Mavzu: Konstitutsiyaviy islohatlar va ularning mazmun-mohiyati.
Reja
1. Jamiyatni demokratlashtirish– Konstitutsiyani hayotga tatbiq etishning muhim sharti
2. Konstitutsiya va siyosiy-huquqiy islohotlar
3. Jamiyatning barcha sohalarini demokratlashtirish va yangilashning konstitutsiyaviy asoslari
4. Konstitutsiya va fuqarolik jamiyatini shakllantirish
5. Konstitutsiya va ko`ppartiyaviylik tizimini qaror toptirish
6 Konstitutsiya va nodavlat notijorat tashkilotlari tizimini rivojlantirish
7. Mahalla va o`zini o`zi boshqarish organlari: demokratlashtirish va zamonaviylashtirish
8. Konstitutsiya va mustaqil “to`rtinchi hokimiyat”
9. Konstitutsiya va Inson huquqlari bo`yicha demokratik institutlar tizimining takomillashib borishi
10. Konstitutsiya va oila
1-. Jamiyatni demokratlashtirish – Konstitutsiyani hayotga tatbiq etishning muhim sharti
O`zbekiston Respublikasi uchun XXI asr boshida hayotimizning barcha sohalarini Konstitutsiya normalari asosida jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh qilish yo`lida ustuvor vazifalarni aniqlab, yaqin kelgusidagi faoliyatimizning bosh maqsad va mazmunini belgilab olishda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlisidagi ma`ruzalari alohida o`rin tutadi.
Ma`lumki, mustaqillikning o`tgan qisqa tarixiy davrida mamlakatimiz ijtimoiy hayotning barcha sohalarida ham tub islohotlar izchil amalga oshirildi. Hur O`zbekiston erkin demokratik konstitutsiyaviy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etishdek buyuk maqsad sari o`ziga xos va o`ziga mos taraqqiyot yo`lidan bormoqda. Hayotning o`zi, jamiyatni demokratlashtirish va yangilashning, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishning o`zbekcha modelini tanlangan yo`limiz va tamoyillarimizning to`g`ri ekanini ko`rsatmoqda.
Qisqa fursatda O`zbekistonda Konstitutsiya zamirida tamomila yangi siyosiy va huquqiy tizim shakllandi. Fuqarolarimizning siyosiy va huquqiy ongi va tafakkurida, dunyoqarashida jiddiy o`zgarishlar sodir bo`ldi. Odamlarimizning mustaqilligimizni mustahkamlash borasidagi ezgu niyatlarining qat`iyligini 2002 yilgi umumxalq referendumi va 2004 yilgi ikki palatali Oliy Majlisga hamda mahalliy Kengashlarga bo`lib o`tgan saylovlar yana bir bor tasdiqladi.
Darhaqiqat, odamlarimizda hozirgi zamonning mohiyatini tushunishga intilish, siyosiy va huquqiy islohotlarda faol ishtirok etishga bo`lgan harakat hissi kuchayib bormoqda.
Shu munosabat bilan jamiyatimizni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh qilishning hozirgi bosqichdagi asosiy vazifalari va ustuvor yo`nalishlarini aniqlash alohida ahamiyat kasb etadi.
O`zbekistonda hayotning barcha sohalarini demokratlashtirish zarurligini anglab yetish xalqning ichki ehtiyojlariga va jamiyatning siyosiy va huquqiy islohotlar muqarrarligini ta`minlashga intilishiga asoslangandir. Faqat konstitutsiyaviy davlat va adolat fuqarolik jamiyati sotsial taraqqiyot va siyosiy barqarorlikni, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlaydi.
Jamiyatni demokratlashtirish deganda nimani tushunish kerak?
Birinchidan, shaxs, jamiyat va davlat tomonidan jahonda umum e`tirof etilgan demokratik-huquqiy qadriyatlarni mamlakat aholisining madaniy-tarixiy tajribasi va ijtimoiy ruhiyatidan kelib chiqqan holda o`zlashtirishning tadrijiy jarayonini.
Ikkinchidan, millat hayoti va faoliyatining barcha ijobiy mexanizmlarini yangilash va konstitutsiyaviy qadriyatlarga moslashtirishni tushunmoqni anglatadi.
Hayotimizning barcha sohalarini demokratlashtirish yo`li o`z mohiyat e`tiboriga ko`ra mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha o`zgarishlarning asosiy bog`lovchi bo`g`iniga aylandi.
Hozirgi dunyoda demokratik taraqqiyot qadriyatlari, konstitutsiyaviy tamoyillari va me`yorlari borgan sari har tomonlamalik kasb etib bormoqda, ularning zarurligi va ta`sirchanligi endilikda hech qayerda inkor etilishi mumkin emas. Bunda demokratiya va taraqqiyot sari borishning milliy modellari tobora keng o`rin tutmoqda. O`zbekistonning davlat siyosati va ijtimoiy hayotida demokratik taraqqiyot qadriyatlari, konstitutsiyaviy tamoyillari va me`yorlarining har tomonlamaligi tobora ko`proq e`tirof etilmoqda.
Demokratlashtirishning milliy modellari konstitutsiyaviy taraqqiyotning umume`tirof etilgan me`yorlarini o`z madaniyati va an`analari, xalqning aql-zakovati va muayyan ijtimoiy-tarixiy va siyosiy shart-sharoitlarga asoslagan holda moslashtiradi.
O`zbekistonda demokratlashtirish va yangilashning quyidagi yo`nalishlarini ko`rsatish mumkin.
Birinchi yo`nalish, yangi konstitutsiyaviy tuzumga o`tishning o`zimizga xos va mos modeli. Bu iqtisodiyotda falaj terapiyasidan voz kechishga asoslangan, aholining eng himoyalanmagan qatlamlarini (kam ta`minlanganlar – nogironlar, ko`p bolali oilalar, yolg`iz qariyalar va talabalarni) maqsadli ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga hamda iqtisodiy, siyosiy va huquqiy islohotlarni o`tkazish borasida jahonda to`plangan ilg`or tajribani O`zbekistonning mavjud sharoitida mustaqil qo`llanishga qaratilgan yo`ldir.
Ikkinchi yo`nalish, siyosiy va huquqiy islohotlarning bosqichma-bosqichligi. Bu o`tqazilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlarning izchil va tadrijiy bo`lishini, inson huquqlari va erkinliklarining, ijtimoiy va siyosiy sohalardagi demokratik institutlarning huquqiy va iqtisodiy asoslarini barpo etishni, institutsional tuzilmalarni zamonaviylashtirish hamda milliy ma`naviyat va madaniyatni konstitutsiyaviy tamoyillarga moslashtirishni nazarda tutadi.
Uchinchi yo`nalish, Konstitutsiyaviy davlat hokimiyati mexanizmlarini demokratlashtirish. Konstitutsiya asosida hokimiyat tarmoqlari – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining bo`linishi amalga oshdi. Davlat apparatining cheksiz hukmronligidan voz kechish va jamiyatdagi turli manfaatlar hamda munosabatlarni muxtasar shaklda ifodalashga da`vat etilgan siyosiy institut sifatida demokratik huquqiy konstitutsiyaviy tuzum shakllanmoqda.
To`rtinchi yo`nalish, siyosiy tizimda fuqarolik jamiyatini shakllantirish. Bu inson huquqlarini himoya qiluvchi va jamoatchilik fikrini o`rganuvchi, O`zbekiston uchun mutlaqo yangi demokratik institutlar vujudga kelishi, yangidan tuzilgan siyosiy partiyalarning mustahkamlanishi, nodavlat notijorat tashkilotlar, erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalari paydo bo`lishi demakdir.
Fuqarolar jamiyat va davlatni boshqarishda ishtirok etishi, hokimiyatning vakillik organlari ularni qanday boshqarayotgani, bu organlarda ularning manfaatlari qanday ro`yobga chiqarilayotgani haqida axborot olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarni tushunib yetishlariga va bu huquqlaridan foydalana olishlariga erishmoq lozim.
Biz bugungi demokratlashtirish jarayonlariga jamiyatimizni erkinlashtirish natijalariga bu yo`lda erishilgan dastlabki bosqich sifatida qaraymiz.
2. Konstitutsiya va siyosiy-huquqiy islohotlar.
Jamiyat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirish va yangilash mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo`lida amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlar keng qamrovli va muhim masalalardir. Bu masalalar Konstitutsiya qoidalarini hayotga izchil tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega.
Buning bir necha sabablari bor.
Birinchi sababi, biz mustaqilligimizning dastlabki yillarida konstitutsiyaviy tuzumni isloh qilishning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha o`z oldimizga qo`ygan maqsad va vazifalarni asosan amalga oshirib bo`ldik. Ijtimoiy-siyosiy hayotimizda tub demokratik o`zgarishlar amalga oshirildi. Yangi konsttutsiyaviy institutlar tizimi shakllandi.O`zbekistonda demokratik konstitutsiyaviy tuzum barpo etildi.
Amalda haqiqiy ko`ppartiyaviylik muhiti qaror topmoqda. Jamiyat hayotida nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoat birlashmalarining soni oshib, mavqei o`sib bormoqda. Ular faqat aholi turli qatlamlari va guruhlarining manfaatlarini ifoda etibgina qolmay, balki odamlarning ijtimoiy fikrini shakllantirishga ham faol ta`sir ko`rsatmoqda.
Ikkinchi sababi, mamlakatimizda izchil o`tkazilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlarning poydevori bo`lib xizmat qiladigan, ularning ortga qaytmasligini kafolatlaydigan mustahkam konstitutsiyaviy zamin yaratildi. Yangi siyosiy tizimning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari barpo etildi.
Uchinchi sababi, istiqlol yillarida odamlarimizning siyosiy va huquqiy tafakkuri va dunyoqarashi, siyosiy hayotga bo`lgan munosabati tubdan o`zgardi. Kishilarimiz siyosiy va huquqiy ongida demokratik qadriyatlar mustahkamlanmoqda. Aholining ijtimoiy-huquqiy faolligi, siyosiy islohotlarni zarurligiga va mamlakatimizning buyuk kelajagiga bo`lgan qat`iy ishonchi oshib bormoqda. Yurtboshimiz iboralari bilan aytganda, taraqqiyotimizning bugungi bosqichida inson omili jamiyatimizni harakatga keltiruvchi qudratli kuchga aylandi.
To`rtinchi sababi, O`zbekiston butun dunyoda xalqaro huquq va jahon hamjamiyatining teng huquqli subyekti sifatida tan olindi va uning bu mavqei mustahkamlanib bormoqda. Biz demokratik jamiyatning xalqaro miqyosda e`tirof etilgan tamoyillarini tan olamiz. Bu tamoyillar mustaqilligimiz Qomusi bo`lmish – Konstitutsiyamizda o`z ifodasini topgan.
Beshinchi sababi, XX asrning oxirida yurtimizda ko`ppartiyaviylik va muqobillik asosida Respublika Prezidenti va Oliy Majlisga hamda mahalliy Kengashlarga bo`lib o`tgan saylovlar xalqimizning jamiyatni demokratlashtirish va erkinlashtirish borasida o`tkazilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlarni izchil rivojlantirish va yanada chuqurlashtirishga bo`lgan xohish-istagini yana bir bor yaqqol namoyon qildi.
Yurtboshimiz ta`kidlaganlaridek, bizning asosiy va muqaddas vazifamiz – odamlarning ana shu ishonch va umidlarini oqlashdir.
Oltinchi sababi, XXI asr boshida biz siyosiy-huquqiy islohotlarimizning usutuvor yo`nalishlarini belgilab olishimiz zarur. Siyosiy va huquqiy islohotlar borasida erishgan yutuqlarimizni ta`kidlash bilan cheklanib qolmaslik kerak. Avvalo, siyosiy va huquqiy islohotlar yo`lidagi mavjud muammolar haqida ko`proq gapirishimiz lozim.
Erkinlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirish- bu bizning olg`a intilishimizning kafolati va asosi, u nafaqat iqtisodiy, balki, ham ijtimoiy, ham siyosiy vazifalarni hal qilishning asosiy shartidir.
3. Jamiyatning barcha sohalarini demokratlashtirish va yangilashning konstitutsiyaviy asoslari
Jamiyatni erkinlashtirish va yangilash borasida, avvalambor, aholining siyosiy faolligini kuchaytirish, jamiyatda manfaatlar va qarama-qarshi kuchlar o`rtasida muvozanatni ta`minlaydigan kuchli mexanizmlarni shakllantirish zarur.
Bu sohada besh yo`nalishni ko`rsatish mumkin.
Birinchi yo`nalish, ijtimoiy taraqqiyotga xalaqit beradigan merosdan qutula borib, O`zbekistonda xalqning tarixiy merosi va madaniyati sarchashmalaridagi barcha foydali narsalar saqlab qolinmoqda, uning sharqona an`anaviy tafakkur salohiyati hisobga olinmoqda. O`zbek xalqining boy madaniyatidan, maorif, ta`lim, fan tizimining muayyan yutuqlaridan, shuningdek milliy an`analaridan voz kechmaslik lozim. Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining dunyoviy xususiyati, shuningdek, ularning – barcha diniy konfessiyalarga chuqur hurmat bilan qarashi erkinlashtirish kafolatlari jumlasiga kiradi.
Ikkinchi yo`nalish, demokratlashtirishga bosqichma-bosqich o`tish g`oyasining strategik ahamiyati nafaqat jamiyatda siyosiy barqarorlikni saqlab qolishdan, balki vujudga kelayotgan fuqarolik jamiyati uchun huquqiy, siyosiy, axborot-ma`rifiy va psixologik shart-sharoit yaratishdan iborat.
Uchinchi yo`nalish, davlat rahbariyati bozor munosabatlariga o`tish borasida tanlangan yo`lning mazmun-mohiyati va to`g`riligini doimo tushuntirib borish mas`uliyatini o`z zimmasiga oldi. Davlat islohotchi vazifasini bajarayapti va fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga ko`ra o`z huquqlaridan foydalanishlarida ularni faol bo`lishga rag`batlantirmoqda. Tan olish kerakki, hozircha mamlakat rahbariyatining o`zi mavjud kamchiliklarning asosiy tanqidchisidir. Biroq jamoatchilik fikri, fuqarolar murojaatlari bunday tanqidga undovchi sabablar bo`lmoqda.
To`rtinchi yo`nalish, aholi barcha ijtimoiy qatlamlari o`rtasida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy manfaatlar muvozanati, shuningdek millatlararo va konferensiyalararo (O`zbekistonda 120 dan ziyod milliy jamoalar bo`lib, o`zbeklar aholining salkam 78 foizini tashkil etadi) totuvlik muvozanati tarkib topdi, saqlab turilibdi va rivojlantirilmoqda.
Jamiyatimizda mavjud bo`lgan turli manfaatlar, qarama-qarshi kuchlar va harakatlar o`rtasidagi muvozanatni ta`minlaydigan samarali izchil mexanizmi shakllantirish,mamlakatni modernizatsiya qilish va isloh etish, hayotimizning barqaror va mustahkam taraqqiyotining mukammal kafolatidir.
Beshinchi yo`nalish, eng muhimi – muayyan qiyinchiliklarga qaramay, mamlakatni modernizatsiya etish, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda islohotlar o`tkazish uchun imkoniyatlar ochmoqda.
4. Konstitutsiya va fuqarolik jamiyatini shakllantirish
Konstitutsiya asosida O`zbekistonda demokratik fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun ehtiyoj bormi?
Bu savolga qat`iy ha deb javob berish mumkin. Bu yerda sovet davrida amal qilgan, bita hukmron siyosiy partiya ko`rsatmalarini bajargan totalitar ma`muriy-buyruqbozlik davlati juda qisqa muddatda isloh qilinayotgan milliy demokratik davlatga aylantirildi. Boshqa ijtimoiy-madaniy va siyosiy-ruhiy sabablar bilan bir qatorda, demokratik tajriba va uning rivojlangan institutlari yo`qligi fuqarolik jamiyatini shakllantirishda orqada qolishga sabab bo`ldi. Bunday ahvolni bartaraf etishda asosiy kuch - yuksak siyosiy madaniyatli fuqarolar va islohotchi-davlatning o`zidir.
O`zbekiston demokratik fuqarolik jamiyatini jadal shakllantirib borishdan manfaatdor.
Birinchidan, chunki shu asnoda mamlakatning ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti sari olg`a siljishi yo`llari va usullari xususida fuqarolar kelishuviga erishish to`g`risida norasmiy ijtimoiy shartnoma tuzish va uni ro`yobga chiqarishda davlat uchun sherik vujudga keltirildi.
Ikkinchidan, fuqarolik jamiyati o`z institutlari orqali shaxsning davlat ishlarini boshqarishda keng ishtirok etishini ta`minlagan holda, davlatda vakillik demokratiyasining va mamlakatdagi siyosiy tizimning asosi hisoblanadi.
Uchinchidan, O`zbekiston xalqi fuqarolik institutlari va mexanizmlari, avvalo, saylov tizimi referendum, umumxalq muhokamalari orqali o`zining siyosiy yuksalishi va hayotiy muhim milliy manfaatlarini ifodalashi uchun barqaror shart-sharoitlar yaratmoqda.
To`rtinchidan, fuqarolik jamiyati shaxs va jamiyat, fuqaro va davlat, etnik va konfessional jamoalar, ijtimoiy-demografik guruhlarning hayotiy muhim manfaatlari o`zaro maqbul muvozantidan kelib chiqqan holda ko`rib chiqadi.
Beshinchidan, demokratik jamiyat fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligiga asoslangan.
O`z navbatida, uning o`zi turmushning barcha sohalaridagi islohotlar jarayonida bunday faollikning o`sib borishini izchil rag`batlantirib boradi va davlatning byurokratlashuvi, uning institutlari fuqarolarning hayotiy muhim manfaatlaridan uzilib qolishi xavfiga qarshi turadi.
Jamiyatni demokralashtirish jarayonida, avvalo, fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy faolligini kuchaytirish va insonning o`z qobiliyatini to`la ro`yobga chiqarishi uchun tegishli shart-sharoit yaratish lozim.
Adolatli fuqarolik jamiyatining asoslari shakllanayotgan paytda siyosiy ko`ppartiyaviylik, nodavlat notijorat tashkilotlar, shu jumladan inson huquqlarini himoya qilish, erkin va demokratik matbuot kabi demokratik institutlarni rivojlantirish tashkil topishi muhim ahamiyat kasb etadi. Fuqarolar o`zlari uchun yangi bo`lgan siyosiy tanlov imkoniyatiga, jamoatchilik tuzilmalari esa-fuqarolar tomonidan qo`llab-quvvatlanish uchun musobaqalashish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
5. Konstitutsiya va ko`ppartiyaviylik tizimni qaror toptirish
Demokratlashtirishning darajasi siyosiy partiyalar soniga qarab aniqlanmaydi, balki fuqarolik jamiyatining ehtiyojlariga va muayyan siyosiy guruhlar uning tub manfaatlarini ifodalashiga bog`liq bo`ladi. O`zbekistonda ijtimoiy fikr an`analari shundayki, siyosiy partiya tushunchasi uning ancha ko`p sonliligi, aholining ko`pgina qatlamlarlaridagi, mintaqalardagi ta`siri, uning vakillari davlat hokimiyati tizimida ishtirok etishi ko`lami, eng muhimi, fuqarolarni qiziqtiradigan muammolarni hal etishga qodirligi bilan belgilanadi.
Har bir partiya muayyan ijtimoiy qatlamga tayangan holda, ana shu toifa manfaatlarining himoyachisi sifatida o`zining aniq va ravshan harakat dasturiga ega bo`lishi kerak. Unda har qaysi partiyaning maqsad va vazifalari, jamiyat taraqqiyoti borasidagi muqobil takliflari o`z ifodasini topishi lozim.
Siyosiy partiyalarga qo`yiladigan talablar reytingida davlatning konstitutsiyaviy normalarini hurmat qilish va ularga rioya etish birinchi o`ringa qo`yilgan. Siyosiy partiya tushunchasi, agar bunday partiya huquqiy asosda, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro`yxatga olingan ustaviga muvofiq ish olib borsagina qo`llaniladi.
Siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asoslari Konstitutsiyamizning 34-moddasida, Siyosiy partiyalar to`g`risidagi Qonunda (1996 yil 26 dekabr) va siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risidagi Qonunda (2004 yil 30 aprel) ta`riflab berilgan. Davlat siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini kafolatlaydi, ustavda belgilangan maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va mansabdor shaxslarning siyosiy partiyalar ichki ishlariga aralashishlari yohud, agar faoliyat qonunga hamda o`z ustavlariga muvofiq amalga oshirilayotgan bo`lsa, ular faoliyatiga u yoki bu tarzda to`sqinlik qilishlari man etiladi.
Siyosiy partiyalar to`g`risidagi Qonunning 5-moddasida siyosiy partiyalarning davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashuviga yo`l qo`ymasligi belgilab qo`yilgan. Agar sovet davrida hukmron yakka hokim partiyaning rahbarlari o`z amrini davlat hokimiyati organlariga o`tkazgan, qonunlarni inkor etgan bo`lsalar, endilikda qonun bunday xatti-harakatlarning g`ayriqonuniyligini alohida belgilab qo`ygan.
Konstitutsiyaning 77-moddasi va Siyosiy partiyalar to`g`risidagi Qonun parlamentda va mahalliy xalq deputatlari Kengashlarida faoliyat yuritish uchun partiyalarga keng imkoniyatlar beradi. O`z vakillari ularga saylangan taqdirda, ular qonunchilik tashabbusi bilan chiqishlari, hukumatga va mahalliy davlat organlariga so`rov bilan murojaat etishlari, muhokama qilinayotgan kun tartibi bo`yicha partiya nuqtai nazarini tushuntirib berishlari mumkin.
Barcha siyosiy partiyalar jamiyatda obro`li kishilarga va yoshlarga tayanishga intiladi. Har bir siyosiy partiya barcha asosiy masalalar bo`yicha u yoki bu darajada hukumatni qo`llab-quvvatlashini va ularni amalga oshirish usullari to`g`risida takliflar bildirishda muayayn mustaqillikka egaligini e`lon qiladi.
Siyosiy partiyalarning rahbarlari va faollari o`zlarining shiorlariga fuqarolarning aksariyati loqaydligini va ularni saylovlarda qo`llab-quvvatlashga tayyor emasligini tan oladilar. Buni bartaraf etish uchun siyosiy partiyalar o`z rahbariyati tarkibiga yoshlarni kiritishni va ayni chog`da mahallalarda obro`li, partiya siyosatining targ`ibotchilari bo`lishga tayyor fuqarolarni jalb etishga intiladi. Shu maqsadda jamoatchilik fikri o`rganiladi, hamda xalq bayramlari va milliy bayramlar munosabati bilan ommaviy-siyosiy tadbirlar o`tkaziladi.
Ular xalq xokimiyat o`rtasidagi bog`lovchi bo`g`in vazifasini bajarishi lozim bo`lgan demokratik institutga tezroq aylanishi o`ta muhimdir. Modernizatsiya va islohotchilik g`oyalarini va ularni ro`yobga chiqarish dasturlarini ko`tarib chiqish borasida partiyalar o`rtasida chinakam kimo`zarlik, raqobat bo`lishi maqsadga muvofiqdir.
Amaldagi ko`ppariyaviylik – bu har xil qarash va g`oyalar o`rtasidagi bahs-munozara, turli partiyalar, jumladan, muxolif partiyalar uchun ham siyosiy raqobat maydoni demakdir.
6. Konstitutsiya va nodavlat notijorat tashkilotlari tizimini rivojlantirish
Fuqarolarning siyosiy faolligi ularning partiyalardagi a`zoligi orqali ham, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati orqali ham, garchi u hokimiyat vakillik organlariga saylovlarda qatnashmay, siyosiy va mafkuraviy kurashdan chetda tursada, ro`yobga chiqarilishi mumkin.
Jamiyat hayotida nodavlat va jamoat tizimlarining mavqei o`sib bormoqda. So`nggi yillarda jamoat birlashmalari va nodavlat tashkilotlari soni 5000 tadan oshdi. ”Ular faqat aholi fikrining turli ko`rinishlarini ifoda etib qolmasdan, odamlarning ijtimoiy fikrini shakllantirishga ham faol ta`sir ko`rsatmoqda”1.
O`zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari shakllanayotgan fuqarolik mexanizmidir. Fuqarolar yoki yuridik shaxslarning tashabbusi bilan tuzilgan bu ko`ngilli, o`zini o`zi boshqaruvchi tashkilotlar xilma-xilligi bilan farqlanadi. Barcha nodavlat va jamoat birlashmalarini bir necha guruhlarga bo`lish mumkin:
Birinchi guruh: aholi muayyan yirik toifalarining ijtimoiy manfaatlarini ko`zlab ishlashga ixtisoslashgan hukumatga qarashli bo`lmagan umummilliy tashkilotlar. Bunday tashkilotlar jumlasiga: “Mahalla” jamg`armasi, O`zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Nogironlar uyushmasi, “Kamolot” yoshlar jamg`armasi, “Nuroniy” faxriylar jamg`armasi kiradi.
Ikkinchi guruh: ixtisoslashgan milliy va xalqaro jamg`armalar: “Ekosan”, “Sog`lom avlod uchun” jamg`armasi, Amir Temur madaniy-tarixiy jamg`armasi, matbuotni demokratlashtirish va jurnalistlarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi, Orolni qutqarish jamg`armasi, Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniyat va fan arboblari anjumani.
Uchinchi guruh: hukumatga qarashli bo`lmagan huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar: Shaxs huquqlarini himoya qilish qo`mitasi, Inson huquqlari va gumanitar huquqni o`rganish markazi, sudyalar va advokatlar assosatsiyalari.
To`rtinchi guruh: milliy madaniyat markazlari (yuztadan ziyod), O`zbekistonda yashovchi milliy (ozchilikni tashkil etuvchi) jamoalar vakillarini madaniyati, ma`naviyati, urf-odatlarini saqlab qolish maqsadida birlashtirgan.
Oltinchi guruh: umummilliy xayriya jamiyatlari, jamg`armalari: Bolalar jamg`armasi, bolalar uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy himoya qilish jamg`armasi,. Respublika talabalar jamg`armasi.
Yettinchi guruh: ijtimoiy ahamiyatli va ijodiy qiziqishlar bilan bog`liq, asosan, ekologiya masalalari bo`yicha mahalliy birlashmalari: sayyohlik va badiiy havaskorlik klublari, nogiron bolalar ota-onalarining birlashmalari.
Sakkizinchi guruh: jamoat muassasalari: “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi, Jurnalistlarni tayyorlash xalqaro jamoatchilik markazi, shuningdek Samarqanddagi mushkul vaziyatlarda ayollar va o`smirlarga ruhiy yordam ko`rsatish bilan shug`ullanuvchi “Sabr” ishonch markazi kabi hukumatga qarashli bo`lmagan mahalliy ijtimoiy muassasalar.
Qisman hukumatga qarashli holda (davlatning tashkiliy va moddiy-moliyaviy qo`llab-quvvatlashida) tuzilgan bir qator jamg`armalar, markazlar va jamiyatlarning hukumatga qarashli bo`lmagan tashkilotlarga aylanishini tendensiya sifatida e`tirof etish mumkin. Bu O`zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari harakatining shakllanishiga xos xususiyatdir.
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
O`z ustavi Konstitutsiya va qonun hujjatlariga muvofiq bo`lgan taqdirda uni adliya organlarida ro`yxatdan o`tkazish huquqiga ega.
O`zining ijtimoiy ahamiyatli loyihalarini amalga oshirish uchun har qanday qonuniy asosda ishlab turgan dunyoviy tashkilot va fuqarolardan homiylik yordami olishi mumkin.
Mamlakat mintaqalarida o`z filiallari yoki boshqa tarkibiy bo`linmalarin tuzadi, boshqa nohukumat tashkilotlarning muassislari bo`lishi mumkin.
Ijodiy, xayriya, madaniy-ma`rifiy axborotga oid, ijtimoiy ko`maklashuvga oid va jamiyat uchun foydali boshqa faoliyatni amalga oshiradi
Zaruriyat bo`lganda muhtoj fuqarolar yoki boshqa nohukumat tashkilotlarni huquqiy jihatdan qo`llab quvvatlaydi.
O`z ustavi doirasida xalqaro faoliyat bilan shug`ullanishi va chet el nodavlat tashkilotlari bilan aloqa bog`lashi mumkin.
Davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov kompaniyalarida yoki boshqa siyosiy faoliyatda ishtirok etmaydi.
Odamlar sog`lig`i va ruhiyatiga zarari, O`zbekiston Respublikasi xalqininig ma`naviy va madaniy qadriyatlariga putur yetkazishga qaratilgan faoliyat olib bormaydi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirishning yaqin istiqbollari qanday? Nodavlat notijorat tashkilotlar shahar va mahallalarda, shuningdek, yoshlar, ayollar, nafaqaxo`rlar o`rtasida jadal rivojlanadi. Nohukumat tashkilotlarning hokimliklar tomonidan qo`llab quvvatlanadigan ijtimoiy loyihalari ommaviylashadi.
“Shuni alohida ta`kidlash kerakki, nodavlat va jamoat tashkilotlarining rivojlangan tizimi jamiyat manfaatlari uyg`unligini qaror toptirish va mustahkamlashga xizmat qilishi lozim. Bu tizim davlat tuzilmalari faoliyatini muayyan ma`noda to`ldirishi, ularga nisbatan ma`lum bir muvozanatni ta`minlovchi vazifani bajarishi lozim”.
7. Mahalla va o`zini o`zi boshqarish organlari: demokratlashtirish va zamonaviylashtirish
O`zbekistonda isloh qilinayotgan siyosiy tizimda paydo bo`layotgan yangilanishlar bilan bir qatorda, ko`nikib qolingan ijtimoiy tuzilmalar ham bemalol amal qilmoqda. Ular yangiliklar ta`sirida o`zgarayapti, shuningdek biz xohlasak-xohlamasak, jahondagi demokratlashtirish tajribasini qo`llashga ta`sir ko`rsatadi. Bu ko`p avlodli(katta oila), tengdoshlar va hamyurtlarning uyushmasi (gap, jo`ra), qo`shnilarning hududiy jamoasi-mahalladir. Mahalla O`zbekistonda ko`p ming yillik tarixga ega bo`lib, hozirda uning maqomi shaharlar va qishloqlarda ma`muriy munosabatlarni demokratlashtirish asosi sifatida zamonaviylashmoqda.
Sovet davrida avvalo yakka tartibda qurilgan uylarda va shaharning eski qolgan qismlarida yashovchi (shu jumalan ko`p millatli) aholi o`rtasida ishlab turgan mahalla tizimining huquqlari cheklangan edi. Biroq mahallalar birdamlik va o`zaro yordam muammolarini ancha samarali hal qilar edi va shu asnoda insonparvarlik munosabatlari saqlanib qolgan edi. Endilikda sanoat shaharlarining ko`p qavatli dahalari va ko`chalari aholisi ham mahalla bo`lib yashashning tashkiliy va madaniy tamoyillariga ko`ra birlashdilar.
Fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari vakillik va ijro etuvchi hokimiyatga nisbatan demorkatik posangi bo`lish va tiyib turish tizimida mas`uliyatli o`rin tutadi. O`zini o`zi boshqarish organlari mahallalardan kelib chiqqan. 1993 yil 2 sentabrda qabul qilingan Qonun belgilaydiki, qishloq va ovullarda, shuningdek shaharlardagi turar joylarda fuqarolarning yig`inlari o`zini-o`zi boshqarish organlari hisoblanadi. Ular 2,5 yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi. 2004 yil 29 aprelda ”Fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to`g`risida” Qonun qabul qilindi.
Fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari qanday ishlar bilan shug`ullanadi?
Birinchidan, fuqarolarga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish borasidagi huquqlarini ro`yobga chiqarishda ko`maklashadi.
Ikkinchidan, o`z hududida ijtimoiy va ommaviy tadbirlarni o`tkazish, qonunlarni ijro etishda davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga ko`maklashish maqsadida fuqarolarni uyushtiradi.
Uchinchidan, millatlararo totuvlik bo`lishiga ko`maklashadi negaki ko`pgina aholi punktlarining etnik tarkibi xilma-xildir.
To`rtinchidan, fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari o`z mulki, moliyasi, budjetiga ega, kichik korxonalar, kooperativlar, ustaxonalar, hunarmandchilik sexlari tashkil etadi, ana shu maqsadlar uchun bank krediti oladi.
Beshinchidan, fuqarolar yig`inining eng e`tiborli vakolatlaridan biri-oqsoqollarning korxonalarga, muassasalarga, fuqarolarga egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga yer berish to`g`risidagi qarorlarini tasdiqlashdir.
Oltinchidan, fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarishi orqali davlatning ijtimoiy yordamidan foydalanishni huquqiy rasmiylashtirish va ijtimoiy yordamni o`ta nochor aholiga taqsimlash amalga oshiriladi.
Yashash joylarida aholi o`rtasidagi hukumatga qarashli bo`lmagan barcha ishlar tizimini butun mamlakatda o`z bo`limlariga ega bo`lgan nufuzli « Mahalla» jamg`armasi uyushtiradi.
Oqsoqol davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, sud idoralarida, yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari manfaatlarini himoya qiladi. Oqsoqol-tuman va shaharlar bo`g`inidagi davlat xizmatchilari bilan samarali hamkorlik qilish vakolatiga ega bo`lgan jamoat arbobidir. Hokimlar, qoida tariqasida, oqsoqollarning fikriga e`tibor bilan qaraydilar.
Joylarda budjetni shakllantirishda mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga ko`proq o`rin berilishi zarur. Fuqarolarning o`zini-o`zi boshqaruvi rahbarlarining ijtimoiy va ishchanlik madaniyatini oshirish maqsadida keng jamoatchilik ishtirokida ularni attestatsiyadan o`tkazadi. Mahallalarning rasmiy sardorlari albatta yoshi ulug` kishilar bo`lishi kerak deb o`ylamaslik lozim. To`g`ri, ularning mutlaq ko`pchiligi 40 yoshdan oshgan, lekin 65-70 yoshdan yuqori emas. Shunday holatni kuzatish mumkin: agar oqsoqollikka ancha keksa kishi saylangan bo`lsa, uning maslahatchilari orasida o`rta yoshli kishilar ko`proq bo`ladi. Va aksincha: o`rta yoshli oqsoqollarning maslahatchilari-ko`proq keksalar. Bu kishilar ko`chalar, ko`p qavatli uylar yoki an`anaviy mahallalarda qarindosh oilalar birlashmasi vakillaridir. Xulosa qilib, O`zbekiston jamoasini oilalar birlashmasi deb qarash mumkin.
Dostları ilə paylaş: |