
Mavzuga oid asosiy tayanch tushunchalar:
O’rxun yodgorliklari, Enasoy yodgorliklari, Bilga xoqon, To’nyuquq, Kultigin, Moyunchur
Mavzuga oid muammolar:
1. Ma’lumki, bunday yodgorliklar nafaqat O’rxun va Enasoy daryolari bo’ylaridan, balki sharqiy Evropa, Markaziy Osiyo, Sibirning boshqa hududlaridan ham topilgan bo’lsa-da, O’rxun-Enasoy yodgorliklari deb ataladi. Munosabatingiz.
2. O’rxun-Enasoy yodgorliklari topilganidan so’ng ularni o’qish uchun qariyb 150 yilcha vaqt kerak bo’ldi. Buning sababi nimalarda deb o’ylaysiz?
1-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:
O’rxun-Enasoy yodgorliklarining kashf qilinishi va o’rganilishi hamda ilmiy jihatdan tadqiq etilishi xususida ma’lumot berish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1.1. O’rxun-Enasoy obidalarining topilishi haqida so’zlaydi.
1.2. Bu yodgorliklarning chet el olimlari tomonidan o’rganilishiga baho beradi.
1.3. O’zbekistonda O’rxun-Enasoy yodgorliklarining tadqiq etilishini tahlil qiladi.
1-asosiy savolning bayoni:
O’rxun-Enasoy yodgorliklarining topilishi va o’rganilishi XVIII asrdan boshlanadi. Rus xizmatchisi Remezov bu haqida dastlabki ma’lumotni beradi. Shved zobiti Iogann Messershmidt yodgorliklarni Evropa ilm ahliga ilk marta taqdim qilgan edilar.
Yodgorliklar topilganidan keyin ularni o’qish va o’rganish bir yarim asr mobaynida hech kimning qo’lidan kelmadi. 1893 yildagina daniyalik olim Vilgelm Tomson va rus olimi V.Radlovlar yodgorliklardagi barcha harflarni o’qidilar. O’rxun-Enasoy obidalari «tosh bitiklari» deb ham yuritiladi. Buning sababi ko’pgina yodgorliklarning qabr toshlariga o’yib yozilganidadir. Bu yodgorliklar tarixiy voqealarni badiiy tarzda hikoya qiladi.
To’nyuquq bitiktoshi ikkita ustunga yozilgan. Ularning biri 170, ikkinchisi 160 smdan iborat. Bu yodgorlikni Elizaveta Klements 1897 yili Shimoliy Mo’g’ilistonda eri Dmitriy Klements bilan birgalikda izlab topgan.
Kultegin bitigtoshi marmardan ishlangan, balandligi 3 m 15 sm, qalinligi 41 sm bo’lib, yuqoriga tomon torayib borgan. Yodgorlikni rus ziyolisi N.M.Yadrintsev 1889 yili Mo’g’ilistonning O’rxun daryosi qirg’og’idan topgan. Yozuvlar o’ngdan chapga va yuqoridan pastga qarab bitilgan.
«Bilga xoqon» bitigini ham N.Yadrintsev topgan. U Kultegin bitigtoshidan 1 km janubi-g’arbda o’rnatilgan. Uning bo’yi 3 metr 45 sm, eni 1 m 72 sm, qalinligi 72 sm, bitiktosh ag’darilib, 3 ga bo’lingan va ayrim satrlari nurab, yozuvlari ham zarar ko’rgan. U 80 sartdan iborat. Bilga xoqon bitiktoshida Kultegin bitiktoshidagi 41 satr takrorlangan.
Yodgorliklarni butun dunyo turkiyshunoslari ilmiy jihatdan o’rganmoqda. V.Tomson va Radlovlardan keyin S.E.Malov, S.G.Klyashtorniy, I.V.Stebleva, H.O’rxun, T.Tekin, N.Osim, G.Aydarov, o’zbek olimlaridan A.Rustamov, G’.Abdurahmonov, N.Rahmonovlar o’rganishgan.
Yodgorliklar hozirgi o’zbek tiliga bir necha marotaba o’girilgan. A.Qayumov «Qadimiyat obidalari» kitobida, G’.Abdurahmon va A.Rustamovlar «Qadimgi turkiy til» kitoblarida o’sha yodgorliklardan namunalar keltirishgan.
Runiy yozuvidagi yodgorliklar faqat toshga bitilgan emas, ularning qog’ozga, turli buyumlarga yozilgan namunalari ham bor. Masalan, Irq bitigi qog’ozda yozilgan, shuningdek, kumush ko’zachalarga yozilgan runiy yozuvlar Sibir o’lkasidan topilgan. Yog’ochga yozilgan rum bitiklari namunalari Ermitajda ham saqlanadi.
Nazorat savollari:
1.1. O’rxun-Enasoy obidalari nima uchun tosh bitiklar deb ham ataladi?
1.2. O’rxun-Enasoy obidalari qachon topilgan?
1.3. Bu obidalarni birinchi marta qaysi olimlar o’qib o’rganishgan?
1.4. O’rxun-Enasoy obidalarini o’rganish bilan shug’ullangan olimlarni bilasizmi?
Dostları ilə paylaş: |