Qo’zg’atuvchisi E. coli Escherichia avlodiga mansub. Yosh hayvonlarning o’tkir kechuvchi yuqumli kasalligi bo’lib, kuchli ich ketish, holsizlanish va o’lim bilan xarakterlanadi. Uch shaklda namoyon bo’ladi-septik, entero toksemik, enterit. Buzoqlar bir necha kunligida, cho’chqa bolalari hayotining birinchi kunlarida, sutdan ajratilgandan keyin – shish kasalligi belgilari bilan, qo’zilar tug’ilgandan 5 – 6 oylik yoshigacha kasallanadi.
Chidamliligi. Quritilgan oqsilli muhitda hayvon ahlatida, shilimshiq moddalarda, qonda ichak tayoqchalari oylab yashay oladi. Qizdirishga uncha chidamli emas, 60oC da 15 daqiqada, 100oC da shu onda o’ladi. Ko’pgina dezinfeksiyalovchi moddalar – formalin, fenol, o’yuvchi natriy, ohak ularga kuchli ta’sir qiladi. Suv va tuproqda bir qancha oygacha saqlanadi. Pensillinga chidamli.
Patogenez. Sog’lom bo’lib tug’ilgan yosh hayvon ichagining shilliq pardasi mikroorganizmlarning o’tishiga keskin to’sqinlik qila oladi. Agar yosh hayvon nimjon bo’lib tug’ilsa, uning himoya vositasi juda pasayadi va unga tushgan patogen mikroorganizm shilliq pardadan o’tib ketadi.
Kasallik to’satdan tana haroratining ko’tarilishi bilan boshlanib, yurak urishi, nafas olish tezlashadi. Kasal hayvon yotadi, tumshuqlari quruq bo’lib, ko’z shilliq pardalari qontalashadi. 1-2 kun o’tgach, septik holatga enterit qo’shiladi. Ich suvdek ketadi, unga ko’piksimon, havo pufakchalari aralashgan, oq-ko’kimtir rangda, achimsiq hidli bo’ladi. Hazm bo’lmagan sut ich ketganda laxta-laxta suzmasimon bo’lib o’tadi. Shilimshiq suyuqlik va qon aralash holatda ich ketishi kuzatiladi. Qorin bo’shlig’i ushlab ko’rilganda og’riq seziladi. Ich ketishi to’xtashi bilan harorat tushadi. Ishtaha yo’qoladi. Bo’ynini yoniga tashlab biqiniga tirab yotadi. Ko’zlar cho’kib, jun o’zining yaltiroqlik tabiiy holatini yo’qotadi. Terida yopishqoq ter qotib qoladi va sassiq hid taratadi.