Xalqaro va milliy iqtisodiy xavfsizlik, uning vazifalari va funksiyalari Mamlakatimizda ochiq iqtisodiyotning shakllanishi va uning rivojlanish istiqbollari ustuvor darajada jahon xo’jaligi tizimiga kirib borishiga bog’liqdir. Hozirgi davrda O’zbekistonni mustaqil davlat sifatida dunyodagi 150 dan ortiq davlat tan oldi. O’zbekiston xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda faol ishtirok eta boshladi. Jumladan, O’zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqtisodiy muassasalari, Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Fondi, Xalqaro Mehnat Tashkiloti, Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo’lganligi quvonarli holdir.
Shuningdek, O’zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo bo’lib kirdi va mazkur tashkilot doirasida dunyo dengiz portlari, mamlakatlararo transport tarmoqlari, jahon tovar va capital bozorlariga chiqish imkoniyatini beradigan xalqaro yo’llarni qurish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda faol qatnashmoqda. Mamlakatimizni xalqaro savdo tizimiga integratsiyalshuvining quyidagi shart-sharoit yaratish lozim:
iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, shu jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish;
rivojlanish strategiyasini shakllantirish, xalqaro marketingni yo’lga qo’yish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni, shu jumladan, xalqaro savdoni tartibga solish va qo’llab quvvatlash;
xalqaro savdoni moliyalashtirish va infratuzilmani shakllantirish;
malakali kadrlarni tayyorlash
Mamlakatning jahon xo’jalik tizimiga kirib borishi va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarga, shu jumladan, Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo’lishi jarayonlarida xavfsizlikni ta’minlash uchun vatanimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar raqobatbardoshligini yuksaltirish chora tadbirlarini amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Barqaror iqtisodiy o’sish va xavfsizlikni ta’minlash hamda jahon xo’jalik tizimida mamlakatning raqobatbardoshligini oshirish uchun qyidagi makroiqtisodiy shart-sharoirtlar yaratilishi lozim bo’ladi:
yillik inflyatsiya darajasini 3-4 %ga tushirish;
iqtisodiyotdagi soliq yukini yanada pasaytirishga erishish;
milliy valyuta barqarorligini ta’minlash;
bank tizimi va iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirishni davom ettirish;
mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni yanada chuqurlashtirish asosida iqtisodiyotda davlat ulushini 15-18 %gacha kamaytirish, xususiylashtirilgan korxonalar faoliyati samaradorligi oshirishga erishish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish asosida ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 60%ga etkazish;
erkin iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, bozor infratuzilmasini jadal rivojlantirish;
davlatning iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirib boorish orqali iqtisodiyotni tartibga solishning bozor va davlat mexanizmlarini uyg’unlashtirish;
intitutsional islohotlarni amalga oshirish orqali iqtisodiyotni ma’muriy asosda boshqarishdan voz kechib, uni iqtisodiy vosita va dastaklar orqali tartibga solish mexanizmini shakllantirish;
milliy iqtisodiyotning jahon xo’jalik tizimida mustahkam o’rin tutishiga erishish, milliy mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish.
Milliy xavfsizlikning muhim tarkibiy qismi, uni ta'minlashning eng muhim sharti yoki omili, ko'rsatkichi iqtisodiy xavfsizlikdir. «Iqtisodiy xavfsizlik» tushunchasi eng umumiy tarzda mamlakatning moddiy va nomoddiy, qayta tiklanadigan va tiklanmaydigan iqtisodiy salohiyatini ifodalaydi.
Iqtisodiy xavfsizlik tamoyillari sifatida ijtimoiy-iqtisodiy tizim ahvolining quyi chegarasini ifodalovchi ko'rsatkichlar qo'llaniladi. Mazkur quyi chegaralardan past ko'rsatkichlarda iqtisodiy tizim uchun tahdidlar vujudga keladi, hatto bu tizimning buzilishi, degradatsiyasi yuz bera boshlaydi. Ushbu quyi chegarani va uning miqdoriy o'lchamlarini aniqlash, belgilash uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim bo'ladi:
milliy iqtisodiyot hamda iqtisodiy tizim faoliyatining asosiy sharoitlarini o'rganish va ularni tavsiflovchi ko'rsatkichlarni aniqlash;
milliy iqtisodiyotni tanglikka va beqarorlikka olib keluvchi omillarni aniqlash;
turli tanglik, xavfli holatlar yuzaga kelishining tartibi va imkoniyatlarini baholash;
xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga xavf soluvchi tahdidlarning oldini olish yo'llarini aniqlash.
Iqtisodiy xavfsizlikning namoyon bo'lish shakllari va ko'rsatkichlari
Iqtisodiy adabiyotlarda xavfsizlik xo'jalik faoliyati sohalarida yuzaga kelishi nuqtayi nazaridan asosan uch yo'nalish, ya'ni ishlab chiqarish-xo'jalik, xo'jalik-iste'mol va moliyaviy sohalar bo'yicha turkumlanadi. Ushbu uch yo'nalish barcha mamlakatlar uchun umumiy bo'lgani bilan, ayrimlari uchun qo'shimcha yo'nalishlar ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiy xavfsizlikning namoyon bo'lish shakllarini uning subyektlari va obyektlari nuqtayi nazaridan turkumlash mumkin. Iqtisodiyot subyektlari nuqtayi nazaridan iqtisodiy xavfsizlik quyidagi shakllarda namoyon bo'ladi:
shaxsning iqtisodiy xavfsizligi;
korxona (firma)ning iqtisodiy xavfsizligi;
davlatzing iqtisodiy xavfsizligi.
Shaxsning iqtisodiy xavfsizligi uning hayotiy manfaatlarining, ya'ni yashash va shaxsiy dahlsizlik, erkin mehnat qilish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish, mulkdor bo'lish, hayotiy iste'mol ehtiyojlarini qondirish, salomatligini saqlash, bilim olish va kasbga ega bo'lish, qariganda va mehnat layoqatini yo'qotganda ijtimoiy ta'minot olish huquqlarining himoyalanganligini ifodalaydi.
Davlat tomonidan iqtisodiy xavfsizlikni ta'minlash maqsadi va vazifalari.
Davlatning iqtisodiy xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha faoliyati quyidagilami o'z ichiga oladi:
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tizimi hamda davlatning barqarorligiga xavf tug'diruvchi omillarni aniqlash va monitoring qilish;
ushbu omillarning zararli, salbiy ta'siriga barham berish yoki yumshatishga qaratilgan iqtisodiy siyosatni shakllantirish va institutsional o'zgarishlarni amalga oshirish.
Iqtisodiy xavfsizlik davlat strategiyasida erishiladigan pirovard maqsad va uni amalga oshirish bosqichlari o'z ifodasini topishi lozim. Shu davrda iqtisodiy xavfsizlikni ta'minlashning kafolati bo'lgan davlatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo'ladi:
xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha xo'jalik va siyosiy xarakterdagi qarorlarni qabul qilish;
ijtimoiy jarayonlarni boshqarish mexanizmiga tahdidlar-ning paydo bo'lganligi to'g'risida signal beruvchi indikatorlarni kiritish;
iqtisodiy tahdidlarni yumshatish, bartaraf etish, neytral-lashga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishni amalga oshirish.
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi doimo uzoq muddatli milliy davlat manfaatlariga asoslanadi.
Iqtisodiy xavfsizlik – iqtisodiy kategoriya hisoblanadi. U iqtisodiyotning barqaror iqtisodiy o’sish ta’minlangan, ijtimoiy ehtiyojlar optimal darajada qondirilgan, ratsional boshqarish amalga oshirilgan, milliy va xalqaro darajalarda iqtisodiy manfaatlarning himoyalangandagi holatini ifodalaydi.
Iqtisodiy xavfsizlik – bu iqtisodiyotning shunday holatidirki, bunda uning barqaror o‘sishi, ijtimoiy ehtiyojlarning maqbul darajada qanoatlantirilishi, boshqaruvning yuksak sifati, iqtisodiy manfaatlarni milliy va xalqaro darajalarda himoyalash ta’minlanadi. Iqtisodiy xavfsizlik milliy xavfsizlikning eng muhim elementi, moddiy bazasi hisoblanadi. Iqtisodiy xavfsizlik iqtisodiyot nazariyasi va siyosatshunoslikning sintetik kategoriyasi bo’lib, iqtisodiy tobelik va mustaqillik, barqarorlik va himoyasizlik, iqtisodiy suverenitet hamda iqtisodiy bosim o’tkazish, shantaj qilish, majburlash va tajovuzkorlik kategoriyalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Iqtisodiyotga oid adabiyotlarda iqtisodiy xavfsizlik jamiyat, davlat va iqtisodiyotning maqbul nisbatiga bog’liq bo‘lgan xususiyat sifatida ifodalanadi.
Iqtisodiy xavfsizlik kategoriyasini ta’riflash uchun, eng avvalo, iqtisodiyotning normal ishlashini belgilovchi omillarning majmuasini aniqlab olish, shundan keyingina uni umumiy, milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan sistema sifatida hamda milliy xavfsizlikning alohida ajralgan qismi emas, balki uning uzviy tarkibiy qismi sifatida qarash kerak. Bu borada mashhur rus olimi N.M.Kalinina shunday deydi: “Iqtisodiy xavfsizlik bu mamlakat iqtisodiyotida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida ichki va tashqi iqtisodiy xavf-xatarlarga qarshi tura olish salohiyatidir”
Hozirgi paytda iqtisodiy xavfsizlik bu – mamlakat iqtisodiyotini doimiy barqaror rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan choratadbirlarning umummilliy majmuasi bo‘lib, u albatta davlatning ijtimoiysiyosiy barqarorligi va mustaqilligini hamda tashqi va ichki tahdidlarga qarshi turish mexanizmini ko‘zda tutadi. Ilmiy adabiyotlarda va darsliklarda «iqtisodiy xavfsizlik» tushunchasining turlicha talqinlari berilgan. Bir guruh olimlar mazkur tushuncha mazmunini mamlakatning yetarli mudofaa salohiyatini, davlat siyosatining ijtimoiy yo’naltirilganligini, milliy manfaatlarni himoya qilishni kafolatlashga qodir bo‘lgan iqtisodiyot va hokimiyat institutlarining ahvoli sifatida ta’riflaydi.
Boshqa bir guruh olimlar esa o‘rganilayotgan tushunchani hokimiyat institutlarining iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan, milliy manfaatlarni himoya qilish va ro‘yobga chiqarish hamda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligini ta’minlash mexanizmlarini yaratishga qodirligi va tayyorligi, deb talqin qiladilar. A.Isaxodjaev va A.Rasulevlarning fikricha, iqtisodiy xavfsizlik bu faqat milliy manfaatlarni himoya qilishdan iborat bo‘lmay, davlat hokimiyati institutlari, ijtimoiy assotsiatsiyalar, xususiy sektorning mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining milliy manfaatlarini amalga oshirish va himoya qilish mexanizmini yaratish, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligini ta’minlashga tayyorligi va qobiliyatidir.
“Iqtisodiy xavfsizlik” deganda iqtisodiyotning mamlakat ijtimoiy, siyosiy va mudofaa qobiliyatining yetarli darajasini ta’minlash imkonini beradigan holati tushuniladi. “Iqtisodiy xavfsizlik” – bu xalqning (davlat orqali) mustaqil ravishda, tashqaridan bo’ladigan aralashish va tazyiqlarsiz o‘z iqtisodiy taraqqiyot yo‘li hamda shakllarini belgilashidir. Iqtisodiy xavsizlikning turlari va tarkibiy elementlari iqtisodiy xavfsizlik o‘zining obyekt va subyektlariga ega bo‘lib, uning obyekti deganda mamlakatning iqtisodiy tizimi hamda uni tashkil etuvchi elementlari tushuniladi. Iqtisodiy xavfsizlik obyektlariga quyidagilar kiradi:
tabiiy boyliklar;
inson resurslari, mehnatga layoqatli aholi;
ishlab chiqarish fondlari;
ko’chmas mulk;
moliyaviy resurslar;
xo’jalik tizimlari;
mintaqalar;
oila;
inson.
Iqtisodiy xavfsizlik subyektlari quyidagilardan iborat:
funksional va tarmoq vazirliklari hamda idoralari;
soliq xizmatlari;
bojxona xizmatlari;
banklar;
birjalar;
sug’urta kompaniyalari;
qonun chiqaruvchi organlarning tegishli qo’mita va komissiyalari;
mahsulot ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar, ish va xizmatlar ko‘rsatuvchilar;
iste’molchilar jamiyatlari.
Iqtisodiy xavfsizlik darajalari L.Abalkinning ta’kidlashicha, mamlakatning o‘z-o‘zidan rivojlanish va taraqqiy etishga qodirligi ayniqsa hozirgi paytda o‘ta muhimdir. Investitsiya va innovatsiyalar uchun kerakli muhitni yaratish, ishlab chiqarishni muntazam modernizatsiya qilish, xodimlarnining bilim, kasbmalaka, umumiy madaniy darajasini oshirish kabilar milliy iqtisodiyotning barqarorligining zarur va muhim shartlaridan biri bo’lib hisoblanadi.
Iqtisodiy xavfsizlik va yagona davlat siyosatiga, shaxs, jamiyat va davlat xayotiy manfaatlariga mos iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy va boshqa choralar tizimi orqali erishiladi. Iqtisodiyot sohasida mamlakatning milliy manfaatlarini himoya qilish davlat tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishi hisoblanadi. Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy vazifalari quyidagilardir:
iqtisodiyotning xalqaro integratsiyasi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
tovar va xizmatlarni sotish (o‘tkazish) bozorini kengaytirish;
MDHga a’zo mamlakatlarning umumiy iqtisodiy makonini yaratish. Jahon tovar va xizmatlar bozoridagi raqobat kuchaygan sharoitda O‘zbekiston tadbirkorlarining manfaatlari himoyasini kuchaytirish zarur.
Mamlakatning tashqi qarzlarga bog‘liqligini kamaytirishda muvozanatlashgan kredit-moliya siyosatini amalga oshirish alohida o‘rin tutadi. Strategik tabiiy resurslar konlarini, shuningdek, telekommunikatsiyalar, transport va tovar o’tkazuvchi tarmoqlarni xorijiy kompaniyalarga foydalanish uchun berishda cheklovlar belgilash zarur.
Iqtisodiy xavfsizlikni asosiy obyektlari - shaxs va uning xuquq erkinliklari, uning moddiy va ma’naviy qadriyatlari, davlat va uning konstitutsiyaviyligi turar-joy tizimi, suverenitet va xududiy yaxlitlik. Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash ichki iqtisodiy siyosatda quyidagi yo‘nalishlardan foydalanishni taqozo etadi:
iqtisodiyotning davlat tomonidan boshqarilishini kuchaytirish;
islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash hamda mamlakat qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilishning samarali mexanizmini yaratish;
ilmiy-texnikaviy, texnologik va ishlab chiqarish salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish choralarini ko‘rish;
fan yutuqlaridan foydalanishga asoslangan tarmoqlar va ishlab chiqarishni ilgarilama rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiyot tarkibidagi buzilishlarini eliminatsiya qilish;
investitsiya va innovatsiya sohasidagi faollikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni oshirib borish;
raqobatbardosh tarmoqlar va ishlab chiqarish sohalarini, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ustuvor yo‘nalish sifatida rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish;
moddiy va moliyaviy resurslarni fan va texnikaning ustuvor yo‘nalishlariga jamlash;
mamlakatdagi yetakchi ilmiy maktablarni qo‘llab-quvvatlash.
Iqtisodiy xavfsizlik deganda, iqtisodiyotning shunday ahvolini tushunish kerakki, bunda unga tanazzulga yuz tutish samaradorlik darajasining pasayishi kabi xavflar taxdid qilmaydi, u inqirozga yo‘liqqan taqdirda ham tezda qayta tiklanish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Uning bu qobiliyati takror ishlab chiqarishni bir maromda borishini bildiradi, Bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy xavfsizlik kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni taqozo etadi. Iqtisodiy xavfsizlik strategiyasini ishlab chiqish, unga siyosiy va xo‘jalik qarorlarini qabul qilish jarayonida normativlik xususiyatini berish, ijtimoiy jarayonlarni boshqarish mexanizmiga tahdidlarning paydo bo‘lganidan xabar beruvchi indikatorlarni kiritish, ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali choralar — bularning hammasi davlat siyosatining yo‘nalishlarini tashkil etadi. Barqarorlikni ta’minlashning asosiy vositasi qarshilik ko‘rsatayotgan kuchga qarama-qarshi kuch yaratishdir.
Xulosa qilib ta’kidlash kerakki, jahon iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatiga jamiyat xo‘jalik faoliyatining har qanday sohasidagi va ishlab chiqarish munosabatlarining har qanday darajasida iqtisodiy xavfsizlik muammolarining mavjudligi xosdir.Bularning barchasi to‘la darajada respublikamizdagi vaziyatga ham taalluqli. Shuning uchun, bizningcha, jamiyatimiz iqtisodiy rivojlanishida iqtisodiy xavfsizlik-ning ustunligi umuminsoniy qadriyatlar bilan ham, O’zbekistonning milliy xususiyatlari bilan ham ajralib turadigan ishlab chiqarish munosabatlari tizimining barcha tarkibiy qismlarida saqlanib qoladi.
Bu mamlakatda davlatning ham oddiy, ham ekstremal sharoitlarda faoliyat ko‘rsatishi uchun hayotiy jihatdan muhim bo‘lgan, tashqi ta’sirga bog‘liq bo‘lmagan holda takror ishlab chiqarishni ta’minlay oladigan tarmoqlar va ishlab chiqarish korxonalari yetarlicha rivojlangan bo‘lishi kerakligini anglatadi. O‘zbekiston Respublikasi mamlakatda zarur darajada ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan iqtisodiyotning eng muhim turdagi mahsulotlar importiga nihoyatda tobe bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shu bilan birga, o‘z iqtisodiyotini tashqi iqtisodiy hamkorlik, ishlab chiqarishning xalqaro kooperatsiyasini inobatga olgan holda rivojlantirish zarur. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy xavfsizligining eng muhim talabi strategik resurslar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish, ularning O‘zbekiston milliy manfaatlariga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan hajmda olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir; – aholi turmushining maqbul (muvofiq) darajasi va uni saqlab qolish imkoniyati.